Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Aprel, 2026   |   18 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:57
Peshin
12:30
Asr
17:00
Shom
18:58
Xufton
20:13
Bismillah
07 Aprel, 2026, 18 Shavvol, 1447

Ramazon – ibodat mavsumi

28.04.2020   3655   3 min.
Ramazon – ibodat mavsumi

Ezgulik va ehson, ibodat mavsumi Ramazonga yetganimiz ulug‘ bir ne’mat. Alloh taolo bu oyda gunohlardan poklanishimiz, nafslarimizni tarbiyalab, toatlarga o‘rgatishimiz uchun bizga ro‘zani farz qildi, Qur’on tilovatiga, kechalari qoim bo‘lishga, xayr-ehson qilishga undadi.

Shubhasiz, bu oyning eng ulug‘ ibodati ro‘zadir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Odam bolasining har bir (yaxshi) amali savobi o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi. Alloh taolo aytdi: “Faqat ro‘za mustasno. Albatta, u Men uchun va unga O‘zim mukofot beraman. Banda shahvati va taomini Men uchun tark qiladi”” (Imom Muslim rivoyati).

Ro‘za insonni yolg‘izlikda ham, odamlar orasida ham Alloh taoloni unutmaslikka, toatlarga sabrli bo‘lishga, doim go‘zal xulqli bo‘lishga, Alloh qaytargan narsalardan uzoq bo‘lishga o‘rgatadi.

Ramazon – tarovih oyi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oy kechalarida ibodat bilan qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar unsidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).

Ramazon – Qur’on oyi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir(Baqara, 185). Ro‘zador bu oyni Qur’oni karim tilovati uchun g‘animat bilishi kerak. Qur’on ro‘zadorga shafoatchi va guvohdir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Rabbim, men uni kunduzi taomdan va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur’on: “Men uni tunda uyqudan qoldirdim, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkalovi shafoatchi qilinadi” (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).

Ramazon – xayru saxovat oyi. Bu oyda boshqa oylarga qaraganda ko‘proq saaxovat ko‘rsatishga targ‘ib qilingan. Zero bu oyda qilingan sadaqa va ehsonlar savoblari ko‘paytirib beriladi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan vaqtlari Ramazonda – Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashganlarida bo‘lar edi. U zot Jabroil (alayhissalom) bilan Ramazonning har tunida uchrashib, Qur’onni dars qilishar edi. O‘shanda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) saxovatda esayotgan shamoldan-da tez bo‘lib ketar edilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

 Jamshid Shodiyev tayyorladi.

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Nega ona suti 3 xil rangda bo‘ladi?

06.04.2026   8717   1 min.
Nega ona suti 3 xil rangda bo‘ladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ona suti odatda uch xil: oq, qaymoqsimon va sariq rangda bo‘ladi.

Nima sababdan ona suti turli xil rang bo‘ladi va ular bir-biridan qanday farq qiladi?

Odatda, ona suti oq rangda va chaqaloqning o‘sishi hamda rivojlanishi uchun yetarli miqdorda suv, oqsil va yog‘dan tashkil topgan bo‘ladi. Agar chaqaloq yengil kasal bo‘lsa, ona suti tarkibida immunitetni kuchaytiruvchi antitela va vitaminlar ko‘payadi. Farzand og‘ir kasal bo‘lganda esa, sutdagi leykotsit (oq qon tanachalari)lar keskin ko‘payib, virus va bakteriyalarga qarshi faol kurashadi.

Chaqaloq 4-5 soat davomida ovqatlanmaganida, ona suti tarkibidagi suv va laktoza miqdori oshadi va yog‘ miqdori kamayadi. Ya’ni, onaning tanasi chaqaloq suvsizlanayotganini sezadi va sut tarkibi o‘zgaradi. Subhanalloh...


Bularning barchasi o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladimi? Albatta, yo‘q, bu – Allohning qudrati, irodasi va hikmati ila bo‘ladi.

Bu borada shvetsiyalik immunolog Lars Henson (Lars Hanson) va biolog Piter Hartman (Peter Hartmann) yillar davomida tadqiqotlar olib borishgan hamda sodir bo‘lgan jarayonlardan hayratga tushishgan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh sizni onalaringiz qornidan hech narsa bilmaydigan holingizda chiqardi. U sizga quloq, ko‘zlar va dillarni berdi. Shoyadki, shukr qilsangiz(Nahl surasi, 78-oyat).

Boshqa oyatda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar” (Ibrohim surasi, 34-oyat).

Davron NURMUHAMMAD