Maqolalar
SUKUT saqlashning 702 ta eng muhim FOYDASI (2-qism)
07.01.2026
760
18 min.
Faqat ASOSIYLARIni sanab o‘tamiz. (Maqola 5 qismdan iborat)
ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:
- Katta tishlasang ham, katta gapirma!
- Oldin o‘yla, keyin so‘yla.
- Dunyoni yel buzar,
Odamni — so‘z.
Aytmadim — qutuldim.
Gapirmaganing — oltin.
- Til suyaksiz bo‘lsa ham, suyakni yanchiy olar.
- Yomon til yo jonga urar,
Yo — imonga.
- Ariqni suv bezar,
Odamni — so‘z.
- Yomon so‘z egasiga qaytar.
- Aytar so‘zni ayt,
Aytmas so‘zdan qayt.
- Aytilgan so‘z — otilgan o‘q.
- Gapning ozi yaxshi,
Qizning — nozi.
- Gapning qisqasi — yaxshi,
Qisqasidan hissasi — yaxshi.
- Anjom — uy ziynati,
So‘z — inson ziynati.
- Achchiq savol berib,
Shirin javob kutma.
- Yaxshi so‘z kuldirar,
Yomon so‘z o‘ldirar.
- Suydirgan ham til,
Kuydirgan ham til.
- Achchiq til — zahri ilon,
Chuchuk tilga — jon qurbon.
- O‘ziga boqma, so‘ziga boq.
- «Barakalla»ga quyi mehnat qilib o‘lar.
- Bir tavakkal buzadi,
Ming qayg‘uning qal’asin.
Bir shirin so‘z bitkazar,
Ming ko‘ngilning yarasin.
- Bir yaxshi gap esdan chiqmas,
Bir — yomon gap.
- Birovning o‘zi g‘ar,
Birovning so‘zi g‘ar.
- Bug‘doy noning bo‘lmasin,
Bug‘doy so‘zing bo‘lsin.
- Gapda g‘iybat yomon,
Dardda — quyonchiq.
- Gapdan gap chiqar,
Cho‘pdan — xas.
- Gapi gapga o‘xshamas,
Og‘zi gapdan bo‘shamas.
- Gapi sassiqning o‘zi sassiq.
- Gapi to‘mtoqning o‘zi to‘mtoq.
- Gapi to‘ngning o‘zi to‘ng.
- Go‘sht-yog‘ berma, yaxshi til ber.
- Donning achchig‘i yaxshi,
So‘zning — shirini.
- Duo bilan el ko‘karar,
Yomg‘ir bilan yer ko‘karar.
- Duo olgan ko‘karar,
Tuhmat olgan oqarar.
- Duo olgan omondir,
Qarg‘ish olgan yomondir.
- Yomon gap — bosh qozig‘i,
Yaxshi gap — jon ozig‘i.
- Yomon gap yer tagida uch yil yotar.
- Yomon gap tarsakidan yomon.
- Yomon gapning oyog‘i olti.
- Yomon so‘z bo‘lmasa,
Yaxshi so‘z bo‘lmaydi.
- Yomon so‘zlab sovutma,
Jon og‘ritib ovutma.
- Yomon so‘zning qanoti bor.
- Yomonning tili bor,
Yaxshining — dili.
- Yomonning yuzi qursin,
Gapirgan so‘zi qursin.
- Yomonning yaxshi so‘zidan,
Yaxshining yomon so‘zi yaxshi.
- Jig‘li qarg‘ish jig‘ini topar,
Jig‘siz qarg‘ish — o‘zini.
- Iliq so‘z — shakar,
Sovuq so‘z — zahar.
- Issiq kiyim tanni ilitar,
Issiq so‘z jonni ilitar.
- Kishining o‘zi yetmagan yerga so‘zi yetar.
- Kuch egmaganni so‘z egar.
- Ko‘zdan ko‘zing toysa,
So‘zdan ko‘ngling toyar.
- Ko‘ngilni qo‘l bilan ovlamasang,
Til bilan ovla.
- Ko‘ngilsiz gapning kechikkani yaxshi.
- Mazali so‘zga quloq charchamas.
- Ma’qul so‘zga qoruv yo‘q.
- Ming chechanni bir ezma yengar.
- Muzdan suv tomar,
So‘zamoldan — bol.
- Ovni — oziq bilan,
Odamni — so‘z bilan.
- Ovqatni tuz mazali qilar,
Odamni — so‘z.
- Odam gap bilan,
Hayvon o‘t bilan.
- Odam so‘zi bilan sinalar,
Osh — tuzi bilan.
- Odam — so‘zlashguncha,
Yilqi — kishnashguncha.
- Odam so‘zlashib tanishar,
Hayvon — hidlashib.
- Odam so‘zlashar,
Hayvon yalashar.
- Olim so‘zi oz,
Oz bo‘lsa ham soz.
- Orqadagi gap — og‘ildagi tezak.
- Ochiq til osh yedirar,
Achchiq til tosh yedirar.
- Oq degani — olqish,
Qora degani — qarg‘ish.
- Og‘izga kelgan so‘z arzon,
Ovulga kelgan bo‘z arzon.
- Og‘izdan chiqqan so‘z qaytmas.
- Og‘rigan joyga qo‘l yugurar,
Og‘ritar so‘zga til yugurar.
- Pichir-pichirdan o‘t chiqar.
- Puling bo‘lmasa, bo‘lmasin,
Shirin so‘zing bo‘lsin.
- Sabr qilgan moy oshar,
Olqish olgan ko‘p yashar.
- Sen ham — bir og‘izdan,
Siz — ham.
- Sovuq gap yurakni muzlatar.
- Suv o‘z yo‘lini topar,
So‘z — o‘z egasini.
- Suyaksiz til suyak sindirar.
- So‘z — bir, sayqal — qirq.
- So‘z kaltada,
Un xaltada.
- So‘z oyoqdan ilgari borar.
- So‘z ojizi bo‘lguncha,
Ko‘z ojizi bo‘l.
- So‘z suyakdan o‘tar,
Tayoq — etdan.
- So‘z chumchuq emas,
Og‘izdan chiqsa, tutib bo‘lmas.
- So‘z emgak bo‘lar,
Bo‘z — ko‘ylak.
- So‘zda qanquv yomon,
Dardda — sanchuv.
- So‘zdan so‘zning farqi bor,
O‘ttiz ikki narxi bor.
- So‘zdan so‘z chiqar,
So‘zlamasang na chiqar.
- So‘zi nodurustning o‘zi nodurust.
- So‘zlagandan so‘zlamagan yaxshiroq,
So‘zlab edim, boshimga tegdi tayoq.
- So‘zni bir ezmadan so‘ra,
Bir — kezmadan.
- So‘zning boyligi — odamning chiroyligi.
- So‘zning yomoni — sanchiq,
Dardning yomoni — quyonchiq.
- So‘zning onasi — quloq,
Suvning onasi — buloq.
- Tayog‘i yo‘g‘on birni urar,
So‘zi yo‘g‘on mingni urar.
- Tanballik — kulfat,
Mahmadanalik — ofat.
- Taom lazzati o‘zida.
Odam lazzati — so‘zida.
- Til bor, bol keltirar,
Til bor, balo keltirar.
- Til tig‘i qilich tig‘idan o‘tkir.
- Til yugurigi — boshga,
Oyoq yugurigi — oshga.
- Til yaxshisi bor etar,
Til yomoni xor etar.
- Tilga ixtiyorsiz — elga e’tiborsiz.
- Tilga e’tibor — elga e’tibor.
- Tilga ehtiyot — elga ehtiyot.
- Tili shirinning do‘sti ko‘p.
- Tilni bog‘la dil bilan,
Dilni bog‘la til bilan.
- Tig‘ jarohati bitar,
Til jarohati bitmas.
- Toza suvni yer olar,
Yaxshi so‘zni el olar.
- Tuzsiz oshning epi oson,
Tuzsiz gapning epi qiyin.
- To‘qson og‘iz so‘zning to‘qsonta tuguni bor.
- Uzun til — boshga to‘qmoq,
Bo‘yinga — sirtmoq.
- Uzun tilim — uzgin tilim,
Qisqa tilim — tizgin tilim.
- Fil ko‘tarmaganni til ko‘tarar.
- Xotin so‘zini qondirar,
Er urug‘idan tondirar.
- Xushxabarning ming qanoti bor.
- Chin so‘z — mo‘tabar,
Yaxshi so‘z — muxtasar.
- Shakar ham tilda,
Zahar ham tilda.
- Shirin so‘z shakardan shirin.
- Shirin so‘z o‘likni ham tiriltirar.
- Shirin so‘z — qaymoqli ayron,
Achchiq so‘z — bo‘yniga arqon.
- Shirin-shirin so‘zlasang,
Ilon inidan chiqar.
Achchiq-achchiq so‘zlasang,
Musulmon dinidan chiqar.
- Shirin yuzingdan shirin so‘zing a’lo.
- Egasiz qarg‘ish egasini topar.
- Eldagi gap — dildagi gap.
- Elli(k) gapdan belli gap yaxshi.
- Elni sevsang, elcha gapir.
- Er boyligi — yo‘lda,
So‘z boyligi — tilda.
- Er — lafzidan,
Qo‘y — bo‘g‘zidan.
- Etigi yomon to‘r bulg‘ar,
Og‘zi yomon — el.
- Yuz yuzdan shirin,
So‘z so‘zdan shirin.
- Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,
Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.
- Yaxshi gapga quloq sol,
Yomon gapga uloq sol.
- Yaxshi gapning ham qulog‘i bor,
Yomon gapning — ham.
- Yaxshi naql — tomiri aql.
- Yaxshi osh berguncha, yaxshi so‘z ber.
- Yaxshi og‘izga — osh,
Yomon og‘izga — tosh.
- Yaxshi so‘z boldan shirin.
- Yaxshi so‘z bo‘ldiradi,
Yomon so‘z kuydiradi.
- Yaxshi so‘z iydirar,
Yomon so‘z bezdirar.
- Yaxshi so‘z — ko‘ngil podshosi.
- Yaxshi so‘z suyuntirar,
Yomon so‘z kuyuntirar.
- Yaxshi so‘z — yurak yog‘i,
Yomon so‘z — yurak dog‘i.
- Yaxshi so‘z — yurakka malham,
Yomon so‘z — yurakka g‘am.
- Yaxshi so‘zga uchar qushlar el bo‘lar,
Yomon so‘zga pashsha kuchi fil bo‘lar.
- Yaxshi so‘zdan — vafo,
Yomon so‘zdan — vabo.
- Yaxshi so‘zdan moy eriydi,
Yomon so‘zdan soy quriydi.
- Yaxshi so‘zning mazasini bilmagan,
Yomon so‘zning izzasini bilmas.
- Yaxshining so‘zi — oltin,
Yomonning so‘zi — bolta.
- Yaxshining so‘zi toshni eritar,
Yomonning so‘zi boshni chiritar.
- Yaxshining so‘zi — qaymoq,
Yomonning so‘zi — to‘qmoq.
- Yaxshi-yaxshi desa,
Kunda tariqday yaxshilik qo‘shilar emish.
Yomon-yomon desa,
Kunda tariqday yomonlik qo‘shilar emish.
- O‘z aqling aqldir,
Elning aqli naqldir.
- O‘zi sovuqning — so‘zi sovuq.
- O‘n og‘iz so‘z ming og‘iz bo‘lar.
- O‘tarchining nashtari yeng ichida,
Zahar xotin nashtari til uchida.
- O‘ttiz tishdan chiqqan so‘z,
O‘ttiz uruqqa tarqalar.
- O‘q birni o‘ldirar,
So‘z — mingni.
- Qarg‘ishning ikki uchi bo‘lar.
- Qattiq gap qarindoshga ham yoqmas.
- Qizil tilim bo‘lmasa,
Qishlar edim elimda.
Yashil tilim bo‘lmasa,
Yayrar edim elimda.
- Qizil tilim tiyolmadim,
Qizimnikiga borolmadim.
- Quruq so‘z bosh og‘ritar,
Yoriq qoshiq og‘iz yirtar.
- Qo‘yning qimmati — yungida,
Odamning qimmati — so‘zida.
- Sevdirgan ham til,
Bezdirgan ham til.
- Sel ariqni buzar,
Yomon so‘z — dilni.
- Quloqdan kirgan sovuq so‘z
Ko‘ngilga borib muz bo‘lar.
- Qo‘tir qo‘ldan yuqar,
Balo — tildan.
- Do‘st orttiraman desang,
Shirin suhbat qil!
Dushman orttiraman desang,
Chaqirtikan bo‘l!
- Har kim o‘z tili bilan tirik.
- Yaxshiga qilsang yaxshilik –
Ham aytadi, ham qaytadi.
Yomonga qilsang yaxshilik –
Na aytadi, na qaytadi.
- Yaxshi so‘z to‘rga eltar,
Yomon so‘z — go‘rga.
- Har mevaning po‘chog‘i bor,
Har so‘zning o‘lchovi bor.
- Shirinso‘z shoh kosasida suv ichar.
- Hikmat — bir hovuch oltin.
- Yo‘l quvgan xazinaga yo‘liqar,
So‘z quvgan — baloga.
- Tuya ham muomalaga cho‘kar.
- Tilingda bo‘lsa boling,
Kulib turar iqboling.
- Yaxshi so‘z qand yedirar,
Yomon so‘z pand yedirar.
- Yomon til boshga balo keltirar,
Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.
Ibrohimjon domla Inomov.
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING