Qadr kechasi eng ulug‘ kechadir. Chunki bu kechada Qur’oni karim nozil bo‘lgan.
Alloh taolo : “Albatta, biz u (Qur’on)ni qadr kechasida tushirdik”, deb marhamat qiladi. (Qadr surasi, 1-oyat).
Yana Alloh taolo ushbu surani davomida: “Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”, deb aytgan.
Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasida ekanligi sir tutilgan. Dastlab Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida, keyinroq esa toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytilgan. Oxiri u kechaning alomatlari aytilganidan so‘ng Qadr kechasi ramazonning 27 kechasi ekanligiga ishonch hosil qilingan.
"Tafsiri Qurtubiy" da aytiladi.
Alloh taolo bu kechani “qadr kechasi” deb nomlashining sababi shuki, bu kechada Alloh taolo kelasi yil uchun o‘lim, ajal, rizq va shu kabi ishlardan xohlaganini taqdir qilib, o‘lchab qo‘yadi. Bu ishlarni mudabbir farishtalarga topshiradi. Ular: Isrofil, Miykoil, Azroil, Jabroil alayhimussalomlardir.
Zuhriy va boshqalar: “ bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanishining sababi Qadr kechasining ulug‘ligi, qadirliligi, sharafliligidandir. Odamlar orasida “falonchining qadri bor” deyilganda martabasi ulug‘ligi tushunilgani kabi”, deganlar.
Bu kechada toat-ibodat qilishning qadri juda ham ulug‘ va savobi juda ham ko‘p bo‘lgani uchun bu kechani, “qadr kechasi” deb nomlangan, deyilgan.
Abu Bakr al-Varroq aytadilar: “ bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanishining sababi shuki, kimning qadr-qimmati, obro‘-e’tibori bo‘lmasa va bu kechni ibodat bilan bedor o‘tkazib chiqsa, u kishi bu kechada qadri baland kishiga aylanadi”, dedilar.
Bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanishi, Alloh taolo bu kechada qadri ulug‘ Kitob (Qur’oni kariym)ni qadri buyuk bo‘lgan Rosuli (Muhammad alayhissalom)ga, qadr egalari bo‘lgan ummatlariga yetkazishlari uchun nozil qilgani sababidandir, deyilgan.
Bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanishi, bu kechada Alloh taoloning qadrli va e’tiborli farishtalari yerga tushganligi sabablidir, deyilgan
Va yana: bu kechada Alloh taolo yer yuziga o‘zining xayr-baraka va mag‘firatni tushiradi, deyilgan.
Sahl rohimahulloh: “Alloh taolo bu kechada mo‘minlarga o‘z rahmatni taqdir qilib yozgani sababli, bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanadi”, deganlar.
Ushbu ma’nolardan ham bu kecha nihoyatda ulug‘ kecha ekanligini bilishimiz mumkin.
Alloh taologa shukrlar bo‘lsinki Muborak Ramazon oyining Qadr kechalariga ham yetib kelmoqdamiz. Bu kechani qadriga yetib, ibodat va duolar bilan o‘tkazishimiz, hamda ahlimiz va yoru do‘stlarimizni ham bu kechadan ogohlantirishimiz maqsadga muvofiqdir.
Alohida takidlashimiz kerakki, kadr kechasi degani bu ziyofat kechasi, mehmondorchilik kechasi, ulfatchilik kechasi degani emasdir. Oshna og‘aynilar bir bo‘lib, turli taomlani tayorlab, vaqtlarini behuda sarflab, bir yilda bir marotaba keladigan, duolar ijobat bo‘ladigan, eng ulug‘ kecha, qadr kechalarini fazilatini qo‘ldan boy bermasinlar. Balki bu kechani ixlos va muhabbat ila ibodat va duolar bilan bedor o‘tkazishga harakat qilsinlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollalohu alayhi vasallam:
Kimiki Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan qoim bo‘lib bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, - dedilar.
Hadisi shariyfda kechani ixlos va muhabbat ila qoim bo‘lib bedor o‘tkazgan kishiga gunohlari kechirilishini va’dasi berilyapti. Kechani bedor o‘tkazish namozlar o‘qish, Qur’on tilovatini qilish, tasbih va takbirlar aytish, tavbalar qilib istig‘for aytish kabi amallar bilan bo‘ladi. Xususan namozining qazosi borlar, albatta qazo namozlarini o‘qishni ko‘paytirishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kechani qoim bo‘lib bedor o‘tkazishning eng asosiy sharti xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qishdadir. Chunki hadisi shariyflarda, kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa kechani yarmini bedor o‘tkazgan bo‘ladi, deyilgan. Yana boshqa bir hadisi shariyflarda, kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa kechani yarmini bedor o‘tkazgan bo‘ladi, deyilgan.
Ushbu kechada ibodatlar bilan birga duolarni ham ko‘p qilishligimiz kerak. Nimalarni so‘rab duo qilishimiz haqida Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Allohumma innaka afuvvun tuhibbul afva fa’fu anniy” (Ey Alloh, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin), deb duo qiling”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Shunday ekan, bu muborak ming oydan ham yaxshiroq bo‘lgan qadr kechasini g‘animat bilib ko‘proq ibodat va duolar, tavba va istig‘forlar aytishga harakat qilaylik. Alloh taolodan amallarimizni qabul qilishini, duolarimizni ijobat etishini, hammamizni taqdirimizni oliy maqom etib ta’yin qilishni so‘rab iltijo qilaylik.
Barchalarimizga ushbu kecha muborak bo‘lsin!
Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi
Fazilatli shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadilar:
"Hindistonlik ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh haqida eshitgansizlar. Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh hind ulamolari orasida nihoyatda mashhur olim bo‘lgan. U zot rohimahulloh qirq yoshga yetmasdan, ya’ni o‘ttiz to‘qqiz yarim yoshda vafot etgan, qirqqa kirib ulgurmagan. Shunga qaramay, u juda ulkan ilmiy meros qoldirgan: uning yozgan asarlari 115 dan ortiq! Ularning ichida kichik risolalar ham, katta kitoblar ham bor. Ammo o‘sha kichik risolalarning o‘zi ham katta bir kitobning o‘rnini bosa oladigan darajada edi, chunki ularning har birida ma’lum bir ilmiy masala nihoyatda puxta va mukammal tarzda yoritib berilgan.
Buning sababi quyidagicha: Bir kuni o‘sha paytdagi Laknav amiri shayxning ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, unga chuqur sho‘ng‘ib ketgani va aqlbovar qilmas iste’dodi haqida xabar topadi va uni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Shayx amirning oldiga borgach, amir u zotga shunday deydi…
Uning shayxga nima deganini aytishdan avval ushbu voqeani hikoya qilib bergan hind ulamosi menga aytgan yana bir gapni zikr qilib o‘tay: "Biz olti kishidan iborat oila edik: ota-onam va to‘rt nafar farzand - jami olti kishi. Oyiga to‘rt rupiy bizga kifoya qilar edi". Mazkur ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy vafotidan o‘ttiz yil o‘tib tug‘ilgan. Ya’ni, o‘sha davrda to‘rt rupiy hozirgidan ancha katta xarid quvvatiga ega bo‘lib, avvallari bu pulga bugungi kundan ko‘ra ko‘proq narsa sotib olish mumkin edi. Shunga qaramay, bu kishi: "Bizning oilamizga oyiga to‘rt rupiy yetardi", deyapti...
Endi avvalgi gapimizga qaytsak: Shunday qilib Laknav amiri Shayx Abdulhayni huzuriga chaqirtirib, u zotga: "Men sizga o‘z hisobimdan oyiga to‘rt yuz rupiy maosh tayinlayman. Siz ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zingizni ilmga bag‘ishlang!" deydi.
Shayx bu voqeadan keyin ilmga butkul berildi va ana shunday buyuk natijaga erishdi! Ey yoshlar, e’tibor bering, aytilgan raqamlarni mulohaza qiling! To‘rt yuz rupiy shayx uchun naqadar katta mablag‘ bo‘lgan. Nega? Ayni mana shu narsa uchun - men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu: Tolibi ilmni o‘z kafilligiga olish, ya’ni ilm talab qiluvchini moddiy jihatdan ta’minlash!
Bu uning ilmga bo‘lgan ta’siridir. Tarix bizga buni real voqelik misolida ko‘rsatib bermoqda. Shu bois ushbu ishni barcha musulmonlar orasida, jumladan, boy-zodagonlar va ulamolar o‘rtasida yana qayta tiriltirishimiz kerakki, ular o‘zaro hamkorlik asosida shar’iy ilmlar uchun vaqf qo‘llab-quvvatlovini qayta tiklasinlar".
Muhaddis Muhammad Avvoma suhbatlaridan
HIM talabasi
Nazirxonov Hasanxo‘ja tarjimasi