Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Aprel, 2026   |   14 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:31
Asr
16:57
Shom
18:54
Xufton
20:08
Bismillah
03 Aprel, 2026, 14 Shavvol, 1447

Til ro‘zasi

01.05.2020   4140   4 min.
Til ro‘zasi

Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.

Tilning ham o‘ziga xos ro‘zasi bor. Uni bilgan  inson lag‘vdan saqlanadi, uzoq bo‘ladi. Til ro‘zasi Ramazon oyida bo‘lgani singari boshqa oylarda ham bo‘lishi zarurdir. Tilga Ramazon oyida ta’lim-tarbiya berib, dunyo-oxiratga manfaatli, hayotga foydali narsalarni gapirishga o‘rgatiladi. O‘z o‘rnida so‘zlab, o‘z o‘rnida jim turish, vaqtida sukut saqlashga odatlantiriladi.

Tilninig zarari buyuk, xatari ulkandir. Til vahshiy yirtqichdek jarohatlaydi, ilondek zaharlaydi, olovdek yondiradi. Qilich bilan berilgan jarohat shifo topishi mumkin, tilning jarohatiga davo yo‘qdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) o‘z tillariga:Ey til, yaxshilikni so‘zlab, uni g‘animat bil. Yomon so‘zda sukut qil, salomat bo‘lasan”, degan ekanlar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim ikki jag‘i va ikki soni orasidagi narsaga kafil bo‘lsa, uni jannatga kirishiga men kafil bo‘laman”, dedilar. Alloh taolo g‘iybatdan, chaqimchilik, yolg‘on, uyatsiz so‘zlar, lag‘v va harom so‘zlardan tilini tiygan mo‘minga rahmatini yog‘dirsin.

Salafi solih ulamolar Qur’on va sunnat bilan odob berardilar. Ularning so‘zlari muloyim, nutqlari zikr, nazarlari ibrat, jim turishlari tafakkur edi. Inson Qahhor sifatli Rabga duch kelishdan qo‘rqsa, tilini zikr va shukrga ishlatib, behayo, uyatsiz, axloqsiz va lag‘v so‘zlardan tiyadi. Shuning uchun Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu): “Yer yuzida saqlash zarur bo‘lgan narsa tildir”, degan. Taqvodor zotlar gapirmoqchi bo‘lsalar, so‘zlari ortidan keladigan mashaqqat va natijasini o‘ylab sukut saqlab turaverganlar. Boshqalarga ozor berish harom. Ozor berishning turli-tuman ko‘rinishlari bor. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lsa, u komil mo‘mindir”, dedilar (Imom Muslim). Bu hadisdan inson kamolotga yetishi uchun til, qo‘l va barcha a’zolar bilan ozor berishdan saqlanishi lozimligi tushuniladi. Boshqa a’zolarga nisbatan til orqali g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik, tilyog‘lamalik, masxara, so‘kish, behayo so‘zlar, sirni ochish kabi gunohlar va ozorlar ko‘p sodir bo‘ladi. Shuninig uchun hadisda til zikr qilingan. Ba’zida uning xataridan jim turish bilangina najot topish mumkin.

Tilning ro‘zasi yomon, zararli gaplardan tiyilishi, jim turishidir. Inson jim turish bilan halokatdan saqlanish bilan bir qatorda ajr-savoblarga ham ega bo‘ladi. Manbalarda jim tura olish insonga berilgan najot topish omilidir, deyiladi. Inson hayotida jim turish bilan dunyo va oxirat saodatiga erishishi mumkin. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jim turish hikmatdir. Jim turuvchilar esa juda kamdir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy). Boshqa bir hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim jim tursa, najot topadi”, dedilar” (Imom Termiziy).

Ulamolar aytadi: “Tinglash vaqtida jim turish fazilat, sinov kelganida jim turish sabrdir, deyilgan”. Bishr ibn Horis Hofiy aytadi: “So‘zlovchi jim turuvchidan ko‘ra taqvoli bo‘lolmaydi. O‘z o‘rnida so‘zlab, o‘z o‘rnida sukut qilgan olimgina undan afzal bo‘lishi mumkin”. Sahl ibn Abdulloh: “Alloh taoloni tanuvchilar ilmli bo‘lsalar ham jim turadilar va izn bilan gapiradilar. Shuning uchun ularda lag‘v bo‘lmaydi”, deydi. Donishmandlar: “Inson so‘zlashni o‘rganishiga ikki yil kifoya qilsa, jim turishni o‘rganishiga ellik yil kerak bo‘ladi”, deydi. 

Barcha sunnatlar qatorida o‘z o‘rnida sukut saqlay bilishga ham odatlanmog‘imiz lozim. Bunga erishishning oson yo‘li ro‘za tutishdir. Yeb-ichishdan saqlanish bilan bir qatorda ko‘zni nomahramdan, quloqni g‘iybatdan va barcha a’zolarni gunohdan tiyish, xususan, tilni bo‘hton, chaqimchilik, mazah qilish kabi ma’siyatlardan tiyish ro‘zaning savobini mukammal qiladi. Ushbu Ramazon oyi mazkur amallarni bajarib jim turishni o‘z odatimizga aylantirib olishimizga qulay fursatdir. Ey ro‘zadorlar, tillaringizni zikr bilan namlang. Unga taqvoni o‘rgating va gunohlardan poklang. Ey Rabbimiz, bizga to‘g‘ri so‘zlovchi til, salomat qalb va chiroyli xulq bergin! Ramazon oyida barchamizning maqsadlarimiz hosil bo‘lsin.     

       Bahriddin PARPIYEV

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ruh jismning qayerida bo‘ladi?

03.04.2026   3823   1 min.
Ruh jismning qayerida bo‘ladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yaratganning borligini inkor qiladiganlar asosiy sabab qilib ko‘rmaganliklarini ko‘rsatadilar. Ular bu gapni aytishdan avval ushbu oyatni yaxshilab o‘ylab ko‘rsinlar: “O‘zingizda ham (mo‘jizalar bor), ko‘rmaysizlarmi”.

Jismimiz ruhimiz tufayligina harakat qiladi. Agar ruh chiqib ketsa harakatdan to‘xtaymiz. Ruh degan so‘zni ko‘pchilik eshitgan. Lekin uni kim ko‘rgan? Uning qayerda bo‘lishini kim biladi? U yurakda bo‘ladimi yoki miyamizdami?

Olimlarning birortasi bunga aniq javob bera olmaydilar. Ruhning vazni bor deya jar solgan olim ham buni bilmaydi. Ruhning vazni bo‘lmaydi. Vazni bor degan olimni jasaddan chiqib ketgan havo yoki yurak urishi tufayli yuzaga keladigan bosim chalg‘itgan bo‘lishi mumkin.

Demak, ruhni hech kim ko‘rmagan. Uning qayerda joylashishi, jismni qanday harkatga keltirishini birota olim bilmaydi. Insonning bir qo‘li falokat tufayli uzilib tushsa, uni harakatga keltirgan ruh qayerga ketadi? Buni ham hech kim bilmaydi. Lekin dunyo olimlari ruhning borligini inkor etmaganlar.

Ruhning borligiga ko‘pchilik ishonadi. Tanamiz harakatga kelishi, tirikligimiz belgisi ham aynan ruh bilan bog‘liqdir. Bu narsa ham Alloh taoloning mo‘jizalaridan biridir. O‘zimizdagi mo‘jizalarni inkor etmagan holda koinotdagi ilohiy mo‘jizalarni qanday inkor eta olamiz?! Bu aqli bor kishining ishi emas-ku, axir.


Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan

Maqolalar