Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Ming oydan ham yaxshiroq kecha!

16.05.2020   4836   5 min.
Ming oydan ham yaxshiroq kecha!

Qadr kechasi  eng ulug‘ kechadir.   Chunki bu kechada Qur’oni karim nozil bo‘lgan.

Alloh taolo : “Albatta, biz u (Qur’on)ni qadr kechasida tushirdik”, deb marhamat qiladi. (Qadr surasi, 1-oyat).

Yana Alloh taolo  ushbu surani davomida: “Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir”, deb aytgan.  

Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasida ekanligi sir tutilgan. Dastlab Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida, keyinroq esa toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytilgan. Oxiri u kechaning alomatlari aytilganidan so‘ng Qadr kechasi ramazonning 27 kechasi ekanligiga ishonch hosil qilingan.

"Tafsiri Qurtubiy" da aytiladi.

Alloh taolo bu kechani “qadr kechasi” deb nomlashining sababi shuki, bu kechada Alloh taolo kelasi yil uchun o‘lim, ajal, rizq va shu kabi ishlardan xohlaganini taqdir qilib, o‘lchab qo‘yadi. Bu ishlarni mudabbir farishtalarga topshiradi.   Ular: Isrofil, Miykoil, Azroil, Jabroil alayhimussalomlardir.

Zuhriy va boshqalar: “ bu kechani  “qadr kechasi” deb nomlanishining sababi Qadr kechasining ulug‘ligi, qadirliligi, sharafliligidandir. Odamlar orasida  “falonchining qadri bor” deyilganda martabasi ulug‘ligi tushunilgani kabi”, deganlar.

Bu kechada toat-ibodat qilishning qadri juda ham ulug‘ va savobi juda ham ko‘p bo‘lgani uchun bu kechani, “qadr kechasi” deb nomlangan, deyilgan.

Abu Bakr al-Varroq aytadilar: “ bu kechani  “qadr kechasi” deb nomlanishining sababi shuki, kimning qadr-qimmati, obro‘-e’tibori bo‘lmasa va bu kechni ibodat bilan bedor o‘tkazib chiqsa, u kishi bu kechada qadri baland kishiga  aylanadi”, dedilar.

Bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanishi, Alloh taolo bu kechada qadri ulug‘  Kitob (Qur’oni kariym)ni qadri buyuk bo‘lgan Rosuli (Muhammad alayhissalom)ga, qadr egalari bo‘lgan  ummatlariga yetkazishlari uchun nozil qilgani sababidandir, deyilgan.

Bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanishi, bu kechada Alloh taoloning qadrli va e’tiborli farishtalari yerga tushganligi sabablidir, deyilgan

Va  yana: bu kechada Alloh taolo yer yuziga o‘zining xayr-baraka va mag‘firatni tushiradi, deyilgan.

Sahl rohimahulloh: “Alloh taolo bu kechada mo‘minlarga o‘z rahmatni taqdir qilib yozgani  sababli,  bu kechani “qadr kechasi” deb nomlanadi”, deganlar.

 Ushbu ma’nolardan ham bu kecha nihoyatda ulug‘ kecha ekanligini bilishimiz mumkin.

Alloh taologa  shukrlar bo‘lsinki  Muborak Ramazon oyining Qadr kechalariga ham yetib kelmoqdamiz. Bu kechani qadriga yetib, ibodat va duolar bilan o‘tkazishimiz,  hamda  ahlimiz  va yoru do‘stlarimizni ham bu kechadan ogohlantirishimiz maqsadga muvofiqdir.

Alohida takidlashimiz kerakki, kadr kechasi degani bu  ziyofat kechasi, mehmondorchilik kechasi, ulfatchilik kechasi degani emasdir. Oshna og‘aynilar bir bo‘lib, turli taomlani tayorlab, vaqtlarini behuda sarflab, bir yilda bir marotaba  keladigan, duolar ijobat bo‘ladigan, eng ulug‘ kecha, qadr kechalarini fazilatini qo‘ldan boy bermasinlar. Balki bu kechani ixlos va muhabbat ila ibodat va duolar bilan bedor o‘tkazishga harakat qilsinlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollalohu alayhi vasallam:

Kimiki Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan qoim bo‘lib bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan  gunohlari mag‘firat qilinur”, - dedilar.

Hadisi shariyfda kechani ixlos va muhabbat ila  qoim bo‘lib bedor o‘tkazgan kishiga gunohlari kechirilishini va’dasi berilyapti. Kechani bedor o‘tkazish  namozlar o‘qish, Qur’on tilovatini qilish, tasbih va takbirlar aytish, tavbalar qilib istig‘for aytish kabi amallar bilan bo‘ladi. Xususan namozining qazosi borlar, albatta qazo namozlarini o‘qishni ko‘paytirishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Kechani qoim bo‘lib bedor o‘tkazishning eng asosiy sharti  xufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o‘qishdadir. Chunki hadisi shariyflarda, kim xufton namozini jamoat bilan o‘qisa kechani yarmini bedor o‘tkazgan bo‘ladi, deyilgan. Yana boshqa bir hadisi shariyflarda, kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa kechani yarmini bedor o‘tkazgan bo‘ladi, deyilgan.

Ushbu kechada  ibodatlar bilan birga duolarni ham ko‘p qilishligimiz kerak. Nimalarni so‘rab  duo qilishimiz haqida Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Allohumma innaka afuvvun tuhibbul afva fa’fu anniy” (Ey Alloh, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin), deb duo qiling”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Shunday ekan, bu muborak ming oydan ham yaxshiroq bo‘lgan qadr kechasini  g‘animat bilib ko‘proq ibodat va duolar, tavba va istig‘forlar aytishga harakat qilaylik. Alloh taolodan amallarimizni qabul qilishini, duolarimizni ijobat etishini,  hammamizni taqdirimizni oliy maqom etib ta’yin qilishni so‘rab iltijo qilaylik.         

Barchalarimizga ushbu kecha muborak bo‘lsin!

 

Ziyouddin MIRSODIQOV,
Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

05.05.2025   4113   7 min.
O‘zlikni anglash, ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.

Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.

Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.

Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:

Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.

Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:

O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.

Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.

Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.

Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:

Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.

Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.

Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.

Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

 

MAQOLA