Zimmasida qazo namozlari bo‘lgan kishi nafl namozlari bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga o‘sha qazolarini o‘qishga harakat qilgani yaxshidir. Lekin sunnat namozlar, choshgoh namozi, tasbeh namozi va hadislarda targ‘ib etilgan, ma’lum sura va zikrlarni o‘qish tavsiya qilingan nafl namozlar bundan mus-tasno. Qazo namozlarni masjidda, jamoat joylarida emas, balki o‘z uyida o‘qishga harakat qilish kerak.
“Olamgiriya”, “Muzmarot”, “Vajiz”
Hayz ko‘rgan ayol har bir namoz vaqti kirganda tahorat olib kelib, har kuni o‘qiydigan joyiga o‘tirib, bir namoz o‘qiganchalik vaqt mobaynida tasbeh, tahlil aytib o‘tirishi mustahab amallardan hisoblanadi.
“Sirojiya”
Farz namozlarda oyat va tasbehlarni qo‘l bilan sanab turish makruhdir. Ammo nafl namozlarda qo‘l bilan sanash ijmoan makruh emas.
“Olamgiriya”, “Tabyin”, “Nihoya”
Asrdan oldin hamda xufton namozining farzidan oldin va keyin 4 rakatdan nafl namozlari mavjuddir.
“Muxtasar”, “Kanz”, “Olamgiriya”
Nafl namozlarni imkoni boricha jamoat joylarida va masjidlarda o‘qimaslik, balki o‘z uyida yoki xilvat joylarda o‘qishga harakat qilish, riyo aralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim bo‘ladi. Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sunnat namozlari esa, farz o‘qilgan masjidda o‘qilishi kerak. Lekin sunnat namozlar farz o‘qilgan joydan bir qadam bo‘lsa ham boshqa joyga o‘tib o‘qilishi lozim. Bu imomga ham tegishli. Nafl namozini safda turib o‘qish o‘ta makruh ishlardan sanaladi.
“Olamgiriya”, “Kofiy”, “Nihoya”
Nafl namozlarida tik turishga qodir bo‘la turib, o‘tirib o‘qishning karohiyati yo‘q. Shuningdek, namozni tik turgan holda boshlab, so‘ngra beuzr o‘tirib olsa ham Abu Hanifa (rh.) nazdida zarari yo‘q. Yana, naflni o‘tirgan holda boshlab, so‘ngra tik turib olsa ham karohiyati yo‘q.
“Olamgiriya”, “Majmaul-bahrayn”, “Muhit”
Nafl yoki farz namozida uzr sababli o‘tirib o‘qimoqchi bo‘lsa, qiroat paytida ikki tizzasini tikkalab, qo‘llari bilan oyoqlarini quchoqlab olgan holda yoki chordana qurib o‘tirgan holda o‘tirishi mumkin. Lekin imkoni boricha “tashahhud” o‘qiyotgan holatidek (cho‘kka tushib) o‘tirgani yaxshidir.
“Olamgiriya”, “Tatarxoniya”, “Hidoya”
To‘qqizta vaqt borki, o‘sha paytlarda qazo namozi, janoza, tilovat sajdasi joiz, lekin nafl namoz o‘qish joiz emas: bomdod namozining farzidan oldin (sunnati bundan mustasno), farzdan keyin to quyosh chiqqunga qadar, asr namozidan keyin shomgacha, shom namozidan oldin, juma namozining (arabcha) xutbasi paytida, ikki hayit namozining (arabcha) xutbasi paytida, quyosh, oy tutilganda o‘qiladigan namoz xutbasi o‘qilayotganda.
“Qozixon”
Makruh vaqtlarda nafl namozini boshlab qo‘ygan odam namozni buzishi va keyin qazosini o‘qishi kerak.
“Qozixon”
Shayx Abdulaziz Mansur
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati