(Davomi, 1-qism, 2-qism, 3-qism, 4-qism)
Sokinlik – sirli xilqat. Ummonlarga xos bir umumiyat bor: suv havzasining tubi qancha chuqur bo'lsa, sathi shunchalik tinch, osoyishta bo'ladi. Vaholanki, u bag'ridagi mislsiz tug'yonlar, to'fonlarni yashirib yashaydi. Muftiy hazratning xizmatlarida bo'lganimda, u kishining tabiatida ham ana shunday manzarani kuzatganman. Hazrat xokisor, kamtar, g'azabi uncha-munchaga chiqmaydigan, kechirimlik va gina-kuduratdan anchagina xoli fazilatlarga ega inson ekanliklariga hayotiy misollar asnosida amin bo'lganman.
Men hazratni ulkan bir mevali daraxtga o'xshataman. Ba'zida daydi shamolar bukmoqchi bo'lib shovullaganini, to'fonlar tag-tomiri bilan qo'pormoqchi bo'lib, dovul qoqqanining guvohiman. Har xil qushlar og'ushida in qo'yib, qo'nalg'a qurganlarini so'ng mevalarini cho'qib, shoxlariga ozor berganlariga shohid bo'lganman. Hazrat bir silkib barisini egnilaridan to'kib tashlasalar bo'lardi, biroq bunday qilmasdilar. “Chin taqvo botqoqdagi nilufar gulga qiyos: atrofing balchiq bo'lsa-da, o'zingni pok saqlay bilmog'ing darkor”, der edilar. U kishining sha'niga qanchadan-qancha tuhmatlar, asossiz bo'htonlar to'qimadilar deysiz. Mish-mishlar tarqatishdi. G'arazlarini g'aram qilib uyushdi.
Taajjub, hazrat shundoqqina tegrasida kechayotgan mana shu nohaqliklarga aslo e'tiborsiz yurar edilar. Mening sabrim chidamas, buning ziddiga biror-bir chora ko'raylik, deb qabullariga bir necha bor kirganman. Ammo u kishi menga dalda berib, shoshqaloq turgan hislarimni sokinlikka undar: “Dilmurodjon, hammasidan xabarim bor, qo'ying, qizishmang, Alloh kifoya qilsin!” deb qo'yar edilar. O'q otganga o'q otish, yo'qotmoqchi bo'lgan kaslarni yo'qotish fikrida yiroq edilar. Alloh o'z hifzu himoyatida tutsin sizni, hazrat!
Rahmatli Anvar qori hazratni benihoya hurmat qilar, u kishining zohirida har kim ham ilg'amaydigan bir shu'la, nur taratib turadi, deb gapirib yurardilar. Hazrat jamoat joylarida sokin, mulohaza va tafakkur og'ushida o'tirardilar. Atroflarida kazo-kazolar, turli darajadagi rahbar xodimlar eshonbobo yoki hazrat, deb qo'l berib ko'rishganlarida, iddaolari bo'lsa, xizmatlariga shay ekanliklarini bildirib, iltifot ko'rsatib, mulozamat qilgan vaqtlarida ham hazrat markazdagi mavqeidan g'ururlangan emaslar. Nim tabassum bilan, bosh irg'ab qo'yardilar, xolos. Bu holatni ta'riflab Anvar qori bir mashvaratda: “Dilmurod, hazratdagi bu sokinlik, salobat, ruhiy xotirjamlik – ilohiy, u har kimga ham berilmaydi” deganlari hamon yodimda. Misrda o'qigan paytimda o'sha paytdagi Azhar shayxi Jodul Haq Ali shunday ehtiromga muyassar bo'lganlarini ko'rganman. Basharti, ulug'larimizdan ulug'lanish ulgusini olaylik, azizlar. Odamiylik sifatlarini o'rganaylik – buning uchun esa ularni o'zimizdan uzoqlashtirish yo'lini emas, o'zimiz ularga yaqin bo'lish yo'lini tutishimiz darkor. Mana shu haqiqatni unutmaylik.
Gohida ba'zi mo'minlar, ahli ilmlar haqida noloyiq gaplarni gapirib yuborishadi. Bu illat qon-qonimizga singib ketgan qusur ekanini, unga qarshi har bir kishi o'zi bilan o'zi kurashmog'i lozimligini avvalboshda gapirib o'tgan edim. Illatni o'zimizdan itarishning eng maqbul yo'li Qur'oni karimga yondoshuvdir. Dinimiz talablariga iloji boricha amal qilish, xoh iqtisodiy, xoh ijtimoiy sohada bo'lsin, savdo-sotiq, madaniyat yoki ma'rifat yo'nalishida bo'lsin, halollik, parhezkorlikni saqlashga, namoyishkorlikdan tiyilishimiz lozim. Har qancha yaqin va ravon bo'lmasin, hasad ko'chasidan yurmaganimiz ma'qul. Burungi paytlarda buning imkoni yo'q edi. Muqaddas bu kitobga oshno bo'lish, avaxtadagi mahkumga qo'shni bo'lish bilan teng tushuncha hisoblanardi.
Bugun esa ahvol tamoman boshqacha. Qahratonning qahri yumshadi. Bir asrdan ortiqroq vaqt mobaynida dinimiz uchun bugungiday erkinlik zamoni bo'lmagan. Qur'oni karim, tarix, tafsir, hadis, fiqh – bularni o'rganamiz desak, shundoqqina kaftimizda turibdi, monelik yo'q. Bir paytlari biror-bir murakkab masalaga duch kelsalar yo'l yurib, uzoq masofa bosib ulamolarni axtarishgan. Sahobalar diniy ta'limotni yoyish uchun jonlarini jabborga berib, ter to'kkanlar. Hozir-chi, er yuzasining istalgan joyida o'qib-o'rganish, amallarga rioya etish, ibodat amallarini to'la-to'kis ado etish imkoniyati mavjud. Illo, dinimizning mag'zi ham ibodat emasmi? Alloh taolo ibodatni hammasidan afzal qo'ygani haqiqat–ku? Axir eslaylik: Payg'ambar alayhissalomning hayotlaridagi oxirgi vasiyat “namoz, namoz” so'zlari emasmidi? Qaysidir yurtdoshimiz, namoz o'qishni idrok etib, bomdod vaqtidan istalgan masjidga kirsa-yu va xufton namozigacha ibodatini qilsa, biror kishi bormikin, masjiddan chiqib ket, degan? Baralla aytish mumkin, yo'q! Shunday kunda o'zini o'ylash, ibodat va ilmni ko'chaytirib, Allohga qurbat qilish kerak emasmi? Qaysidir ahli ilmni gapirib yurish yoki bir-birlari bilan tortishish, munozara gohida janjallar bilan erishmoqchi bo'lgan "xizmat"imizga Allohning ehtiyoji bormi? Rag'bati-chi? O'y-fikrlaringni aytmoqchi, tushuntirmoqchi bo'lsang, qo'pollik bilan “jim”, "bas" deyishib, hatto adashganga chiqarib janjal boshlashadi. Vaholanki, oddiy bir sukutda qancha hikmat bor!
90-yillarda Toshkentga kelganman. O'sha paytda mashhur imomning bir ma'ruzasini eshitganman. Juda notiq, olim inson edi. To'qson daqiqalik kassetaning eng ta'sirli joyi hali ham yodimdan ko'tarilmagan, hozirgacha qulog'im ostida jaranglaydi. Bir sahobiy jang payti "La ilaha illalloh" degan odamni o'ldirib qo'yadi. Rasululoh sollallohu alayhi vasallam unga: "La ilaha illoloh", desa ham o'ldirdingmi?” deganlarida, u sahobiy: "Bu kalimani u qo'rqqanidan, o'limdan qutulib qolish uchun aytdi" deydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunda: "Sen uning qalbini yorib ko'rdingmi?" deb qattiq tanbih beradilar. Notiq inson bo'lganidan shunchalik tushuntirgan ediki, o'shani eshitganimdan beri musulmonning zohiri tugul, botiniga biron-bir yomon narsani aytmayman. Bu axir sir – Allohdan boshqa zot bilmaydigan jarayon. Shunday ekan, bilmagan narsalarimiz haqida munosabat bildirishdan tiyilganimiz ma'qul. Zotan, shunday insonlar borki juda ko'p ezgu amallarini xufyona tarzda bajaradilar. Olamga jar solmaydilar. Alloh bilsa bas, deydilar! Mana shu tarzdagi amallarga savob bisyor, aslida. Ba'zilari esa boshqalarga ibrat bo'lsin, deb qilgan ishlarini oshkor qilishadi. Bundan ko'zlangan asl maqsad oxiratda Allohning huzuriga yorug' yuz, haqiqiy banda bo'lib borish. Va hech kim Alloh kimning amalini olqishlashini bilmaydi, bu uning o'zigagina ayon! Mag'firatidan va mukofotidan mosuvo qilmasin ilohim, omin!
***
Hayrulla Hamidovni tanimaydiganlar yurtda kam bo'lsa kerak. E'tiqodi mustahkam, qanchalab insonlarni hidoyatiga sabab bo'lgan, dinimiz ahkomlarini ta'sirli so'z va notiqlik mahorati bilan sodda va ravon, ta'sirchan alfozda tushuntirish qobiliyatiga ega u. Gap-gashtaklarda birga o'tirib qolsak, uni ko'proq tinglashga harakat qilaman. Gaplari ifodali, tashbih va istioraga boy. Suhbat qursak, muloqoti fasohat va did bilan ziynatlangan bo'ladi. Bir kuni TV da "Shedevr" nomli ko'rsatuvini tomosha qilib qoldim. Italiyalik mashhur futbolchi Roberto Badjo haqida gapirdi. U Yevropada yashaydi. Dini boshqa, mentaliteti o'zga, urf-odati, axloqiy qarashlari va odob mezonlari biznikidan tamoman farq qiladi. Biroq u mana shu insonning odamiy va jismoniy sifatlarini shunchalar ta'rifladiki: “Hayrulla hozir Badjoni masjiddan olib chiqadi”, degan xayolga bordim. Qarang, ifoda imkoniyatini: bir g'ayridinga mo'minlarni do'st, muxlis qilib qo'ydi.
Yuqorida imkon darajasida jonli misollar keltirib, hayoti va faoliyati bilan ko'pga ibrat bo'lib kelayotgan ustoz inson, hazrat Usmonxon Alimov haqida hikoya so'zladim. Maqsad, o'sib kelayotgan avlod bundan ibrat olsa, to'g'ri xulosa chiqarsa – iymonli, e'tiqodli, yaxshiliklar ortidan quvadigan avlod bo'lib ulg'ayishiga mittigina hissa qo'shish edi – niyatlarimizga etkazgay, inshaallloh!
Dilmurod Qo'shoqov
Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan...” (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.
Joriya oyatning davomini o‘qidi: “...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir...”.
U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.
Joriya oyatning oxirini o‘qidi: “Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.
Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: “(Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay!” (Josiya surasi, 14-oyat).
Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.
Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.
Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.
Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.
Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.
Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.
Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.
Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.
So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.
Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.
Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.
So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:
- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.
Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:
- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.
Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.
Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.
Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.