Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar
04.08.2017
19555
2 min.
- “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”(Ibn Moja, Imom Termiziy rivoyati).
- “Uch narsaga qasam ichaman: Bandaning moli sadaqa qilish bilan kamaymaydi. Kimga biror zulm yetganida sabr qilsa, Alloh uning izzat-sharafini oshiradi. Kim tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochadi...” (Imom Termiziy rivoyati).
- “Dinning ofati uchtadir: Gunohlarni qilaveruvchi faqih, zolim imom va johil mujtahid” (Imom Daylamiy rivoyati).
- Munofiqning alomati uchta: agar gapirsa, yolg‘on so‘zlaydi; agar va’da bersa, xilof qiladi; agar omonat berilsa, xiyonat qiladi (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
- Uchta duo ijobat qilingan: Ro‘zadorning duosi, musofirning duosi va mazlumning duosi (Aqiyliy rivoyati).
- Uch narsa borki, o‘sha narsani haqligini bilaman. Bir kishi zulm qilinganda afv qilsa, Alloh u bilan azizlikni ziyoda qiladi. Bir kishi tilanchilik eshigini ochsa va u bilan mol-dunyosi ko‘payishini talab qilsa, Alloh unga kambag‘allikni ziyoda qiladi. Bir kishi o‘ziga sadaqa eshigini ochsa va u bilan Allohning roziligini talab qilsa, Alloh unga faqat ko‘plikni ziyoda qiladi (Imom Bayhaqiy rivoyati).
- Uchta fazilat borki, musulmon kishini dunyodagi saodatidir: Solih qo‘shni, keng maskan va yengil markab (Imom Tabaroniy rivoyati).
- Uch narsa omonlikdir: Ichidayu ustida Allohdan qo‘rqish, rozilikdayu, g‘azabi kelganda adolatli bo‘lish, kambag‘alligu boylikda tejamkor bo‘lish. Uch narsa borki, u halokatdir: Havoyi nafsiga tobe’ bo‘lish, o‘ziga bo‘ysundiruvchi xasislik va kishi o‘zi haqida yuksak fikrda bo‘lishi (Abu Shayx rivoyati).
- Inson o‘zidan keyin qoldirgan narsalarning eng yaxshisi uchtadir: Duo qilib turuvchi solih farzand, sadaqai joriya, o‘zidan keyin foydalaniladigan ilm (Abu Qatoda rivoyati).
- Uchta yolg‘ondan boshqa barcha yolg‘on yoziladi: Urushda kishi yolg‘on gapirishi. Chunki urush hiyladir. Kishi xotinini rozi etishi uchun yolg‘on gapirishi. Ikki kishini orasini isloh qilish uchun yolg‘on gapirish (Imom Ibn Sunniy rivoyati).
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING