Kecha Urganchda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Xorazm viloyat hokimligi hamkorligida “O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar” mavzuida diniy soha xodimlari hamda ma’naviyat targ‘ibotchilari uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Targ‘ibot tadbirida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat, shahar, tuman kengashlarining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, siyosiy partiyalar viloyat kengashlari raislarining ma’naviy targ‘ibot bo‘yicha bo‘lim boshliqlari O‘zbekiston yoshlar ittifoqining viloyat kengashi bo‘lim mudirlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, imom-xatiblar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar va tashabbuslarning mazmun-mohiyatidan diniy soha xodimlari, ma’naviyat targ‘ibotchilarini yanada batafsilroq xabardor etish maqsad qilib qo‘yildi.
O‘quv-seminarda O‘zbekistonning xalqaro maydonda diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida olib borayotgan siyosatining mohiyati, mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada barqarorlashtirishda diniy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan:
-O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi va Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyati;
-joriy yilning 18 oktyabrida Toshkentda o‘tkazilgan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilarining yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik haqida bildirgan fikr-mulohazalari;
-imom-xatiblarning ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, muqaddas dinimizning sofligini asrashda tutgan o‘rni va vazifalari;
-yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularning ongi va dunyoqarashini “ommaviy madaniyat” kabi salbiy ta’sirlardan himoyalashning muhim yo‘nalishlari mavzularida so‘z yuritilib, so‘z borgan mavzular videolavhalar va slaydlar vositasida yoritildi.
Xususan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Z.Sultonov “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi va Islom hamkorlik tashkilotining fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida so‘zlagan nutqining mazmun mohiyati”;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari I.Inomov “Imom-xatiblarning ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, muqaddas dinimizning sofligini asrashda tutgan o‘rni va vazifalari”;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘limi rahbari B. Abdirahimov “Yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol etib tarbiyalash, ularning ongi va dunyoqarashini “ommaviy madaniyat” kabi salbiy ta’sirlardan himoyalashning muhim vazifalari” mavzuida ma’ruza qildi.
Shuningdek, tadbirda “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzusidagi xalqaro konferensiyasida Kavkaz musulmonlari diniy idorasi rahbari Shayxul islom Ollohshukur Poshshozodaning ma’ruzasi bo‘yicha tayyorlangan videolavha namoyish etildi hamda ishtirokchilarga “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuidagi xalqaro konferensiya to‘plami tarqatildi.
O‘quv-seminarda Islom olamida kechayotgan murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning asl mazmuni, ularning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini bartaraf etish hamda turli g‘arazli va terroristik holatlarni muqaddas Islom dini bilan bog‘layotgan kuchlarga nisbatan diniy soha xodimlarining yakdil munosabatini belgilash, ularga qarshi kurashishning samarali usullari ustida ishlashga kelishib olindi.
* * *
Ayni mavzudagi tadbir kunikecha Nukusda qoraqalpog‘istonlik diniy soha xodimlari hamda ma’naviyat targ‘ibotchilari uchun ham bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari M.Aleuov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Z.Sultonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari I.Inomov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy bo‘limi rahbari K.Yusupov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Sh.Bauatdinov, Qoraqalpog‘istondagi masjidlarda faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblar, imom noiblari hamda ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirdan asosiy maqsad, imom-xatiblar va ma’naviyat targ‘ibotchilariga O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xorijlik ulamolar, diniy soha xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarning mazmun-mohiyatini yanada batafsil yetkazish, yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga yot bo‘lgan zararli ta’sirlardan himoya qilishga qaratilgan tadbirlarning samaradorligini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
O‘MI matbuot xizmati
اللَّهُمَّ إنِّي أسْألُكَ اليقين والعفو و الْعَافِيَةَ فِي الدُّنْيَا وَالآخِرَةِ
O‘qilishi: Allohumma inniy asa’lukal yaqiyna val’afva val’aafiyata fiddunyaa valaaxiroti.
Ma’nosi: Allohim, men Sendan dunyo va oxiratda yaqiyn (qat’iy ishonch), afv hamda ofiyatni so‘rayman (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taoloning bandasiga bergan eng ulug‘ ne’matlari va eng buyuk yaxshiliklaridan biri – sog‘liq va ofiyat. Ofiyat barcha ne’matlarning eng ulug‘idir. Shu bois Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilardilar: “Allohim, men Sendan dunyo va oxiratda yaqiyn (qat’iy ishonch), afv hamda ofiyatni so‘rayman”.
Ushbu duo javome’ul-kalim ya’ni qisqa bo‘lsada ma’nosi keng qamrovli bo‘lgan duolardan sanalib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni tongda va kechki vaqtda doimiy ravishda takrorlab o‘qishdan charchamas edilar. Chunki bu duo dunyo va oxirat yaxshiliklarini o‘z ichiga oladi.
Afv (kechirimlilik) – Alloh taoloning bandasining gunohlarini kechirib, qilgan ishlari uchun jazolamay o‘tib ketishidir.
Ofiyat esa – Allohning bandasini kasalliklar, musibatlar va har qanday yomonliklardan saqlashidir. Dunyo va oxiratdagi parda, xotirjamlik, xavfsizlik va muhofaza etish ham ofiyatning bir qismiga kiradi.
Ulamolar aytadilarki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoda avvalo dunyo va oxirat ofiyatini so‘raganlar. Chunki ofiyat – hamma narsaga teng kelmaydigan ulug‘ ne’matdir. Bu duo orqali gunohlarni o‘chirish, har qanday zarar keltiruvchi balolar va musibatlardan, shuningdek, oxirat dahshatlari va u yerdagi turli jazolardan panoh so‘ralgan. Shu sababli bu duo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonidan aytilgan eng buyuk maqsadlarni o‘z ichiga olgan duolardandir.
Balolarning ba’zilari ochiq-oydin bo‘ladi – jismoniy kasalliklar va moddiy illatlar. Ayrimlari esa yashirin – qalb kasalliklari kabi ma’naviy ofatlardir. Shuning uchun duoda eng muhim ofiyat – qalb salomatligi avval so‘ralgan: “Allohim, men Sendan yaqiyn (qat’iy ishonch) so‘rayman” – ya’ni to‘liq va komil ilm, shubha va gumondan xoli bo‘lgan qat’iy ishonch. Bu esa iymonning eng oliy darajasidir, dunyo va oxiratda najot aynan mana shu bilan bo‘ladi. Yaqiyn qalbga joylashsa, inson dunyodan uzilib, oxiratga mahkam bog‘lanadi.
Sufyon as-Savriy rahimahulloh aytadi: “Agar yaqin qalbga lozim darajada joylashsa edi, inson jannatga bo‘lgan sog‘inchidan uchib ketar, do‘zaxdan qochishga oshiqar edi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dinda ofiyat so‘rashlari – mo‘minning aqidasi va tavhidiga putur yetkazuvchi har qanday narsadan: fitnalar, adashishlar, shubhalar va shahvatlardan saqlanishni so‘rashdir.
Dunyoda ofiyat – inson hayotida zarar keltiruvchi musibatlar va qiyinchiliklardan omonda bo‘lishni so‘rashdir.
Oxiratda ofiyat esa – uning qo‘rqinchlari, qiyinchiliklari va jazolaridan najot topishni tilashdir.
Imom Shavkoniy rahimahulloh aytadi: “Ofiyat – Alloh taoloning bandasini himoya qilishi demakdir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu duo orqali ofiyat so‘rash najot va muvaffaqiyat, jannatga erishish va do‘zaxdan najot topish yo‘li ekanini bayon qilganlar. Shuning uchun bu duo Alloh taolo huzurida eng sevimli duolardan hisoblanadi. Chunki u dunyo va oxirat yaxshiliklarini qamrab olgandir.
Ibn al-Jazariy rahimahulloh aytadi: “Aqlli inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tanlagan ushbu duoning qadrini anglasin. Kimga ofiyat berilsa, u qalbi, tanasi, dini va dunyosi bilan istagan barcha yaxshilikka yetishadi hamda ikki dunyoda qo‘rqqan barcha narsalardan saqlanadi”.
Ilyosxon AHMЕDOV