Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2026   |   19 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:34
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2026, 19 Shavvol, 1447

Sahobalar hayoti ruknidan: Muallima onamiz

12.01.2018   13853   5 min.
Sahobalar hayoti ruknidan: Muallima  onamiz

Ulug‘ sahobalar qatorida, shubhasiz, Oisha onamiz roziyallohu anhoning nomi hurmat ila tilga olinadi. Muallima onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suyukli rafiqasi edilar. U kishi haqida oyati karimalar tushgan. Oisha roziyallohu anho Abu Hurayra, Abdulloh ibn Umar, Anas ibn Molik va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumdan keyin eng ko‘p hadis rivoyat qilgan. Onamiz hadislarni Rasululloh alayhissalomdan bevosita eshitib, rivoyat etganlar. Rasululloh alayhissalom: “Ey Oisha, Jabroil senga salom keltirdi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Otasi Abu Bakr Siddiq, onasi Ummu Rummon bo‘lib, har ikkalasi ham musulmon bo‘lgan vaqtda Oisha roziyallohu anho dunyoga keldi. U zot yoshligidan o‘ta ziyrak, fahmi tez, zehni o‘tkir qiz edi. Oisha roziyallohu anho musulmon oilada imon-ixlosli, taqvoli bo‘lib ulg‘aydi.

Qurayshning fozila ayollaridan biri Havla binti Hakam Payg‘ambarimiz alayhissalomga Oisha binti Abu Bakr yoki Savda binti Zam’aga uylanishlarini taklif qildi. Chunki u zot Xadicha onamiz vafotidan so‘ng yolg‘izlanib qolgan edilar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Uch kecha seni tushimda ko‘rdim. Farishta seni yashil harir matoga o‘rab olib kelar va: “Mana shu sening ayoling”, der edi. Yuzingni ochsam, sen bo‘lar eding. O‘zimcha, agar bu Allohdan bo‘lsa, tushimni o‘ngidan keltirar, der edim», dedilar(Imom Buxoriy rivoyati).

Shu tariqa Oisha roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga unashtirildi. Oisha onamiz to‘y ziyofatini bunday eslaydi: “Allohga qasam, to‘yim kuni biror jonliq so‘yilmadi. Sa’d ibn Uboda Rasululloh alayhissalomga hadya qilgan bir tovoq bo‘lib, xotinlar undan galma-gal foydalanishar edi. Nabiy alayhissalom mehmonlarga shu tovoqda ovqat va sut keltirdilar”. Asmo binti Yazid roziyallohu anho hikoya qiladi: «To‘y kuni Oishani yasantirdik. Nabiy alayhissalom bizga sut tortiq qildilar. Biz: “Ichgimiz kelmayapti”, dedik. Nabiy alayhissalom: “Ochlik va yolg‘onni birlashtirmanglar”, dedilar». Oishaga besh yuz dirham mahr berildi.

Muborak xonadonda Oisha roziyallohu anhoning aqli, ilmi va fikri ziyoda bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning har bir so‘zlarini yodlab, amallarini o‘rganish harakatida bo‘ldilar.

Imom Zahabiy “Siyar a’lom an-Nubalo” asarida bunday yozadi: «Bir kuni Abu Bakr roziyallohu anhu Oisha onamizning Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir oz qo‘rslik qilayotganini ko‘rib, g‘azablandi va: “Sen Rasulululloh sollallohu alayhi vasallamga ovozingni baland qilyapsanmi?” dedi. Payg‘ambarimiz shunda ota va qizini murosaga chaqirdilar va onamizning ko‘ngliga yoqadigan gaplar aytdilar. Boshqa paytlari Abu Bakr roziyallohu anhu kuyovi bilan qizining kulishib turishganini ko‘rsa: “Aytishib qolganlaringdagi kabi quvonchli paytlarda ham meni sherik qilinglar, der edi» (No‘mon ibn Bashir rivoyati).

Oisha roziyallohu anho qo‘li ochiq, saxiy  ayol edilar. Hadya mollari qancha bo‘lishidan qat’i nazar, ushlab turmay, barini muhtojlarga, haqdorlarga berardilar.

Oisha onamiz Rasuli akromdan: “Meni qanchalik yaxshi ko‘rasiz?” deb so‘rar, u zot: “Arqon tugunidek” deganida, “Siz aytgan tugun qanaqa bo‘ladi?” deb yana savol berardi. “Tugundek tugun-da”, derdilar Payg‘ambar alayhissalom tabassum bilan.

Oisha roziyallohu anho ilk marta bolalik chog‘larida Qur’oni karimni otalaridan eshitdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bevosita eshitib, yod oldilar. Ko‘p holda oyatlar tushishiga ham guvoh edilar. Saodatli damlarini eslab: “O‘z uyimdan nubuvvat xonadoniga ko‘chganimdan keyin Baqara va Niso suralari nozil bo‘ldi. Shu tufayli hujram “vahiy tushgan joy” nomini oldi. Men vahiy payti ham u zotning huzurlarida edim. Salqin havoda ham peshonalari terlab ketardi”, deydi. Odatda vahiy kelgan paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ahllari bir oz chetlanib turgan. Ammo Oisha roziyallohu anho Payg‘ambarimiz alayhissalomning yonlarida turganida ham u zotga vahiy tushgan.

Oisha onamiz qisqa muddat bo‘lsa-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan baxtli, osuda hayot kechirdi. Nabiy alayhissalom Oisha onamiz bilan masjidga yonma-yon qurilgan xonada yashadilar.

Hijratning oltinchi yilidagi “Ifk (bo‘hton, tuhmat) voqeasi”dan ko‘p o‘tmay, Alloh taolo Oisha onamizning pokligi haqida oyatlarni nozil qildi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin ham Oisha onamiz ilmlari va axloqiy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak, ulamolarning muallimasi va murabbiyasi bo‘ldilar. Katta-katta tobein olimlarga ustozlik qildilar. Qiyin masalalarda sahobalar har doim Oisha onamiz roziyallohu anhoga murojaat qilar va undan aniq yechimini eshitardi. Onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng ham yuksak hurmat ko‘rdilar.

Oisha roziyallohu anho hijriy 58 yili 66 yoshida ramazon oyining o‘n yettinchi kuni vafot etdi. Madinadagi Baqiy qabristoniga dafn etildi.

 

Zamira QOSIMOVA

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sirdaryoda diniy soha xodimlarining yangi rejalari belgilandi

07.04.2026   6478   1 min.
Sirdaryoda diniy soha xodimlarining yangi rejalari belgilandi

Shu yilning 6 aprel kuni Guliston shahridagi “Guliston” jome masjidida Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov rahbarligida viloyatdagi imom-xatiblarning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri Abdurahmon Nazirqulov ham ishtirok etdi.


Yig‘ilish kun tartibidan diniy-ma’rifiy faoliyatni jadallashtirish, ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash va yurt obodligiga hissa qo‘shish kabi muhim masalalar o‘rin oldi.


Viloyat bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov o‘z nutqida “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Masjidlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish, mevali va manzarali daraxtlar ekish hamda hududlarda ozodalikni saqlash imom-xatiblarning diqqat markazida bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.


Muloqot davomida mahalla “yettiligi” bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, fuqarolar yig‘inlarida faol ishtirok etish va aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, xorijdagi vatandoshlarimiz va mehnat migrantlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning oila a’zolaridan xabar olish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.


Viloyat hokimligi mas’uli Abdurahmon Nazirqulov so‘zga chiqib, masjidlarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash va aholi orasida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda diniy soha xodimlarining o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi.


Yig‘ilish yakunida imom-xatiblarga berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, kasbiy mas’uliyatni oshirish hamda jamoatchilik bilan ishlashda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.


Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Sirdaryoda diniy soha xodimlarining yangi rejalari belgilandi Sirdaryoda diniy soha xodimlarining yangi rejalari belgilandi Sirdaryoda diniy soha xodimlarining yangi rejalari belgilandi Sirdaryoda diniy soha xodimlarining yangi rejalari belgilandi
O'zbekiston yangiliklari