Ramazonning o‘ziga xos fayzu barakasi bor. Bu oyda nafsimiz isloh topadi, sabr-toqatimiz sinovdan o‘tadi. Bu oy faqat och yurish, rohat-farog‘atdan tiyilishdan iborat emas. Bu oyda kishi qalbidagi rahm-shafqat va mehr-muruvvat tuyg‘ulari yuksaladi. Ayniqsa, chanqoq va ochlikni boshidan kechirayotgan kishining qalbi yumshab, muloyim bo‘ladi. Faqat o‘z nafsini o‘ylab yashashdan tiyilib, muhtoj va nochor kishilarni o‘ylab, ularning holidan xabar olishni odat qiladi. Muslim va Termiziy rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim bir mo‘minning dunyo ishlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning mashaqqatlaridan birini yengillatadi. Kim qiynalib qolgan muhtojga yordam bersa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratida yordam beradi. Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning aybini yashiradi. Kim o‘z birodariga yordam bersa, Alloh taolo uning yordamida bo‘ladi”.
Hadisi sharifdan ayon bo‘layotirki, har qanday yaxshilik beiz ketmaydi. Betama’ yaxshilikning mukofoti bor. Bu oyda ibodat, tilovat, xayru ehsonlar ko‘payadi. Boylar va kambag‘allarning barobar ro‘za tutib, taroveh va hayit namozlarini birgalikda ado etishi bir-biriga qalblarini yaqinlashtiradi, odamlar o‘rtasida yakdillik, birlik va birdamlik vujudga keladi. Ayniqsa, ro‘zador kishilar birgalikda iftorga borib, bir-birlarini izzat-ikrom qilishining o‘zi ham mehr-muruvvat hissi shakllanishiga yordam beradi. Bir donishmand muruvvatni shunday ta’riflaydi: “Aql seni eng foydali ishga buyursa, muruvvat esa eng chiroylisini qilishga undaydi”.
Demak, aql insonga yaxshi va yomon amalni ajratib, farqlab beradi va yaxshisini qilishga yo‘l ko‘rsatadi. Muruvvat esa o‘sha amalni yanada chiroyli bajarishga yo‘l ko‘rsatadi. Bugungi kunda internet va mobil telefonlar odamlarni bir-biriga ulfat qilish, uzog‘ini yaqin qilish o‘rniga ularni bir-birlaridan begonalashtirib qo‘yayotgandek. Hatto bir-biri bilan ko‘rishganda salom-alikdan nariga o‘tmaydigan holat paydo bo‘lmoqda. Qaysi bir suhbatda bo‘lsangiz o‘sha suhbatda, albatta, mobil telefoni ham “suhbatdosh” ga aylanmoqda.
Hamjihatlik va birdamlik har bir amalning barakasi va xayrini yanada oshiradi. Shuning uchun dinimizda bir ro‘zadorning qornini to‘yg‘azishning ajr-savobi ulug‘ligini ta’kidlab qo‘yilgan. Shunga o‘xshash xislatlari bilan ro‘za oyi qalblarga o‘zgacha shukuh va quvonch bag‘ishlaydi. Inson nafsini tiyish orqali katta ajr-savob oladi, bir ro‘zadorga quvonch ulashsa o‘zini baxtiyor his qiladi. Ayniqsa, iftor vaqti yaqinlashganda qalbimiz va nafsimizga o‘zgacha xursandlik inadi. Buni ko‘pchilik bilan baham ko‘rilsa, ajr-savobi ulug‘ligini tasavvur qilavering. Hazrati Ali roziyallohu anhu uyiga mehmon kelmay qo‘ysa xafa bo‘lib yig‘lar ekan. “Nega yig‘layapsiz”, deb so‘ralsa: “Yetti kundan beri mehmon kelmay qo‘ydi, Alloh mendan nafratlanadi, deb qo‘rqaman”, der ekan. Uyiga mehmon kelsa, ranjiydigan va o‘ziga og‘ir oladiganlar ham yo‘q emas. Hazrati Alining mehmon kelmay qo‘ygandan xafa bo‘lishini bir o‘ylab ko‘raylik. Ana shu holatning o‘zida ham mehr-muruvvat va boshqalarga yaxshilik qilish va shu orqali ajr-savob topishga intilish mavjud. Ramazon oyining ro‘zasini tutish bilan qalbimizni mehr-muhabbat tuyg‘usi egallasa, demak, ro‘zamizdan o‘zimizga foyda yetibdi va ko‘zlagan maqsadimizga erishibmiz.
Bobomurod ERALI
Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni ishonchli manbalarga asoslangan bilim bilan ta’minlashda imom-xatiblarning o‘rni muhim. Minbarda aytilgan har bir so‘z ilmiy asos va ishonchli manbaga tayanishi uchun esa diniy soha vakillarining muntazam ravishda bilimlarini boyitib borishi talab etiladi. Ana shu maqsadda Namangan viloyatidan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz bugun uch ming yillik tariximizni namoyish etuvchi muzey sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-tadqiqot maskani sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunga qadar ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini namoyon etadi.
Tashrif Markaz kutubxonasidan boshlandi. Mehmonlar bu yerda jamlangan mumtoz manbalar, islom tarixi, aqida, fiqh, hadis va tafsir ilmlariga oid nashrlar, tabiiy va aniq fanlar tarixiga oid tadqiqotlar hamda elektron resurslar bilan tanishdilar. Tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildilar. Ular orqali yurtimiz hududida asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma’naviy va madaniy merosning yaxlit manzarasi bilan tanishdilar.
Namangan viloyati Norin tumani bosh imom-xatibi Zikrillo qori Umurzoqov ekspozitsiyalarda ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi turli yo‘nalishlarda yaxlit holda namoyon etilganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millati tarix davomida qanday yuksak marralarni egallaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ajdodlarimiz nafaqat matematika, astronomiya, tibbiyot kabi dunyoviy ilmlar, balki diniy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda ham butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu yerda ana shu merosni ko‘rib, o‘z tariximiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchayadi», — dedi u.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Is'hoqxon To‘ra Ibrat» jome masjidi imom-xatibi Jafarxon So‘fiyev esa Markazni mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etdi.
«Bugun yurtimizda muqaddas dinimizga, sivilizatsiyalar tarixiga va umuman, umuminsoniy merosga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan maskan bunyod etilgani buning yorqin isbotidir. Bu yerda islom tarixi boshqa sivilizatsiyalardan ajratilgan holda emas, balki butun insoniyat taraqqiyotining uzviy qismi sifatida ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv har bir tashrif buyuruvchiga tariximizni kengroq anglash, boshqa xalqlar madaniyatini hurmat qilish va bag‘rikenglikni qadrlash imkonini beradi», — dedi u.
Tashrif yakunida imom-xatiblar Markazda olgan bilim va taassurotlarini o‘z hududlaridagi jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Ilmiy resurslardan diniy-ma’rifiy faoliyatda keng foydalanish, ajdodlarimiz merosini ishonchli manbalar asosida targ‘ib etish yosh avlodning tarixiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Zero, tarixiy va ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni ishonchli manbalar asosida keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlodga munosib tarzda meros qoldirish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati