Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak masjidlari ziyorat uchun boriladigan uchta masjiddan biridir. Ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozgohlari, minbar, ravzayi shariflari hamda tarixiy ustunlar joylashgan.
Ushbu masjidda o‘qilgan namoz ming rak’at namozdan afzaldir Ikki Shayx rivoyat qilgani kabi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu masjidimda o‘qilgan namoz Masjidul Haromdan tashqari qolgan masjidlardagi namozdan ming barobar afzaldir ” – dedilar.[1]
Masjidun Nabaviyga kirgan kishiga ravzayi sharifda yoki masjid ichida ikki rak’at namoz o‘qib olishi mustahabdir, huddi Ikki Shayx Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilganidek: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar birortangiz masjidga kirsangiz o‘tirishidan oldin ikki rak’at namoz o‘qib olsin” – dedilar.[2]
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida masjid bino qilish
Musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelishlaridan oldin Masjidun Nabaviy o‘rnida namoz o‘qirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida shu o‘rinda namoz o‘qidilar va u milodiy 622/ hijriy 1 yil Robbiyul Avval oyida masjid bino qilindi. Uzunligi 70 ziro [3], kengligi 60 ziro ya’ni tahminan 35m, 30m bo‘lgan. Tomi esa 5 zirodir. Uning poydevori toshlardan, devorlari xom g‘ishtdan qurildi. Ustunlari xurmo tanasidan, tomi esa xurmo shoxlaridandir.
Masjid qurilishida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham sahobalar bilan birga ishladilar, tosh vax xom g‘ishtlarini tashidilar. Masjid uchun uchta eshik qildilar.
Masjidun Nabaviyni kengaytirish va ta’mirlash ishlari:
Shayxontohur tumani “Eshon
Boboxon” jome masjidi imom
noibi Abdulahadov Abdulmo‘min
[1] Sahihul Muslim, Haj kitobi. Makka va Madinada masjidimdagi namoz fazli. (15: 1390)
Sahihul Buxoriy. Makka va Madinadagi masjidda namozning fazli kitobi (20:1395)
[2] Sahihul Buxoriy. Namoz kitobi. Agar masjidga kirsangiz ikki rak'at namoz o‘qing bobi, (8:444)
Sahihul Muslim. Musofirning namozi kitobi. Masjidga salom berish mustahab bobi (6:714)
[3] Ziro‘ = 46,2 sm
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.