Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Aprel, 2026   |   27 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:19
Quyosh
05:42
Peshin
12:28
Asr
17:06
Shom
19:08
Xufton
20:25
Bismillah
16 Aprel, 2026, 27 Shavvol, 1447

Lutf

06.07.2018   5906   1 min.
Lutf

Bir kuni Hotami Toy ulug‘ va davlatmand insonlarni mehmonga chaqirdi. Ziyofat bosh­langan, mehmonlar suhbatlashib xursand bo‘­lib o‘tirishgan mahal boshida eski salla, egnida yupun kiyim, kambag‘alligi shundoq ko‘rinib turgan bir kishi kirib keldi. Uni ko‘rgan meh­monlar hayron bo‘lib qolishdi. Ba’zilar unga no­pisandlik nazari bilan qaradi. Ammo Hotam bu faqir odamga o‘zgacha lutf va karam ko‘rsatib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ehtirom ila davraning eng to‘riga o‘tkazdi. Hotamning ko‘rsatgan ehtiromidan hamma hayron bo‘lib:

– Bu inson kim, buncha ehtirom qilursiz? – deb so‘radilar. Ularga nim tabassum bilan boq­qan Hotam:

– Sizlarni qadru qimmatingiz, mansabu hur­matingiz va maqomingizga qarab joy berdim. Bu jandapo‘sh, kamtar, tavozeli insonni mening saxovatim va karamim to‘rga o‘tkazdi.

Ey aziz farzand! Oliy mukofot mansab, mar­taba, boylikka qarab o‘lchanmaydi, balki u mo‘­minning tavozesh, kamtarligi va Haqqa bo‘lgan qattiq ishonchi va muhabbati balandligi bilan o‘lchanadi. Barcha avliyolar Alloh taoloning visoliga oshiq bo‘lganlar. Uning visoliga yetish uchun dunyo rohatini mehnat va mashaqqatlarga al­mashtirganlar. Natija esa, albatta, Yorning vas­liga yetishi aniq. O‘sha Yor muhabbati va ixlo­si oshiq­ning qiyomat kunida ulug‘ maqomga sazovor bo‘li­shiga bosh omil bo‘ladi. Inson Haqning mu­hab­bati bilan yashab, umrini halol mehnat, ix­losli toat-ibodat qilib, riyo va shuhratparast­lik­dan ke­chib, nafsini jilovlab o‘tsa, albatta, mahbubning visoliga yetmog‘i muqarrardir.

 

Shermurod Tog‘ayning “Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Men tufayli yomonlik ko‘rishingni istamadim

15.04.2026   6839   4 min.
Men tufayli yomonlik ko‘rishingni istamadim

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hikoya qilishadiki, Ma’rufi Karxiy quddisa sirruhu tahorat olish uchun Dajla daryosi qirg‘og‘ida to‘xtab, Qur’on va kiyimlarini bir tarafga qo‘ydilar. Shu payt qandaydir bir ayol kelib Ma’ruf Karxiy quddisa sirruhuning liboslari va Qu’onini olib jo‘nab qoldi. Shayx ayolning izidan yetib olib aytdilar:

– Singlim, men Ma’ruf bo‘laman, sizni hech bir narsada ayblamoqchi emasman. Faqat, Qur’on o‘qiy oladigan farzandingiz bormi yo yuqmi, shuni bilmoqchi edim, xolos?

Ayol “yuq” deb javob qaytargach, Ma’ruf:

– Balki  Qur’on  o‘quvchi eringiz bordir  – deb so‘radilar. Ayol yana “yuq” deb rad javobi bergach, Ma’ruf unga:

– Unday bo‘lsa, mayli, ust-kiyimlarimni o‘zingizda olib qoling-da, Qur’onni menga qaytarib bering! – dedilar.


Bir gal Shayx Abu Abdurahmon as-Sulamiy quddisa sirruhuning uyini o‘g‘rilar bosib, bor narsasini olib ketishdi.

Naql qilishlaricha, u zot quddisa sirruhu bir do‘stlariga bunday debdilar:

– Bozorga borib, o‘g‘irlangan yaktagimga ko‘zim to‘shib qoldi. Shunda darhol o‘zimni bilmaganga solib yuzimni o‘girib oldi.


Bir gal Molik ibn Dinor quddisa sirruhuning ayollari u kishiga “Ey riyokor!” deya tanbeh beribdi. Shunda u kishi: “Ey xotin, sen menga basraliklar bilmaydigan xo‘b munosib bir nom topding-da!”– deya kayfiyatlari ochilib ketgan ekan.


Yahyo ibn Ziyod al-Horisiyda bir badxulq xizmatkor bor ekan. U zotdan:

– Nega bunday yomon qulni ushlab turibsiz? – deb so‘raganlarida, u zot:

– O‘zimga halim bo‘lishni ta’lim qilmoqdaman,  – deya javob beribdilar.

Naql etishlaricha, bir gal Ibrohim ibn Adham quddisa sirruhu cho‘lga chiqqanlarida bir askarni uchratib qoldilar. Askar so‘radi:

– Bu yerning aholisi qani?

Ibrohim Adham qabriston tomonga ishora qildilar. Navkar bu odam mening ustimdan kulyapti degan o‘yga borib, u kishining boshlariga urib jarohatladi. U kishi ketganlaridan keyin esa navkarga bu zotning xurosonlik mashhur so‘fiy Ibrohim Adham ekanlarini aytishdi. Navkar ortlaridan borib, kechirim so‘ray boshladi. Bunga javoban Ibrohim Adham quddisa sirruhu bunday dedilar:

– Sen meni urganingda Allohdan senga jannat ato etishini so‘radim.

Navkar bunday xayrli duoning sababini so‘radi va Ibrohim Adham quddisa sirruhu javob berdilar:

– Shuni bildimki, sen meni urganing uchun Alloh menga ajru mukofot beradi. Sen tufayli yaxshilik topganim sababli men tufayli yomonlik ko‘rishingni istamadim.


Hikoya qilishadilarki, qandaydir kishi Shayx Abu Usmon al-Hiriy quddisa sirruhuni mehmonga taklif etdi va Shayx darvozaga yaqinlashganlarida uy egasining shunday deganini eshitdilar:

– Yo Shayx, hozir mening uyimga kirishning vaqti emas, qilgan taklifimdan afsusdaman, ketsang ma’qulroq!..

Abu Usmon quddisa sirruhu qaytib ketdilar va hovlilariga yetdim deganlarida ketlaridan haligi kishining ovozini eshitdilar:

– Yo Shayx, aytganlarimdan afsusdaman, kechirgin, qaytadan menikiga tashrif buyursang yaxshi bo‘lardi...

Shunda taqvodor zot unikiga yana borishlarini aytdilar. Ikkinchi marta borganlarida ham uy egasi avvalgiday muomala qildi. Xuddi shu hol uchinchi, to‘rtinchi bor ham takrorlandi. Shayx esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday borib, eshik oldidan yana qaytardilar. Nihoyat, haligi kishi:

– Yo Shayx, men sizni sinab ko‘rmoqchi edim xolos, – deya uzr so‘rab, u kishini maqtay boshladi, shunda Abu Usmon al-Hiriy quddisa sirruhu dedilar:

– Meni itlarda ham bo‘lishi mumkin bo‘lgan sifat bilan maqtashingga ne hojat, axir ular ham chaqirsang keladilar, haydasang ketadilar-ku?!


“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi

Maqolalar