Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Aprel, 2026   |   17 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:37
Quyosh
05:58
Peshin
12:31
Asr
17:00
Shom
18:57
Xufton
20:12
Bismillah
06 Aprel, 2026, 17 Shavvol, 1447

Qushlarni qafasda saqlash mumkinmi?

09.04.2018   18552   2 min.
Qushlarni qafasda saqlash mumkinmi?

Savol: Ko‘rinishi va ovozidan huzurlanish uchun qushlarni qafasda saqlash joizmi? 

Javob: Ba’zi qushlarning ko‘rinishi chiroyli, ovozi yoqimli bo‘ladi. Go‘zallikni barcha yaxshi ko‘radi. Go‘zallik Alloh taoloning ne’matlaridandir. Alloh taolo marhamat qiladi: 

“Ayting: “Allohning bandalari uchun chiqargan ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?..” (A’rof, 32). 

“U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi) (Nahl, 8). 

Alloh taolo hayvonot, o‘simliklar va boshqa ziynatlarni bandalari uchun yaratgan. Ulardan zavqlanish, foydalanish mubohdir. Ziynat hisoblangan baliq va qushlarni dinimiz amrlaridan chiqmaslik sharti bilan boqish mumkin. Bu shartlar asosan quyidagilardir: 

  1. Ularni boqish bilan faxr va kibrga berilib ketmaslik kerak. 
  1. Ularni parvarish qilish va ularga e’tibor berish zimmasidagi ibodatlardan chalg‘itib qo‘ymasligi kerak. 
  1. Ular o‘z vaqtida oziqlantirilishi lozim. Zero, mushuk boqib, unga ovqat va suv bermay qiynagan ayolni Alloh taolo azoblagani haqidagi hadis mashhur. 

Ikki “Sahih”da vorid bo‘lgan hadisda Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning eng go‘zal xulqlisi edilar. Mening emikdosh ukam bo‘lib, uni Umayr – “Umarcha” deb chaqirishar edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizning uyga kelsalar: “Ey Abu Umayr, nug‘ayrni (tumshug‘i qizil, chumchuqsimon qush) nima qildik”, der edilar. 

Alloma Abul Abbos Qurtubiy aytadilar: “Ulamolarning “qushlarni qafasda ushlab turish” joiz degan fatvolaridan ularga azob berish mumkin, degan xulosa chiqmaydi, chunki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayvonlarga azob berishdan qaytarganlar”. Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha: “Qiyomat kuni qushlar, o‘zlarini qafasda saqlab, och qoldirib, qiynagan kishining bo‘yniga osilishadi va: “Ey Rabbim, mana bu meni dunyoda azoblagan”, deydi”.

 

“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi. 

O‘MI Matbuot xizmati

Fiqh
Boshqa maqolalar

Ulug‘ xulq qanday bo‘ladi?

03.04.2026   12415   1 min.
Ulug‘ xulq qanday bo‘ladi?

Xushxulqlik – bandalikning eng ulug‘ darajasi bo‘lib, unda mardlikning chin surati namoyon bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ko‘plab fazilatlar ato etganiga qaramasdan u zot sollallohu alayhi vasallamni aynan xulqi xushlari bilan madh etdi. Alloh taolo aytadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).

Olimlar qayd etadilar: “Ulug‘ xulq degani shunday xulq hisoblanadiki, bunday xulq sohibi hech kimga nisbatan adovatda bo‘lmaydi va unda odamlarning nafratiga sabab bo‘ladigan zarracha bo‘lsa ham yomon illatning o‘zi bo‘lmaydi. Bularning barchasi Allohni tanishning yuksak darajalari tufaylidir”.

Boshqa olimlar deydilar: “Ulug‘ xulq – bu odamlarning unga nisbatan qilgan jabru jafolarini Allohdan deb bilganligi sabab ulardan ranjimasligidir”.

Olimlarning quyidagicha fikrlari ham bor: “Ulug‘ xulq – bu kishining butun borlig‘iyu e’tiborini faqat Allohga qaratmog‘idir!”.


Shuningdek, ilohiyot olimlari yuqoridagi oyatni batafsil mana bu tarzda izohlagan ekanlar:

“Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, siz ulug‘ xulq sohibisiz! Bu daraja faqat sizgagina nasib etgan. Boshqa hech bir yaralmish xulqning bu darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham Siz boshqalarning qo‘lidan kelishi mahol bo‘lgan darajada matonatli, sabr sohibisiz”.

Olimlardan yana biri bu oyatni quydagicha izohlagan ekan: "Allohning xulqi bilan xulqlanganingiz uchun odamlarning tuhmati, ta’nayu malomati Sizga salbiy ta’sir etolmaydi va Siz ularning yomonliklaridan yetajak uqubatdan forig‘siz. Zeroki, o‘z kuchingiz bilan emas, Alloh aytganidek, Allohning yordami bilan toqat qilasiz".

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.