Yaxshi kelding, ey sharofatli aziz mehmonimiz,
Intizor erdi yo‘lingda diydai giryonimiz,
Ey ko‘ngillar istagi, mahbubimiz, jononimiz,
O‘rtanur shavqing bila bu siynai so‘zonimiz,
Tiyra kulbamiz yorutding, ey mahi tobonimiz.
Jilvalar aylab saodat burjida, ey navnihol,
Yuz ochib, qilding namoyon nozaninlardek jamol,
Barqaror o‘lg‘il kamolot avjida ko‘rmay zavol,
Xush kelibsan, ketmag‘il, to umrimiz boricha qol,
Kechsin emdi sen bila qolgan hayoti fonimiz.
Dilhazinlarni quduming shodu xandon ayladi,
Kechamizni partavi mohing charog‘on ayladi,
Har sahar subhing nasimi anjumafshon[i] ayladi,
Sen tufayli Tangri ne’matlar farovon ayladi,
Hayri barkat kelganing mohi sharif ramadonimiz.
Qaysi bir madhing raqam qilgay sening, ey yaxshi zot,
Ulki mo‘min bahravar sendin hayotu ham mamot,
Ey karambaxshu saxolik, boisi xayru zakot,
Topg‘usi bechoralar sen birla tanglikdin najot,
Xayri maqdam, ey fazilatli mahi g‘ufronimiz.
Ta’rixi hijratga o‘tgach ikki yil ul biru bor,
Bandalarga ro‘za tutmoq amrin etdi oshkor,
Ehtirom ila tuting odobini, ey ro‘zador,
Koni xislat, xosiyatbaxshu mahi rahmatnisor,
Bir ulug‘ ne’matki, bizga tuhfai rahmonimiz.
Assalom, ey mohi oliy, xush kelibsan, marhabo,
Ey g‘ubori xoki poying diydalarga to‘tiyo,
Qilmadik shoyista amring, tutmadik sharting bajo,
Bo‘lg‘umiz afv etmasang, sharmandai yavmil-jazo,
Ul kuni so‘rganda bizdin adl ila sultonimiz.
Haq taolo bizga ko‘p lutfu inoyat ayladi,
Sen kabi bir mohi rahmatni karomat ayladi,
Xolisanlilloh agar kim senga xizmat ayladi,
Oni Tangrim loyiqi diydoru jannat ayladi,
Illati jurmu gunahlar dardiga darmonimiz.
Jumla oylardin fazilatli, muborak nomsan,
Benavolarga saxovatli ulug‘ ayyomsan,
Soim[ii] ahlini ziyofat qilg‘uchi har shom san,
Rahmatidin Jabraildek qosidi payg‘omsan,
Xayrxohu jurmpo‘shu[iii] pardai nuqsonimiz.
Mushkbo‘yi fayzi subhingdin muattardur dimog‘,
Ro‘shnoyi laylatil-qadringda yulduzlar chirog‘,
G‘aflat ahli uyquda bebahra, kunduz kun sinog‘,
Yaxshilar bedor o‘lib, tunlar farog‘atdin yirog‘,
Aylashib xatmu tilovat hofizi qur’onimiz.
Ey mahi ashraf[iv], fazilat senda behad bordur,
Ham savobing behisobu hikmating bisyordur,
Susti hozim[v], za’fi me’da birla kim bemordur,
Hikmating bu dardu illatga shifo izhordur,
Har marizu[vi] har tani bemora sen Luqmonimiz.
Bizni, yo Rab, yaxshilarning zumrasiga qil vusul,
Jurmimizni mag‘firat qil, ayla rahmatga duxul,
Aybu nuqson birla tutgan ro‘zamizni qil qabul,
Bu Suhayliy osiyning sendin mudom ummidi shul,
Vaqti rihlatda salomat aylagil iymonimiz.
[i] anjumafshon — yulduz sochuvchi, nur sochuvchi
[ii] soim – ro‘zador
[iii] jurmpo‘sh – ayblarni yopguvchi
[iv] ashraf – eng ulug‘
[v] susti hozim – hazm tizimining buzilishi
[vi] mariz – kasal
Dadaxon qori Suhayliy
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ayting-chi, sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy nozil bo‘lganda kimning huzuriga shoshilib yugurib bordilar? Biror qarindoshlari yoki birodarlarining oldiga bordilarmi?
Yo‘q, darhol zavjai mutohharalari, mo‘minlar onasi Xadicha roziyallohu anhoning huzuriga bordilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyo hayotidagi so‘nggi kunlarida esa Oisha onamiz roziyallohu anhoning bag‘rida bo‘lishni tanlaganlar.
Qarang, payg‘ambarlik risolati ayol kishi bilan boshlanib, bu mo‘tabar zot ila yakun topdi. Albatta, bu – behikmat emas.
Shubhasiz, Alloh taolo bu hayotda ayollarning tutgan o‘rniga cheksiz hikmatlarni yashirgan. Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni e’zozlardilar, hurmat qilardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar bilan qanday munosabatda bo‘lganlar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol so‘rab kelgan erkak va ayollarni mehmon qilish odatlari bor edi. Kunlarning birida bir guruh ayollar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylariga kelishdi. Ayollar Payg‘ambarimiz alayhissalomning huzurlarida gapira turib ovozlarini u zot alayhissalomning ovozlaridan baland ko‘tardilar. Shu payt, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirish uchun ruxsat so‘radilar.
Rasululloh Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga kirishga izn berdilar. Ayollar Umar roziyallohu anhuning ovozini eshitib jim bo‘lib qoldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Alloh sizni suyuntirsin, yo Rasululloh, nima sababdan kulyapsiz?” dedilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ana ularning qilgan ishlari meni ajablantirdi. Sening ovozingni eshitishlari bilanoq yashirinib olib, jim bo‘lib qolishdi”, dedilar.
Hazrat Umar roziyallohu anhu: “Ey o‘z jonining dushmanlari, mendan qo‘rqasizlar-u, Allohning Rasulidan qo‘rqmaysizmi?” deb so‘radilar.
Ayollardan biri: “Yo Rasululloh men unga javob beraymi?” deb ruxsat so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Maylin, javob ber”, dedilar. Unga javoban: “Axir sen qattiq qo‘lsan-da. Rasululloh yumshoq, mehribon, xushmuomalardirlar”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom yana tabassum qildilar.
Bunday ma’lum bo‘ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamisha ayollarning savollariga javob berish uchun alohida e’tibor berganlar, vaqt ajratganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarning ilm olishiga alohida ahamiyat berganlar
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida eng mashhur tabib va jarroh kim bo‘lgan?
Ayol kishi bo‘lgan. Uning ismi Ummu Atiyya edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jang maydonlariga ham borardi. Yarador sahobalarning jarohatini davolar, askarlarga yordam berardi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarning ilm-ma’rifat egallashiga qattiq e’tibor berardilar. Masalan, Oisha roziyallohu anho onamiz tafsir, fiqh, hadis ilmlarida peshqadam bo‘lganlar. Shar’iy hukmlarning 4/1 Oisha onamizning rivoyatlari asosida ishlab chiqilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan 2 mingdan ortiq hadis rivoyat qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa roziyallohu anho onamizga uylanmoqchi bo‘lganlarida Hazrati Umar roziyallohu anhu Islom ummatiga yuksak bir fazilatni ko‘rsatdilar. U ham bo‘lsa, otalik mas’ulyatini his qilgan holda qizlari Hafsa roziyallohu anhoni turmushga berish oldidan unga o‘qish, yozish va dinga doir ilmlarni berdilar. Hattoki qizlariga o‘qish va yozishni ta’lim berish uchun Bani Adiy qabilasidan bir ayolni yolladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho haligi ayoldan yetarlicha ilm olganlaridan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqdilar.
To‘ydan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umardan haligi Bani Adiylik ayolni kelib Hafsaga qolgan ilmlardan ham dars berishni davom ettirishligini aytdilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Hafsa ilmni yaxshi egallab oldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Hafsani ilmni mukammalroq egallashini xohlayman”, dedilar. Shundan so‘ng haligi ayol kelib darsni davom ettirdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollarning ehtiyojlari uchun tashvish chekishlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidlarining eshiklarini ayollar ibodatlarini ado etishlari uchun ochib qo‘yganlar. Ayollarni masjidlarga borishdan qaytarmanglar derdilar. Masjidi Nabiyda namozxon ayollarning soni ko‘paygach, faqat ayollar uchun mo‘ljallangan alohida eshik ochilgan. Bu “Bobun niso” (Ayollar eshigi) deb nomlangan eshik hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
Ayollar masjidning oxirgi qismida to‘planishardi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va’z-nasihatlarini tinglashardi.
Ummu Varaqa ismli keksa bir ayol bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vaqti-vaqti bilan uni ziyorat qilib turardilar. Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Uyda namoz o‘qisam hamda ayollar ham to‘planib mening uyimda namoz o‘qisalar mumkinmi?” deb so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir muazzinni namoz vaqti kirganda uning uyining tagida azon aytish uchun tayinladilar.
Qarang, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarni qanchalik hurmat qilganlar, ularning ehtiyojlarini o‘z o‘rnida hal etganlar.
Qiyin ahvolda qolgan ayollarga yordam berishga shoshilish
Albatta, ayol kishi o‘z tabiatiga ko‘ra erkak kishiga qaraganda hissiyotga beriluvchan, mehribon va yumshoq fe’lli bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada musulmonlar qiyin ahvolda qolishganda hamda Tabuk jangiga tayyorgarlik bo‘layotganda ayollarni yordam berishga chaqirganlar.
Hayit namozidan keyin erkaklarga ehson qilish haqida xutba qilganlarida, erkaklar uylariga borib, ayollariga bo‘lgan xitobni so‘zlab berishlari bilan ayollar oltin sirg‘a va bilaguzuklarini yechib berganlar. Bugungi kunimizda ham bir qancha xayriya, saxovat ishlarida ko‘ngillik ko‘plab ayollarning peshqadam ekanlariga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan ayollar barcha ishlarda faol bo‘lishgan. Hatto ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bay’at berishardi. Bu haqda Qur’oni karimda oyat nozil bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar uchun jannatga borish yo‘lini juda oson qilganlar. Alloh taolo O‘z fazli va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning duolari sababli jannatga erishish ko‘plab yo‘llarni ochib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver”, deyiladi», deganlar.
Qarang, ayollarga qanday sharaf berilgan!
Har bir ayol kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ularga shunchalik g‘amxo‘rlik qilganlarini biladimi?
Hatto, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor bo‘lib, jon berish vaqtlarida ham butun ummatlariga qilgan so‘nggi nasihatlarida ham: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqing (ularga yaxshi muomala qiling!)” deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollarga mehribon, g‘amxo‘r bo‘lganlarini yaxshi tushunib yetgan har bir ayol kishida Payg‘ambarimiz alayhissalomga bo‘lgan muhabbat va u zot alayhissalomga ergashish ishqi yanada ortishi lozim!
Xuddi shuningdek, bu muhabbat har bir erkak kishini o‘z ahli-ayoli oldidagi burchlarini bajarishga, ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lishga undashi kerak! Har bir erkak kishi ayoliga go‘zal munosabatda bo‘lishida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namuna, ibrat olsin! Shunda Rasulullohning sunnatlariga ergashilgan bo‘linadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Davron NURMUHAMMAD