Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Yashnobod tumanidagi masjid qayta qurildi

26.01.2018   4347   5 min.
Yashnobod tumanidagi masjid qayta qurildi

Pul yemas ota” jome masjidi salkam besh asrlik tarixga ega bo‘lib, shu nomdagi qabristonga yondosh qurilgan. Sobiq ittifoq  davrida  masjid  binosi tashlandiq, eski binoga aylanib qolgan. Mamlakatimiz mustaqilikka erishganidan so‘ng, eski bino ta’mirlanib, “Maxmur”, “Umid”, “Beshbola” va “Mirzo Ulug‘bek” mahalla faollarining tashabbusi bilan  1992 yil “Pul yemas ota” nomi bilan rasmiy jome masjidi sifatida faoliyat boshladi. Masjidning bunday nomlanishi “Pul yemas ota” qabristoni nomi bilan bog‘liq. Rivoyatlarga ko‘ra, qabriston  nomi “Pul yemas ota” emas, aslida “Fil yemas ota” bo‘lgan. U kishi XV asrlarda masjid hududi va atrofidagi yerlarda dehqonchilik qilgan halol va taqvodor bir inson bo‘lgan. 1998 yil jome masjid qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Bugun, muborak juma kunida ushbu masjid qayta qurilib namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Masjidning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etdilar.

Muftiy hazrat juma namozida masjid qavmini bu qutlug‘ dargoh, go‘zal koshona, e’tiqod maskani bilan qutladilar, shunungdek, so‘ngi paytlarda mamlakatimizda namozxonlarning ibodat qilish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Masjid ahli yangi masjid binosida muftiy hazrat boshchiligida ilk bora juma namozini ado etidi. Namoz so‘ngida Qur’on tilovati qilindi, duoi xayrlarda o‘tganlar, masjid qurilishida hissa qo‘shgan barcha-barcha zahmatkashlar eslandi. Yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilgan e’tibor sabab qalblari xursandchilikka to‘lgan namozxonlar baralla duoga qo‘l ko‘tarib, Yaratganga shukrlar aytishdi.

Masjid haqida ikki og‘iz so‘z. Jome kishini o‘ziga ohangrobodek tortadi. Masjidga kirgan kishining undan chiqqisi kelmay qoladi. U o‘ta mustahkam ta’mal toshi ustiga pishiq g‘ishtdan qurilgan. Moviy gumbazli, o‘ta salobatli. Eshik va derazalariga zamonaviy akfa romlari o‘rnatilgan. Polda isitish moslamasi o‘rnatilgan.

Zina, hovli sahni va yo‘lkalarga kafel va bruschatkalar yotqizilgan. Tahoratxona zamonaviy uslubda jihozlangan. Masjid sahni obod, ko‘kalamzorlashtirilgan. Manzarali daraxt va gullar ekilgan. Qurilish ishlariga mohir usta va muhandislar jalb etilgani shundoq sezilib turibdi. Haqiqatan ham, ushbu ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishgan. Zero, masjid qurish, uni obod etishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab, masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Masjidlarni ko‘rkam qilish, namozxonlarga qulay sharoitlar yaratish katta ajr beriladigan amallardandir. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar. Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelganlar har namoz so‘ngida ona-Vatanimiz tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duolar qilishadi. Bunday xayrli duolar sharofati ila Yaratgan Parvardigor yurtimizni yanada farovon qiladi.

Azim poytaxtimizda qad rostlagan ushbu yangi jome masjid mahalla ahli uchun juda katta tuhfa bo‘ldi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

21.07.2025   2439   1 min.
Bunday holatda namoz qaytadan o‘qiladimi?

Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
•  Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
•  Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
•  Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.

Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab  (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.

Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.