Bizlarni muborak Ramazon oyiga yetkazib, marhamatini darig‘ tutmagan va uni ro‘zasini gunohlarga kafforat qilgan Alloh taologa beadad hamd-u sanolar bo‘lsin!
Kunduzlari ro‘zador va kechalari bedor bo‘lishda bizlarga namuna bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Allohning ziyoda rahmatlari nozil bo‘lsin!
Ramazon Alloh taoloning mo‘min bandalariga bergan ulug‘ ne’mati bo‘lib, bu oyda Rabbimizning rahmatlari yog‘ilib, xossatan Alloh taoloning bizlarga beradigan inoyatlari ziyoda bo‘ladi. Quyida o‘sha ne’matlarning ba’zilarini eslab o‘tamiz;
عن أبي هريرة رضي الله عنه، أن النَّبي صلى الله عليه وسلم قال: إذا كان أول ليلة من شهر رمضان، صفِّدَت الشياطين ومردة الجن، وغلِّقَت أبواب النار فلم يُفتح منها باب، وفتِّحت أبواب الجنة فلم يُغلق منها باب، وينادي منادٍ كلَّ ليلة: يا باغي الخير أقبِل، ويا باغي الشرِّ أقصِر، ولله عُتقاء من النار، وذلك كل ليلة
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyining birinchi kechasida shaytonlar va o‘zboshimcha jinlar zanjirlanadi, do‘zaxning birorta eshigi ham qolmay hammasi yopiladi, jannatning barcha eshiklari ochiladi va har kecha: Ey yaxshilik qiluvchi! G‘animat bil, ey yomonlikka moyil bo‘luvchi o‘zingni tiygin, deya nido bo‘ladi. Har kecha Alloh ko‘plab bandalarini do‘zaxdan ozod qiladi”, - dedilar. Shaytonlarning kishanlanishi shak-shubhasiz ibodatni yengillatish uchun bo‘ladi.
عن أبي هريرة رضي الله عنه، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم كان يقول: الصلواتُ الخمسُ، والجمعةُ إلى الجمعة، ورمضانُ إلى رمضان: مكفِّرات ما بينهنَّ إذا اجتَنَبَ الكبائرَ؛ (أخرجه مسلم(
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh vaqt namoz, juma namozi va ramazon oyi to keyingisi kelgunigacha bo‘lgan kichik gunohlarni yuvib ketadi”, deb marhamat qildilar (Muslim rivoyati).
Alloh taolo Baqara surasida:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
البقرة: 183
“Ey iymon keltirganlar! Shoyad taqvodor bo‘lsangiz deb sizlardan oldingilarga farz qilinganidek sizlarga ham ro‘za farz qilindi”, deb marhamat qiladi (Baqara surasi, 183-oyat).
Alloh taolo bandalariga ushbu oyat karima orqali ro‘za tutishlikdan asosiy maqsad taqvo hosil qiladigan amallardan biri ekanligini bayon qilmoqda. Lekin bu degani gunoh va ma’siyatlar qilib ham ro‘za tutsa taqvodor bo‘ladi degani emas, albatta. Taqvo Allohning nazdida qanchalik buyuk narsa ekanligi haqidagi oyati karimalar hammamizga ma’lum va mashhur.
عن أبي هريرة رضي الله عنه، أنَّ النبي صلَّى الله عليه وسلم قال: مَن صام رمضان إيمانًا واحتسابًا، غُفر له ما تقدَّم من ذنبه؛
متفق عليه
Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kimki Ramazon oyi ro‘zasini iymonla va Allohdan savob umidida tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat bo‘ladi”.
Bu hadisi sharif ro‘za naqadar ulkan ibodat ekanligi, xato va kamchiliklarni kechirilishiga ta’sir qilishligini ifoda etadi. Faqat ikki shart bilan. Biri iymon-ixlos, ikkinchisi “Ihtisob” ya’ni Allohning O‘zidan savob umid qilgan holda tutish bilan. Mazkur hadisdagi “iymon bilan” degan iborani Hofiz ibn Hajar rohmatullohi alayh: “Ramazon ro‘zasining farz ekanini e’tirof etib” degan ma’noni ifodalaydi degan bo‘lsalar, “Ihtisoban”degan so‘ziga Imom Xattobiy: “qat’iy ishonch ila savobidan umid qilgan holda, pokiza niyat va nafsiga og‘ir olmay ro‘zani tutmoqlik”-deb ma’no bergan ekan.
عن عبدالله بن عمرو رضي الله عنهما أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: الصِّيام والقُرآن يشفعان للعبد يوم القيامة، يقولُ الصيامُ: أيْ ربِّ، منعتُه الطَّعامَ والشهوات بالنهار، فشفِّعني فيه، ويقولُ القُرآنُ: منعتُه النومَ بالليل، فشفِّعني فيه، قال: فيُشفَّعان
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za va Qur’on o‘z egalarini Qiyomat kuni shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Rabbi meni deb kunduzi ovqatdan va nafsiy xohishlaridan o‘zini tiydi, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur’on esa: “Meni deb kechalari bedor bo‘ldi, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkovi ham o‘z egalarini shafoat qiladi”, deganlar. Demak, kim ro‘zani ixlos va Allohning ko‘rib, bilib, kuzatib turganiga ishonch hosil qilgan holida tutsa, qiyomat kuni tutgan ro‘zasi o‘ziga kafil shafoatchi bo‘lib kelar ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalari ibodat bilan bedor o‘tkazishga qiziqtirar, ammo qat’iy buyurmas edilar.
عن أبي هريرة أنَّ رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: مَن قام رمضان إيمانًا واحتسابًا، غُفر له ما تقدَّم من ذنبه
رواه البخاري ومسلم
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon va ixlos ila qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati). Ramazon oyi kechalari ibodat qilish juda ham fazilat va gunohlardan poklanish imkoniyati ham ekan. Ramazonda bedor bo‘lib o‘qiladigan namoz “taroveh” deb nomlanadi. Taroveh rohat-istirohat ma’nosini anglatadi. Yigirma rakat nafl namozni imomga iqtido qilgan holda jamoat bilan masjidda ado etish eng ulug‘ fazilatli amallardandir.
عن عبدالله بن عباس رضي الله عنهما أن النبي صلى الله عليه وسلم قال لامرأةٍ من الأنصار - يُقال لها: أم سنان -: إذا جاء رمضان، فاعتمري؛ فإنَّ عمرة فيه تَعدل حجة
متفق عليه
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy ayollardan biriga: “Ramazon oyi kelsa umra qilgin. Chunki u bir hajga teng keladi”, - deganlar. Lekin bu inson zimmasiga umri davomida bir marotaba farz qilingan haj ibodati soqit bo‘ladi degani emas. Balki, Ramazon oyining barakotidan har bir qilingan amalga boshqa vaqtdan ko‘ra bu oyida ko‘proq ajr-mukofot berilishiga dalildir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazon oyida eng saxiy insonga aylanib, sahovatlari yanada jo‘shib ketar ekan. U Zoti sharif:
قال صلى الله عليه وسلم: أفضل الصَّدَقة صدقة في رمضان
أخرجه الترمذي عن أنس
“Eng afzal sadaqa Ramazon oyidagisidir”, der edilar (Imom Termiziy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). Bas, shunday ekan biz ham Habibimizdan o‘rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindoshlarga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta’minlangan insonlarga qo‘limizdan kelganicha moddiy ko‘mak bersak, bemorlarni borib xol so‘rasak ulug‘ fazilatga sohib bo‘lardik.
عن زيد بن خالد الجهني رضي الله عنه، عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: من فطَّر صائمًا، كان له مثل أجره، غير أنه لا ينقص من أجر الصائم شيء
رواه الترمذي
Zayd ibn Xolid rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa shu ro‘zadorning savobiga teng savobga ega bo‘ladi va bu ro‘zadorning savobidan hech narsani kamaytirmaydi”(Termiziy rivoyati).
Sahoba va salaf solihlarimizning odatlari shundoq bo‘lgan. Ibn Rajab rohmatullohi alayh Ibn Umar roziyallohu anhumoning odatlarini eslab shunday deydi: “U har doim ramazon oyida miskinlar bilan ovqatlanar, topa olmasa ovqat yemas edilar. Agar ovqatlanib turganlarida boshqa bir kishi taom so‘rasa, o‘zining ovqatni berib yana hech narsa yemasdan ro‘zaga niyat qilar ekanlar”.
Hulosa o‘rnida, Yaratgan Rabbimiz Ramazon oyida xolis niyatlar bilan tutayotgan ro‘zalarmizni, kechalari qoim turib ado etayotgan taroveh namozlarimiz, xatmi Qur’onlarimiz, xayru sahovatlarimizni va barcha solih amallarimizni qabul qilishini hamda bu muborak oyni fazli va qadrini topishligimizni nasib etsin! Amin.
Jaloliddin Hamroqulov
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi
Yildan yilga Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan ma’rifat, bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot g‘oyalari aynan shu maqsadga yo‘naltirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda to‘rt kun davomida bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi bu borada yurtimizda ilgari surilayotgan ezgu tamoyillarning amaliy ifodasi o‘laroq nafaqat O‘zbekiston, balki butun Islom olami hayotida muhim voqeaga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etgan ushbu anjuman ishtirokchilariga murojaat etar ekan:
– Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan, – deya fikr bildirdi. Darhaqiqat, o‘n to‘rt asrdan ziyodroq vaqt o‘tyaptiki, Islom nafaqat diniy ta’limot, balki insoniyatning olam va odam haqidagi dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib, ilmiy-ma’rifiy taraqqiyotga beqiyos hissasini qo‘shib kelmoqda. Islom tamoyillari asosida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, fiqh, hadisshunoslik yuksak cho‘qqilarga ko‘tarildi, bu yo‘nalishlarda minglab olimlar ulkan olamshumul kashfiyotlarni amalga oshirdilar. Bu yutuqlar zamirida, eng avvalo, Islomning ilm-fanga, ma’rifatga bo‘lgan munosabati yotadi. Zero, Alloh azza va jalla o‘zining muqaddas kitobida ilm va olimlarni ulug‘lab, shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur…” (Mujodala surasi, 11-oyat)”. Bu bejiz emas, albatta, chunki insoniyat taraqqiyotini ilmu fan rivojisiz tasavvur etish mumkin emas. Shu jihatdan olib qaralganda, mamlakatimizda keyingi o‘n yillikda Islom madaniyati, sivilizatsiyasiga juda katta e’tibor qaratildi va qaratilmoqda.
Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuksak darajada bo‘lib o‘tdi. Anjuman yurtimizning azaldan ilmu fan beshiklari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Termiz kabi tarixiy shaharlarida o‘tkazilishi undan ko‘zlangan ma’rifiy ruhni yanada teranlashtirdi. Jahon tamaddunining qadimiy o‘choqlari bo‘lgan bu shaharlarda asrlar davomida minglab olimu fuzalolar yetishib chiqqan va o‘ziga xos ilmiy maktablarni shakllanishiga hissa qo‘shgan. Yurtimiz allomalari tomonidan amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlar insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Ularning ezgu g‘oyalari va kashfiyotlari jahon sivilizatsiyasining ajralmas bir qismi sifatida e’tirof etilgan va bugun ham shunday bo‘lib qolmoqda. Anjuman ishtirokchilari ham buni chin dildan his qildilar va buni o‘zlarining Yurtboshimizga qilgan murojaatlarida aks ettirib shunday e’tirof etdilar:
– Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targ‘ib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi renessansning intellektual va ma’naviy asoslarini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni ko‘zlab, vaqtida berilgan ta’sirchan javob bo‘lganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz. Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz ma’rifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yo‘lini taklif qildingiz.
Forum ishtirokchilarining bu e’tirofi mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va Islom sivilizatsiyasining boy merosini keng ko‘lamda o‘rganish, jahon afkor ommasini ham bu qutlug‘ ishga jalb etish, bugungi murakkab global o‘zgarishlar davrida o‘zaro tinch-totuv hayot kechirish va insoniyatning ma’naviy, madaniy va intellektual sohadagi yutuqlarini tinchlikka yo‘naltirish orqali bashariyat uchun kurrai zaminda farovon hayot barpo etish borasida olib borilayotgan ishlarning naqadar ulug‘vorligi va kelajakni ko‘zlab amalga oshirilayotganini yanada yaqqol namoyish etdi. Biz bu anjumandan o‘zimizga xulosa chiqarib, unda ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni hayotimiz har bir jabhasining ajralmas bir qismi sifatida o‘rganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratishimiz zarurligini yaqqol his etdik.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom xatib o‘rinbosari
Ulamolar kengashi a’zosi