Inson hayotini birdek ravon, musibatlarsiz o‘tishini istaydi. Shu sababli, ba’zi insonlar boshiga biror kulfat yetsa tushkunlikka tushadi, noumid bo‘lib nima qilishni bilmaydi. Aslida har bir inson hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Chunki bu hayot sinov va imtihonlardan iborat. Bu haqda Qur’oni karimda bunday ma’lum qilinadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz» (Baqara surasi, 155-oyat).
Darhaqiqat, Alloh taolo qiyinchilik va musibatlar orqali bizni iymonimizni sinaydi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo‘lish, kasallik yetishi, o‘qish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik va h.k. barchasi sinovdir. Ushbu oyat har bir insonga musibat yetishiga dalolat qiladi.
Biror bandaga yetgan musibat Alloh taolo u bandani yomon ko‘rganidan emas yoki aksincha bandaga yetgan ne’mat u bandani Alloh yaxshi ko‘rganidan emas. Alloh taolo o‘zi hoxlagan bandasini goh yaxshilik bilan ba’zan qiyinchilik bilan sinaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).
Alloh taolo bandalarini yaxshilik bilan ham yomonlik bilan ham imtihon qilishini, har bir ish faqat Uning irodasi bilan bo‘lishini bilgan musulmon musibatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi.
Alloh taolo musibat yetganda sabr qilgan va musibatlariga “INNA LILLAHI VA INNA ILAYHI ROJI’UN” deb aytib, yolg‘iz O‘ziga taslim bo‘luvchi bandalarini madh etgan. Ular uchun tayyorlangan ulkan ajru mukofotlarning bashoratini bergan. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir» (Baqara surasi, 155-157-oyatlar).
Yunus alayhisallom ham musibatga duchor bo‘lganlarida: “LAA ILAHA ILLA ANTA SUBHANAAKA INNIY KUNTU MINAZZOLIMIYN”, deb Alloh taoloni zikr etdilar, yolg‘iz Alloh taolodangina umidvor bo‘ldilar. Natijada yetgan musibatlaridan forig‘ bo‘ldilar. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim”, – deb nido qilgan (paytini eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz» (Anbiyo surasi, 87-88-oyatlar).
Alloh taolo barcha mo‘min-musulmonlarni musibat, bemorlik va boshqa turli balo-ofatlardan O‘z panohida saqlasin, ofiyat ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD