Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Aprel, 2026   |   16 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:39
Quyosh
06:00
Peshin
12:31
Asr
16:59
Shom
18:56
Xufton
20:11
Bismillah
05 Aprel, 2026, 16 Shavvol, 1447

Fazodagi ibodat

15.05.2017   7499   8 min.
Fazodagi ibodat

Fazoga birinchi odam uchib borganiga 56 yil to‘ldi. Esingizdadir, bu voqea 1961 yilning 12 aprelida sodir bo‘lgan edi. O‘shandan boshlab bugunga qadar 500 dan ortiq odam kosmosga chiqdi.  

Sho‘rolarning dahriyona tashviqotchilari fazogirlar qo‘lga kiritgan olamshumul  yutuqni ham dinga qarshi qo‘yib, dinni taraqqiyotga yo‘l qo‘ymaydigan dogma sifatida talqin qildi. Biroq, musulmonlarning fazoning o‘zlashtirilishi bilan yolg‘iz Allohga bo‘lgan ishonchi o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik yo‘q.

Fazoning o‘zlashtirilishi insoniyatga Alloh taolo yaratgan olamning sirlarini  va bunda insonning qanday o‘rni bor ekanini aniqlashga yordam beradi.

Insoniyatning ana shu buyuk kashfiyoti asrlar davomida ravnaq topib borgan  ilm-fan va uning yordamida yaratilgan yangi  texnologiyalarsiz amalga oshmas edi. Qur’oni karimda esa ilmiy bilimlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan, shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomning ko‘plab hadisi shariflarida ham insonlar ilm o‘rganishga targ‘ib etilgan.

Fazoni teleskop vositasida kuzatgan kishi behad ulug‘vor kosmik bo‘shliqlar, sayyorlar, yulduzlar va galaktikaning hayratlanarli darajada tartib bilan harakatlanishini kuzatarkan, bu qadar xilma-xillik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaganiga iymon keltiradi. 

Agar odam dunyo muammolaridan xalos bo‘lib tungi osmonga boqsa-da fazodagi bizdan millionlab yorug‘lik yili masofasidagi yulduzlar harakati jarayonini kuzatsa,  uning ko‘rgan-kuzatganlari va zakovati uni iymonga chorlaydi.

Musulmon kishi har qayerda bo‘lsa ham namoz o‘qishi shart, bundan fazo ham mustasno emas.

Birinchi marta musulmon-fazogirlar uchun 2007 yilda “Xalqaro kosmik stansiyalarda musulmon an’analariga rioya qilish qo‘llanmasi” degan bayonnoma ishlab chiqildi. Risola malayziyalik 35 yoshli ortoped-vrach Shayx Muzaffar Shokirning orbitaga parvoz qilishidan oldin nashr etildi. U fazoga muqaddas Ramazon oyida ko‘tarilgan birinchi musulmon-fazogir edi.

Risolada orbitada ekan vaqtida diniy urf-odatlarni qanday bajarish, xususan, tahorat olish, ibodat uchun qiblani aniqlash, shuningdek, Ramazon oyida ro‘za tutish qonun-qoidalari ko‘rsatilgan.

Yer sayyorasi orbitasida uchib borayotgan odam Makka – qiblani qanday aniqlab olishi mumkin? degan savol tug‘iladi. Chunki havo kemasi soat o‘qi bo‘ylab harakatlanarkan, Yer yuzini bir yarim soat ichida to‘liq aylanib o‘tadi.

Bundan tashqari, musulmon kishi namozdan oldin tahorat olishi kerak. Suv esa fazoda oltindan qimmat va juda qat’iy me’yor asosida iste’mol qilinadi. Boz ustiga, vaznsizlik muammosi ham bor. Yerning tortish kuchi bo‘lmagani bois suv tanadan oqib ketmaydi. Shuning uchun ham tahorat olishning imkoni yo‘q. Ayni sababga ko‘ra g‘usl qilishning ham sira iloji yo‘q. Musulmonlarning yeguliklari ham halol mahsulotlar bo‘lmog‘i kerak.

Musulmonlarning orbitada o‘zini tutish qoidalari Malayziya milliy kosmik agentligi va Islom taraqqiyoti departamenti hamkorligida o‘tkazilgan ikki kunlik anjumanning yakuniy xulosalari natijasi o‘laroq qabul qilindi.  Anjumanda 150 nafar diniy va astronavt olimlar ishtirok etdi. 

Hammasi juda osonlik bilan yechimini topdi. Chunki Islom – insonlarning hayotini og‘ir sharoitlarda ham yengillashtiruvchi dindir. Masalan, yo‘lda borayotgan vaqtda namoz qisqartirib, qasr qilib o‘qiladi, bemor kishilar esa holiga qarab o‘tirib yoki yotib o‘qishi mumkin. Umuman, islomiy amallarning hammasi turli-tuman hayot sharoitlariga  ajoyib tarzda mos holda joriy bo‘lgan.

Fazoda musulmonlar qulay islomiy sharoitda yashashi mumkin. Islom olimlari qaroriga muvofiq malayziyalik dasturchilar fazogirlarni navbatdagi namoz vaqti kirganidan xabardor qilib turadigan dastur yaratishdi. Shuning bilan birga maxsus navigatsiya qurilmasi Makkaning yo‘nalishini ko‘rsatib turadi.

“Kun va tun” tushunchasi  bo‘lmagan fazoda namozning vaqti quyoshning chiqishi va botishga qarab harakatlanishi bo‘yicha aniqlanmaydi, balki 24 soatlik hayot me’yoriga qarab aniqlanadi.  Bunda soat strelkasi uchish boshlangan mintaqa vaqti bilan hisoblanadi. Masalan, Baykonurdan ko‘tarilgan sun’iy yo‘ldosh Baykonurda uchish chog‘ida soat necha bo‘lganidan boshlab hisoblanib ketaveradi.

Bundan tashqari, musulmonlar kosmosda chog‘ida namozlarini qasr qilib va birlashtirib o‘qishi mumkin.

Vaznsizlik sharoitida namoz o‘qiyotganda, agar sajdaga borish chog‘ida yuzi bilan yiqilib tushish ehtimoli bo‘lsa, namoz bemor kishining namoziga o‘xshatib o‘tirgan holda yoki ishora bilan o‘qiladi.

Har bir kishining yuvinib-taranib olishi uchun bor-yo‘g‘i 4 litr suv olingani bois undan tahoratga orttirishning iloji yo‘q. Shu boisdan tahoratning muqobil varianti – tayammumdan foydalaniladi.

Cho‘chqa go‘shti va chirigan ozuqlarni yeyish musulmonlarga taqiqlangan. Shuning uchun musulmon-fazogirlar uchun halol mahsulotlar yerda hozirlanadi. 

Fazoda Ramazon oyida ro‘za tutish juda ham oson ish. Musulmonlar tongdan shomgacha ro‘za tutadigan vaqtda aytib o‘tilganidan uchish nuqtasidan mo‘ljal olinadi. Malayziyalik fazogir Muzaffar ro‘zani shu tartibda tutgan edi.

  Musulmon-fazogir tasodifan kosmosda vafot etib qolsa, uning mayiti Yerga olib kelinib dafn etiladi. Agar olib kelishning imkoni bo‘lmasa, imkoniyat darajasida yuvishga harakat qilinadi. Uning ham iloj bo‘lmasa tayammum qildiriladi va kosmosdagi bo‘shliqlar qa’riga tashlab yuboriladi. Yerda esa musulmonlar uning uchun janoza namozini o‘qiydilar.

Yunus alayhissalom baliqning oshqozonida Allohga abodat qilgan edi. Musulmon-fazogirlar esa fazoda ibodat qilmoqdalar.

Hozirga qadar 500dan ortiq kishi fazogir yoki sayyoh sifatida fazoga chiqdi, ulardan 60 nafari ayollardir. 

Fazogirlar ro‘yxatida musulmonlar ham bor.

Saudiya shahzodasi Sulton ibn Salmon – 1985 yil fazoga uchgan birinchi musulmon. Discovery.

Faris Muhammad Ahmad – «Soyuz TM-3» («Soyuz TM-2») va “Mir” orbital ilmiy-tadqiqot kompleksining fazogir-tadqiqotchisi, podpolkovnik, suriyalik birinchi fazogir.  1987 yilning 22 iyulida fazoga uchgan.

Manarov Muso Xiromonovich – Dog‘iston. 1987 yilning 21 dekabridan 1988 yilning 21 dekabriga qadar  «Mir» orbital kompleksining «Soyuz TM-4» kosmik kemasida bort injeneri vazifasida uchib keldi. Uchish muddati 365 kun-u 23 soat bo‘lib, bu – kosmosda ko‘p yurish bo‘yicha jahon rekordi edi. 1990 yilning 2 dekabrida yana fazoga yo‘l oladi. Bu safargir uchish vaqti 175 kun-u 2 soat edi.

Momand Abdul Ahad Afg‘oniston. «Soyuz TM-6» va «Mir» orbital ilmiy-tadqiqot kompleksining fazogir-tadqiqotchisi. Afg‘oniston respublikasidan chiqqan birinchi va hozircha yagona bo‘lib turgan fazogir. Afg‘oniston harbiy havo kuchlari kapitani. Uchgan sanasi 1988.08.29.

Aybakirov Toktar Ongarbayevich – Qozoq millatidan chiqqan birinchi fazogir. Uchgan sanasi 1991.10.02.

Musaboyev Talgat Omonkeldiyevich – Rossiya. Uchgan sanasi 1994.07.01. Rossiya fazogirlarining 79-, dunyo fazogirlarining 309-si. Texnika fanlar doktori. RF qahramoni. Sharipov Solijan Shokirovich – Qirg‘izistonning Uzgan viloyatida o‘zbek oilasida tug‘ilib voyaga yetgan. Uchgan sanasi 1998.01.22.

Ansari Anusha – kelib chiqishi eronlik bo‘lgan amerikalik ayol. Uchgan sanasi 2006.09.18.

Shokir Shayx Muzaffar – Malayziya, Uchgan sanasi 2007.10.10.

Alloh taolo bu olamni insonning ehtiyoji uchun yaratdi. Shuningdek, U inson o‘z taqdirini o‘rgansin, ruhoniy va jismoniy quvvatini amalga joriy eta olsin  deya turli jismlarni, harakatlarni yaratdi. Bizning burchimiz esa dunyoni anglab unda Robbimiz istaganidek yashamog‘imizdir.

Manbalar asosida Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Internet — ikki tig‘li pichoq

03.04.2026   5300   2 min.
Internet — ikki tig‘li pichoq

Zamonaviy dunyoni internetsiz tasavvur qilish ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidoiy davrga qaytish bilan barobar. U bizning kundalik ehtiyojimiz, ish qurolimiz va aloqa vositamizga aylandi. Biroq, donishmandlar aytganidek, har qanday buyum va jihozning xatarli jihati bo‘lgani kabi internetning ham ikki tomoni bo‘lib, u ikki tig‘li pichoq kabidir.

Internetning birinchi tomoni bizning hayotimizni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi. Bugun shu tomoni bilan dunyoning eng nufuzli universitetlari ma’ruzalarini tinglamoqdamiz, masofaviy ta’lim va onlayn kurslar orqali o‘z ustimizda ishlayapmiz. Navbatlar, soatlab davom etadigan xaridlar ham qisman o‘tmishda qolayozdi. Kommunal to‘lovlardan tortib, oziq-ovqatgacha, barchasi soniyalar ichida hal bo‘lmoqda. Dunyoning narigi chekkasidagi yaqinlarimiz bilan yuzma-yuz ko‘rishib gaplashgandek muloqot qilinmoqda.

Agar pichoqni noto‘g‘ri tutsangiz, u albatta qo‘lingizni kesadi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz va mazmunsiz videolar insonning eng qimmatli boyligi bo‘lmish vaqtini beayov sovuradi. Kiberfiribgarlik, yolg‘on axborotlar (feyk), yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi mazmundagi saytlar inson ongini zaharlovchi “o‘tkir tig‘”dir. Virtual dunyoda “do‘stlari” ko‘p, ammo real hayotda yolg‘izlanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda.

Internetdan manfaatli foydalanish uchun bir nechta oddiy, ammo hayotiy qoidalarga amal qilish zarur:

  1. Maqsadni belgilang: Internetga kirishdan oldin o‘zingizga savol bering: “Hozir nima uchun tarmoqqa kiryapman?”. Aniq maqsad (ish, o‘qish yoki 5 daqiqalik hordiq) sizni tarmoqda maqsadsiz kezishdan asraydi.
  2. Filtr o‘rnating: Hamma ma’lumot ham to‘g‘ri emas. Olingan xabarni aql chig‘irig‘idan o‘tkazing, uning manbasini tekshiring.
  3. Vaqt limiti: Pichoq bilan kun bo‘yi non kesilmaydi. Internetdan ham faqat kerakli vaqtda foydalaning. Qolgan vaqtni jonli muloqot va kitob mutolaasiga ajrating.

Internet shunchaki vosita. U yomon ham, yaxshi ham emas. Uni “foydali yoki «halokatli asbob”ga aylantiradigan narsa bizning tanlovimizdir. Raqamli dunyoda yashar ekanmiz, qo‘limizdagi imkoniyatni faqat ezgulik, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lida ishlatishni o‘rganishimiz shart.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA