Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Bir savol so'rasam: Hizr alayhissalom kim, u odamlarga ko'rinadi-mi?

01.03.2021   2184   1 min.
Bir savol so'rasam: Hizr alayhissalom kim, u odamlarga ko'rinadi-mi?

— Ba'zilar Hizr buvani ko'rdim, deydi. Hizr buva o'zi kim va rostdan bor-mi? Odamlar ko'ziga ko'rinadi-mi?

— Qur'oni karimning “Kahf” surasida Hizr alayhissalom haqida qissa kelgan. Bu qissani ulamolarimiz “Muso alayhissalom va solih banda qissasi” deb ataydilar. Chunki Qur'onda Hizr alayhissalom “Hizr alayhissalom” nomi bilan atalmagan, balki “solih banda” deb atalgan.

“Kahf” surasida kelgan oyatlarning tafsirida Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda solih banda “Hazr” deb ataladi, biz “Hizr” deb o'rganib qolganmiz. Ana shundan Hizr alayhissalom borligi, Qur'onda “solih banda” nomi bilan esga olinganligi va sahih hadislarda “Hizr” nomi bilan tanilganliklari, mashhur bo'lganliklari kelib chiqadi.

“Hizr alayhissalom bor, doim bo'ladi, odamlarga ko'rinib turadi”, degan ulamolarimiz ham bor. Bu gapni ko'proq ahli tasavvuflar aytishadi. Lekin ochiq-oydin Hizr alayhissalomning barhayot ekanliklari, qiyomatgacha boqiy qolishlari va odamlarga ko'rinib turishlari to'g'risida na Qur'onda va na hadislardan dalil keltira olmaydilar. Agar mabodo hozirgi kundagi ba'zi bir kishilar dalil keltirishayotgan bo'lsa ham, u dalillar noto'g'ri, to'qima va zaif hadislardan olinganligi ma'lum.

Har kim Alloh taoloning O'zidan hojatini so'rab boraversa, yaxshi bo'ladi. Hizr alayhissalomni ko'rib, u kishidan biror narsa so'rash ma'nosidan ko'ra afzali shu. Ibodatlarni vaqtida ado qilib, namozlarni ixlos bilan o'qib, duo qabul bo'lish shartlarini o'rganib, Allohning O'zidan so'rash tajribadan o'tgan haqiqat hamdir. Alloh taolo barchamizning hojatlarimizni ravo qilsin!

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

14.07.2025   580   1 min.
AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

2025 yil 19 iyul shanba kuni AQSHning Jorjiya shtati poytaxti — Atlanta shahrida ilk bor halol taomlar festivali bo‘lib o‘tadi. Mashhur “Atlantic Station” maydonida tashkil etiladigan festivalda 50 dan ortiq halol taom mahsulotlari sotuvchisi ishtirok etishi kutilmoqda.


Festival ishtirokchilari tomonidan Yaman, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, hatto O‘zbekiston oshxonalariga xos kabob, burger, dukkaklik mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar (falaful) va turli xil shirinliklar taklif etiladi.


Ushbu tadbir Atlanta musulmonlari festivallari uyushmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda. Festival ayni paytda shahardagi AQSH bojxona va migratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari orasida muhojirlar madaniyatini nishonlash imkonini ham yaratadi.


Festival tashabbuskorlaridan biri — Hasaneyn Lakhani bunday dedi:

 
“Atlanta shahrida ilk halol ovqat festivalini o‘tkazish — juda ham hayratlanarli va ajoyib fikrdir. Men bu shaharda doimiy istiqomat qiluvchi sifatida musulmon jamoasiga yaqinligimni har doim his qilganman. Ramazon ovqat festivallari kabi kichik tadbirlardan to oshxona va ko‘chmas mulk sohalaridagi faoliyatgacha ishtirok etib kelaman”.


Uning ta’kidlashicha, festival – musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar uchun bir joyda to‘planib, shaharning madaniy xilma-xilligini nishonlash, shu bilan birga musulmonlar turmush tarzi va halol taomlar bilan tanishish imkonini beradi.

 
Lakhani Atlanta yaqinidagi Lorensvill shahrida joylashgan “BurgerFi” restorani sohibidir. U, shuningdek, ushbu restoran — Gruziya shtatidagi yagona halol sertifikatiga ega burger shohobchasidir.

Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.

Dunyo yangiliklari