Bugungi globallashuv jarayoni, irqi, millati, dini va urf-odatlari turlicha bo‘lgan kishilarning muayyan manfaatlar yuzasidan hamkor va hamjihat bo‘lishi zarurligini taqozo etmoqda. Turli din vakillarining bir jamiyatda tinch-totuv hayot kechirishlari hamda dinlar bilan bog‘liq nizo va kelishmovchiliklarning yuzaga kelmasligi uchun diniy ta’limotlarning asl mohiyatini chuqur mulohaza qilish zarur. Haqiqiy diniy ta’limotlar asrlar davomida insoniyatni faqatgina ezgu maqsad va g‘oyalar atrofida birlashtirib, o‘zaro hamjihatlikka, tinchlik va farovonlikka undab kelayotgani barchamizga ma’lum. Dinning mohiyatini to‘g‘ri anglamaslik natijasida, bir dinga e’tiqod qiluvchilarning boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik, ularni kamsitish va tahqirlash, ularga hurmatsizlik bilan qarash kabi illatlar yuzaga kelishi mumkin. Bular o‘z navbatida, jamiyat kishilarining birdamligiga raxna soluvchi zararli oqibatlarga olib kelishiga sabab bo‘ladi.
Bir necha din vakillari orasidagi muomala va munosabatlarni hammaga ma’qul bo‘ladigan tarzda yo‘lga qo‘yish maqsadida, “Diniy bag‘rikenglik”, “Dinlararo muloqot”, “Tolerantlik” kabi bir qancha masalalar o‘rtaga tashlandi. Turli din vakillari bilan muomala va munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda zarur bo‘ladigan diniy tamoyillarni o‘rganish maqsadida, XIX asrdan boshlab G‘arbda “Dinshunoslik” sohasi mustaqil fan sifatida o‘rganila boshlandi (Bu fan bizning diyorlarimizda Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va boshqa buyuk daholar davridanoq boshlanib hayotga tadbiq etilgan edi). Shu zaylda, “Qiyosiy dinshunoslik”, “Dinlar tarixi”, “Din fenomenologiyasi”, “Din antropologiyasi”, “Din falsafasi” kabi bir qator mustaqil sohalar yuzaga keldi. Bu jarayon bugungi kunda ham izchillik bilan rivojlantirib borilyapti.
Aslida, birlamchi va sof manbalar orqali dinlar tarixini ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganilishi, ular haqida paydo bo‘lgan asossiz va uydirma mulohazalardan holi bo‘lish imkonini beradi. Dinlar tarixi, ilmining asl mohiyatidan bexabar bo‘lgan ayrim kimsalarning yuzaki ma’lumotlariga aldanib qolishdan saqlaydi. Ayniqsa, hozirda islom dinini insonlarga yomon ko‘rsatish maqsadida paydo bo‘layotgan turli oqimlar va ularning g‘oyalaridan yiroq bo‘lishga yordam beradi.
Ma’lumki, samoviy dinlar haqida Qur’oni karimning bir necha oyatlarida zikr qilingan. Islom dinidan oldingi dinlar haqidagi oyatlar mazmunini, nozil bo‘lish sababini va ularning ma’nolarini o‘rganish, anglab yetishda, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnat va hadislari eng muhim manba bo‘lib hizmat qiladi.
Shu o‘rinda, Alloh taoloning bashariyat uchun joriy qilgan dinlarida o‘zaro aloqadorliklar mavjudligini alohida qayd etish lozim. Muhammad (s.a.v.) so‘nggi payg‘ambar qilib yuborilishlari haqidagi xabar, oldingi muqaddas kitoblar orqali yahudiy va nasroniy olimlariga yaxshi ma’lum bo‘lgan. Mashhur tarixchi olim Ibn Hishomning ma’lumotiga ko‘ra, Shomlik (Suriya) rohib Buhayro, Xadicha binti Huvaylid (roziyallohu anho)ning qarindoshlari Varaqa ibn Navfal, ulug‘ sahobalardan hisoblangan Salmon Forsiyning ustozlari, muqaddas kitoblar orqali payg‘ambar kelishining xabarini bilgan kishilar bo‘lishgan. Bu esa mazkur shaxslarning yangi keladigan din haqida oldingi kitoblar vositasida muayyan nazariy bilimlarga ega bo‘lganlaridan dalolat beradi. Shuningdek, u zotning kelishlari o‘zlaridan oldingi samoviy dinlarni yo‘qqa chiqarish, payg‘ambarlarini inkor etish, ularga nozil bo‘lgan kitoblar va shari’atlarini rad etish uchun emas, balki Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ularga ham ishonib, tasdiqlash, ularga ham samimiy munosabatda bo‘lishga chorlovchi, ular haqida aniq ma’lumotlarni xabarini beruvchi, o‘tgan payg‘ambarlarning xatokor ummatlarini xatolaridan ogoh etib, xatolarni takrorlamaslikka, noshukr bo‘lmaslikka chorlovchi, yaxshilikni xush xabarini beruvchi, bo‘lib kelgandirlar.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning payg‘ambar sifatida yuborilishlari, dinlar tarixida yangi, o‘ziga xos sahifaning ochilishiga sabab bo‘lganini, doktor Muhammad Xalifa Hasan shunday zikr qiladi: “U payg‘ambarlarning so‘nggisi bo‘lib, undan keyin nabiy ham rasul ham yo‘q”. Ushbu ma’lumot va shunga o‘xshash xabarlarning o‘zi dinlar tarixini yana bir nodir axborot bilan boyitadi va to‘ldiradi. Chunki dinlarga oid bilimlarni o‘rganishda, yahudiylar Odam (a.s.)dan Muso (a.s.)gacha, nasroniylar esa Odam (a.s.)dan Iso (a.s.)gacha bo‘lgan davrdagi payg‘ambarlarni, ularning hayotlari, ularga nozil bo‘lgan shariatlari, tarixi, boshidan kechirgan hodisalari va shu kabilarni o‘rganadilar. Islom dinida esa avval aytib o‘tganimizdek, barcha payg‘ambarlar birday ko‘riladi. Biri boshqasidan ustun tutilishi hisobiga boshqasi kamsitilmaydi. Islom dinida, bu e’tiqod masalasi bilan bog‘liq bo‘lib, islom vakilining (mo‘min-musulmon) e’tiqodi busiz mukammal bo‘lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
آَمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آَمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْ رُسُلِهِ
Ya’ni: “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi[i].
Mazkur oyatda, Payg‘ambar (s.a.v.) o‘zlariga nozil qilingan kitob – Qur’oni Karimga imon keltirishi bilan birga Alloh taologa, farishtalarga, Alloh taolo tomonidan oldin ham samoviy kitoblar (Zabur, Tavrot, Injil) nozil qilinganiga, bashariyatga ogohlantiruvchi va hushxabar beruvchi payg‘ambarlar yuborilganiga imon keltirgani va boshqa musulmonlar ham bu ishda unga ergashganlari ma’lum bo‘ladi. Payg‘ambarlarning biridan boshqasini (boshqalarini kamsitish evaziga) ustun qo‘ymaslik, (Alloh tomonidan ayrim payg‘ambarlarga berilgan ba’zi fazilatlarni e’tirof etgan holda) hammasini birday Allohning payg‘ambarlari sifatida ko‘rish islom manbalarida tavsiya qilingan eng mo‘tadil va eng mahbub yo‘ldir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) umrlarining oxirigacha, insonlarni ana shu mavqe (e’tiqodda)da bo‘lib, boshqalarni ham shunga undaganlari borasida sunnat va hadislarda ko‘plab misollar uchraydi. Xususan, Qur’oni Karimning “Kahf” surasida Muso (a.s.) ilm olish uchun hamroh bo‘lgan solih kishining qissasi keltirilganligi islom ummatiga ma’lum va mashhurdir. Ushbu qissa nozil bo‘lganda, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Birodarim Musoga Allohning rahmati bo‘lsin, sabr qilganida, Alloh bizga ularning qissalarini aytib berar edi. U (Muso) o‘z sherigi bilan turganida, ajoyibotlarni ko‘rar edi” – deb marhamat qilganlar.
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Ikki kishi: yahudiylardan bir kishi va musulmonlardan bir kishi so‘kishib qoldi. Shunda musulmon: Muhammad (s.a.v.)ni tanlab olgan zot ila qasam!” – dedi. Yahudiy esa: “Muso (a.s.)ni olamlar ustidan tanlab olgan zot ila qasam” – dedi. Ana shu paytda musulmon qo‘lini ko‘tarib, yahudiyning yuziga shapaloq tushirdi. Shunda yahudiy Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, o‘zi bilan musulmon orasida bo‘lib o‘tgan ish haqida xabar berdi. Rasululloh (s.a.v.): “Meni Musodan yaxshi qilmanglar. Odamlar hushlaridan ketganda birinchi bo‘lib o‘ziga kelgan men bo‘laman. Qarasam, Muso Arshning bir tomonini ushlab turgan bo‘ladi. Bilmayman, u ham hushidan ketib mendan oldin o‘ziga kelganmi yoki istisno qilinganlardan bo‘lganmi” – dedilar”.
Islom dini tarixida ma’lum va mashhur bo‘lgan voqe’alardan biri bu “Isro’ va Me’roj” voqe’asidir. Ushbu kechada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Muso (a.s.) bilan gaplashganlari va kunlik namoz vaqtlari haqida maslahatlar berganliklari islom tarixida muhrlangan ayni haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘zlaridan oldin kelgan barcha payg‘ambarlarning shari’atlari, islom dini shari’atiga zid bo‘lmasa, unga amal qilganliklari hamda o‘z ummatlarini ham unga targ‘ib qilib, o‘zlari o‘rnak va namuna bo‘lganlari kitoblarda zikr qilingan. Jumladan: “Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) Madinaga hijrat qilib borganlarida “Ashuro” kuni yahudiylarning ro‘za tutayotganlarini ko‘rib: “Sizlar ro‘za tutadigan qanaqa kun bu?” – deb so‘radilar. Shunda yahudiylar: “Bu ulug‘ kundir! Bu kunda Alloh taolo Muso (a.s.) va uning qavmiga najot berdi, fir’avn va uning qavmini g‘arq qildi. Uning shukronasiga Muso (a.s.) ro‘za tutdilar, (shunga ko‘ra) biz ham ro‘za tutmoqdamiz” - dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Biz Musoga sizdan ko‘ra haqliroq va (yaxshiroqmiz)” - dedilar va o‘zlari ro‘za tutib boshqalarni ham shunga buyurdilar”. Shuningdek, quyidagi hadisi sharifda ham ushbu mazmunga uyg‘un ma’nolarni uchratamiz: “Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (s.a.v.): “Men odamlar ichida bu dunyoda ham, oxiratda ham Iso ibn Maryamga eng haqlisiman” - dedilar. Shunda: “Qanday qilib, ey Allohning Rasuli?” – deyishdi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Payg‘ambarlar og‘a-inilardir. Onalari turlicha. Dinlari bir.”, dedilar”.
Mo‘min-musulmonlar ham bir necha asrdan buyon, har yili “Ashuro” kunini e’zozlab, ro‘za tutib, savobidan va ajridan umidvor bo‘ladilar. Shuningdek, ushbu kunda yaxshi niyat bilan ro‘zg‘or qiladilar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ وَأَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ"
(رواه البيهقى في شعب الإيمان)
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.): “Kim Ashuro kunida ahli-ayoliga kenglik qilsa, Alloh taolo unga yilning qolganini keng qiladi” dedilar”. (Imom Bayhaqiy “Shuabul-iymon” kitobida rivoyat qilgan).
Yan bir rivoyatda esa,
عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ فِي النَّفَقَةِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ"
(رَوَاهُ رَزِين)
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Kim Ashuro kuni ahli-ayoliga nafaqada kengchilik qilsa, Alloh unga yilning qolganini keng qiladi” – dedilar. (Imom Roziyn rivoyat qilgan).
Hadislarda boshqa dinlar haqidagi ma’lumotlarni nazariy jihatdan o‘rganishda, o‘sha dinlarning vakillari tomonidan keltirilgan ma’lumotlarni uzil-kesil yolg‘onga chiqarmaslik, shu bilan birga faqat shuning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmaslikka chaqiriladi (“Ashuro” kuni haqida kelgan hadis so‘zimizga misol bo‘ladi). Chunki boshqalar tomonidan keltirilgan ma’lumotlar biz uchun asos sifatida qaraladigan manbalarda qanday bayon qilingani hamda ularning Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) va olimlarimiz qanday tushuntirishganini bilish va shunga ko‘ra yo‘l tutish muhimdir.
Yahudiylar bilan qilingan munozaralardan birida, Mahsur ibn Subhon ismli kishining Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan “Qur’on Alloh tomonidan nozil qilingan kitob ekaniga nima dalil bo‘la oladi?” – deb so‘raganda, Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga quyidagi oyatni nozil qilgan:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا
Ya’ni: “Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar”.
Tarixchilar va siyrat olimlari tomonidan o‘rganilgan ma’lumotlarga asoslanib, bo‘lib o‘tgan mazkur ilmiy bahslarda ko‘pincha e’tiqod, nubuvvat, Qur’oni karim va kabi kabi mavzular atrofida kechganini ko‘rishimiz mumkin. Bu ilmiy bahslar o‘z yechimini topganda, islom naqadar bag‘rikeng, xalqparvar va millatparvar din ekani ma’lum bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, shu kabi ko‘plab ma’lumotlar bilan tanishar ekanmiz, turli dinlar bilan bog‘liq xabarlarni ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish, islom dinining ilk davridanoq “Qur’oni karim” va “Sunnat”ga tayangan jarayon ekanining guvohi bo‘lamiz. Mana shu mustahkam tayanch keyingi asrlardan tortib, to bugungi kungacha, dinlar tarixini o‘rganishda olimlarga va bashariyatga asosiy manba vazifasini o‘tab kelmoqda.
Isomiddin AXROROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi xodimi,
“Oqilon” jome masjidi imom-xatibi
I.KIRISH
Davlat darajasidagi har qanday rasmiy nutq ikki qatlamli intellektual arxitekturadan iborat. Birinchi qatlam — tashqi mazmun: bunda bunyodkorlik ishlari, erishilgan yutuqlar va navbatdagi marralar bayon etiladi. Ikkinchi qatlam — strategik narrativ: bu xabarning ichki quvvati bo‘lib, uning aniq auditoriyaga yo‘naltirilganini, mafkuraviy zaminini va pirovard maqsadini belgilaydi. Strategik narrativ ko‘zga yaqqol tashlanmasa-da, u tashqi mazmunni harakatga keltiruvchi, unga hayotbaxsh ma’no va yo‘nalish beruvchi ichki drayver hisoblanadi[1].
Zamonaviy siyosiy kommunikatsiyani, ayniqsa, u ko‘p qirrali auditoriyaga mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu ikki qatlam o‘rtasidagi nozik muvozanatni anglamay turib tahlil qilib bo‘lmaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishidagi nutqi ana shunday ko‘p qatlamli matnning namunasidir. Bir qarashda odatiy marosimdagi bayonotdek tuyulsa-da, mazmunan bu nutq milliy identifikatsiya, xalqaro maydondagi pozitsionallashuv, diniy legitimlik va ichki ma’naviy missiya masalalarini bir vaqtda, yaxlit ritorik tuzilmada birlashtiradi.
II.KO‘P QATLAMLI NARRATIV: TO‘RT AUDITORIYA, TO‘RT XABAR
Siyosiy kommunikatsiya nazariyasida «auditoriyani manzillash» (audience targeting) tushunchasi nutqning turli tinglovchi guruhlariga bir vaqtning o‘zida, biroq har biriga o‘ziga xos tilda murojaat qilish qobiliyatini anglatadi[2]. Bu murakkab san’at bo‘lib, har bir auditoriyaga tegishli xabarni yetkazish bilan birga, umumiy matnning ichki izchilligini saqlashni talab etadi.
Prezident nutqi davomida kamida to‘rtta alohida auditoriyaga murojaat qiladi va ularning har biri uchun alohida narrativ kodlangan. Ushbu xabarlar bir-biriga zid kelmay, aksincha, bir-birini to‘ldiradi va yaxlit tizimni hosil qiladi.
2.1. Ichki diniy auditoriyaga narrativ
Nutqning diniy auditoriyaga qaratilgan qatlami uning eng ko‘p o‘ylangan va eng nozik ishlangan qismidir. Chunki dindor qatlam marosimning birlamchi tinglovchisi hisoblanadi: Muborak Ramazon oyidagi iftorlik kechasi hamda Hazrati Imom majmuasi yonida so‘zlangan nutq o‘z-o‘zidan diniy kontekst bilan hamohanglik kasb etadi.
Davlat rahbari o‘z nutqida markazning Mirzo Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga yozilgan oyatga alohida to‘xtaldi:
«Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga Qur’oni karimning «Iqro!» — ya’ni, «O‘qi!» degan muborak oyatini muhrlab qo‘ydik»[3].
«Iqro!»[4] — Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgan birinchi vahiysi. Uni peshtoqqa yozish binoning butun missiyasini belgilaydi: markazdagi ekspozitsiya, tadqiqot va ta’lim jarayonlari ana shu ilohiy buyruqning amaliy ifodasi sifatida talqin qilinadi. Islom tarixida ilm va ibodat hech qachon bir-biridan ajratilmagani — «Ilm olish har bir musulmonga farzdir[5]» hadisi orqali o‘z ifodasini topgan. Markaz arxitekturasida bu an’ana vizual tilda namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, nutqda dunyodagi eng qadimiy nusxalardan biri — Usmon mus'hafiga alohida o‘rin beriladi:
«Mana shunday noyob va muqaddas Usmon Qur’onining ilohiy sharofati bilan yurtimiz doimo tinch-osoyishta bo‘lsin, hayotimiz qut-barakaga to‘lsin, deb duo qilamiz».
Bu ibora tadbirning tabiatini siyosiy doiradan ma’naviy maqomga ko‘chiradi. Usmon mus'hafi Markaz uchun tarixiy artefakt bo‘lishi bilan birga, islom ummati uchun muqaddas omonatdir. Uni O‘zbekistonda saqlash va Markazning «qalbi» deb atash mamlakatimizning islom dunyosidagi ma’naviy mas’uliyatini ramziy jihatdan mustahkamlaydi.
Ta’kidlash o‘rinliki, nutq oddiy marosimda emas, balki Ramazon oyining iftorlik kechasida so‘zlanmoqda. Ramazon — poklanish, sabr va ma’naviy yuksalish oyi. Bu oyda e’lon qilingan har qanday yirik ish diniy auditoriya uchun qo‘shimcha ramziy og‘irlik kasb etadi. Nutqda bu kontekst ochiq tan olinadi: «Mehr-oqibat va ezgulik ramzi bo‘lmish Ramazon oyida hammamiz birgalikda ko‘plab savobli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.»
Ushbu nutqda davlat va din munosabatlaridagi pozitsion o‘zgarishni ham sezish mumkin. Bu — yangi davrning rasmiy deklaratsiyasi bo‘lib, u bevosita aytilmasa-da, kontekstni anglaydigan tinglovchiga aniq ko‘rinadi.O‘zbekiston yaqin yillargacha din bilan murakkab va ba’zan ziddiyatli munosabatda bo‘ldi. Endilikda davlat o‘z tarixining murakkab va ziddiyatli bosqichlarini ortda qoldirib, bugun dinni milliy o‘zlikning uzviy qismi sifatida qabul qilish yo‘lini tanladi. O‘zbek siyosatshunos olimi Kamoliddin Rabbimov ushbu Markazga tanlangan nom haqida fikr bildirarkan, buni globallashgan dunyoda eng kuchli va eng jiddiy omil hisoblanadigan o‘zlik muhofazasi bilan bog‘ladi. «Davlat tomonidan O‘zbekistondagi eng tarixiy, chuqur va katta o‘zlik – islomiy o‘zlikka urg‘u berilishi tarixiy jasoratdir», — deydi siyosatshunos.[6]
Davlat kelgusida islom sivilizatsiyasining nafaqat himoyachisi, balki faol tiklovchisi va targ‘ibotchisi sifatida gavdalanmoqda. Xususan, nutqdagi: «Markazda muqaddas dinimizning ezgu qadriyatlarini asrab, diniy-ma’rifiy soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining yangi qarorgohiga ega bo‘ldi», — degan so‘zlar ushbu homiylikning amaliy tasdig‘idir. So‘nggi yillarda Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulamolar nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi ham ushbu strategik yo‘nalishning qismlari hisoblanadi[7]. Bunday o‘zgarish ulamolar, dindor ziyolilar va butun xalq uchun nutqning eng umidbaxsh xabari bo‘lib xizmat qiladi.
2.2. Milliy-intellektual auditoriyaga narrativ
Nutqning milliy-intellektual auditoriyaga yo‘naltirilgan qatlami boshqa qismlardan o‘zining teran tarixiy uzviyligi bilan ajralib turadi. U deyarli ming yillik davrni yaxlit bir tizimga birlashtirib, o‘tmish va bugun o‘rtasida mustahkam ma’naviy ko‘prik hosil qiladi.
Ushbu tarixiy silsilaning har bir halqasi buyuk bir nom bilan bog‘liq: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Navoiy, Farg‘oniy. Bu siymolarning har biri o‘z sohasining yuksak cho‘qqisini ifodalash bilan birga, O‘zbekiston zaminining intellektual va ma’naviy qudratini namoyon etadi.
Nutqda allomalarni taqdim etishda o‘ziga xos yondashuv kuzatiladi: ular bir vaqtning o‘zida uch xil identifikatsiya orqali namoyon bo‘ladi.
Birinchidan, islom sivilizatsiyasining munosib farzandlari. «Aniq va tabiiy fanlar sohasida o‘z kashfiyotlari bilan jahonni hayratga solgan ulug‘ olimlarimiz asarlari ham islomiy muhit bag‘rida vujudga kelgan. Dunyoga mashhur bu kitoblar «Bismillohir rahmonir rahim» degan ilohiy so‘zlar bilan boshlangani ularning muqaddas dinimizdan ilhom va kuch olib yaratilganini bildiradi». Ushbu ibora allomalarning ilmiy merosini diniy kontekstga organik ravishda joylashtiradi. Shu bilan birga, ilm va din o‘rtasida bor deb iddao qilinadigan sun’iy ziddiyat hamda soxta dixotomiyaga (qarama-qarshilikka) o‘rin qoldirmaydi.
Ikkinchidan, o‘zbek milliy merosining vakillari. «Bizning yurtimiz», «ajdodlarimiz», «xalqimizning aql-zakovati» kabi iboralar allomalarni milliy o‘zlikning ajralmas qismiga aylantiradi.
Uchinchidan, insoniyatning umumiy intellektual xazinasi. «Jahonni hayratga solgan kashfiyotlar» urg‘usi ushbu shaxslarni milliy doiradan global miqyosga olib chiqadi. Mazkur uch qatlamning parallel ishlashi tinglovchida o‘zini bir vaqtning o‘zida musulmon, o‘zbek va jahon sivilizatsiyasining vorisi sifatida his qilish imkonini beradi. Muhimi, bu uchlik o‘rtasida hech qanday ichki nizo tug‘ilmaydi.
Milliy-intellektual narrativning kulminatsion nuqtasi — «Uchinchi Renessans» formulasidir. Bu tushuncha Markaz ekspozitsiya zallarining nomlarida ham o‘z aksini topgan: «O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr», «Birinchi va Ikkinchi Renessans», «Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori». Demak, Markazning butun g‘oyaviy arxitekturasi aynan shu konsepsiya atrofida qurilgan.
Ushbu formula tarixiy parallellikni yuzaga keltiradiyu Bu parallellik tinglovchiga ham tarixiy g‘urur («shunday buyuk o‘tmish vorisimiz»), ham tarixiy mas’uliyat («yana shunday buyuklikni tiklashga majburmiz») hissini yuklaydi.
Ziyo ahli — tarixchilar, olimlar va tadqiqotchilar uchun bu formula katta rezonans uyg‘otadi. Ular o‘tmishdagi Renessanslar qanday sharoitda gullab-yashnaganini va nima sababdan inqirozga yuz tutganini teran anglaydilar. Shu bois, Uchinchi Renessans haqidagi har qanday bayonot tabiiy ravishda savol tug‘diradi: bugungi ilmiy-ijtimoiy muhit o‘sha davrdarajasidami?
Savolning mavjudligi formulaning ham kuchini, ham mas’uliyatini belgilaydi. Uning kuchi — milliy ambitsiyani uyg‘otib, xalqni yirik maqsad yo‘lida birlashtirishida. Mas’uliyati esa shundaki, Renessansni shunchaki farmon bilan e’lon qilib bo‘lmaydi — u tabiiy ravishda vujudga kelishi kerak.
Birinchi va Ikkinchi Renessans hukmdorlar rejasi emas, balki olimlarning erkin va ijodiy izlanishlari mahsulidir.
Uchinchi Renessansning haqiqatga aylanishi uchun bir necha zaruriy shartlar mavjud: eng avvalo, erkin ilmiy muhit. Intellektual va metodologik erkinlik — taraqqiyotning asl poydevoridir. Ajdodlarimiz g‘ayrioddiy savollar berish va yangi usullar kashf etishdan qo‘rqmaganlar. So‘ng, ilm va ma’naviyat birligi: allomalar o‘z kashfiyotlarini Yaratganni tanish vositasi deb bilganlar. Ibn Sinoning ibodati va Beruniyning e’tiqodi ilm bilan zid kelmagan, aksincha, uni boyitgan. Bu hamohanglik bugun ham hayotiy zaruratdir. Shuningdek, avlodlar uzviyligi — tarixiy “ustoz-shogird” an’anasining tiklanishi. Markaz shunchaki eksponatlar saqlanadigan muzey emas, balki tirik bilim o‘chog‘iga aylanishi lozim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu shartlarni amalga oshirishda bevosita mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin va buning uchun yetarlicha imkoniyatlarga ham ega. Erkin ilmiy muhitni quvvatlash, ilm va amal birligini shaxsiy namuna orqali ko‘rsatish, diniy ta’lim tizimida ustoz-shogird an’anasini davom ettirish — bularning barchasi bugungi kunda diniy idora tizimidagi ta’lim dargohlarini qolgan ta’lim muassasalaridan ajratib turuvchi ustuvor farqidir.
2.3. Xalqaro auditoriyaga narrativ
Xalqaro auditoriya bilan muloqot — siyosiy kommunikatsiyaning eng nozik qirrasi hisoblanadi. Ichki auditoriyaga murojaatda nutq muayyan madaniy kodlarga, umumiy tarix va mushtarak qadriyatlarga tayanishi mumkin. Tashqi dunyo bilan aloqada esa bunday umumiy zamin ko‘pincha mavjud emas, har bir davlatning o‘z manfaatlari, o‘ziga xos idrok filtrlari va muloqotdan kutilmalari bor. Shu bois xalqaro narrativ universal til topishni, umuminsoniy qadriyatlarga tayanishni va turli madaniy kontekstlarda bir xil tushunilishni talab etadi.
Ushbu nutq xalqaro maydon uchun mo‘ljallangan uchta parallel yo‘nalishni muvaffaqiyatli birlashtirgan: xalqaro e’tirofga erishish, universal qadriyatlarni ilgari surish va global hamkorlik tizimiga integratsiyalashuv.
Nutqdagi «jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi» degan ibora strategik ahamiyatga ega. Bu xalqaro legitimatsiyani ichki auditoriyaga namoyish etish hamda xalqaro hamjamiyatga «siz allaqachon ushbu jarayonning ishtirokchisiz» degan ishorani berishdir.
Siyosatshunoslikda bu mexanizm «ijtimoiy isbot» (social proof[8]) deb ataladi. Boshqalar tomonidan ma’qullangan tashabbusga qo‘shilish tabiiy ehtiyojga aylanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi tilga olinishi loyihaga global miqyosdagi maqom beradi. Ro‘yxatda keltirilgan Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, BAA, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Italiya kabi davlatlar bir nechta yirik geosiyosiy blokni bir loyiha atrofida birlashtiradi.
Ushbu ro‘yxatning ritorik kuchi uning qamrovidadir. Odatda manfaatlar to‘qnashuvi markazida turadigan Rossiya va AQSH, Saudiya Arabistoni va Hindiston yoki Xitoy va Fransiya kabi davlatlarning bir vaqtda tilga olinishi «Islom sivilizatsiyasi» tushunchasining ochiq va birlashtiruvchi maydon ekanini isbotlaydi.
Xalqaro auditoriya uchun eng tushunarli vosita — universal qadriyatlar tilidir. Nutqda qo‘llanilgan «ilm», «ma’rifat», «sivilizatsiyalar dialogi», «bag‘rikenglik» va «gumanizm» tushunchalari har qanday madaniy muhitda ijobiy qabul qilinadi.
Ayniqsa, «sivilizatsiyalar dialogi» iborasi Samuyel Huntingtonning «sivilizatsiyalar to‘qnashuvi» nazariyasiga konstruktiv muqobil sifatida xizmat qiladi. Iftorlik marosimida turli millat va diniy konfessiya vakillarining ishtirok etishi ushbu dialogning abstrakt g‘oya emas, balki tirik hayotiy tajriba ekanini ko‘rsatadi. O‘zbekiston sivilizatsiyalararo muloqotni e’lon qilibgina qo‘ymay, uni amalda joriy etayotgan davlat sifatida namoyon bo‘ladi.
«Bag‘rikenglik» va «gumanizm» tushunchalari ham maxsus kodlangan. G‘arb hamkorlari buni demokratik prinsiplar bilan bog‘lasa, Islom dunyosi vakillari dinimizning asl mohiyati — rahmat va adolat ekanini anglaydi. Shunday qilib, bitta ibora ikki xil auditoriyada ijobiy assotsiatsiyalarni uyg‘otadi.
Markazning xalqaro intellektual tizimga integratsiyalashuvi kelgusi strategiyaning asosi sifatida ko‘rsatilgan. ICESCO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi va TURKSOY kabi tashkilotlar uchun ofislar tashkil etilishi Markazning xalqaro maqomini mustahkamlaydi.
Ushbu integratsiyaning strategik vazni nihoyatda katta. Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlik O‘zbekistonni global akademik islomshunoslik xaritasiga joylashtiradi. ICESCO orqali Islom hamkorlik tashkilotining ta’lim va fan tizimiga kirish ta’minlanadi. TURKSOY esa turkiy xalqlar madaniy birligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu kabi ko‘p tomonlama hamkorlik O‘zbekistonni bir vaqtning o‘zida G‘arb akademik doiralari, Islom hamjamiyati va Turkiy dunyo markaziga aylantiradi.
Xalqaro narrativning tub qatlamida O‘zbekiston imidjini tubdan qayta shakllantirish jarayoni yotibdi. Uzoq yillar davomida mamlakat tashqi dunyo uchun yopiq va izolyatsiyaga moyil davlat sifatida gavdalangan edi. 2016-yildan keyingi islohotlar — chegaralarning ochilishi va iqtisodiy liberallashuv, xalqaro hamkorlik va ochiq diplomatiya bu ko‘rinishni parchalay boshladi. Lekin imidj o‘zgarishi uchun faqatgina siyosiy-iqtisodiy islohotlar yetarli bo‘lmaydi, u madaniy-intellektual asosga ham ehtiyoj sezadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu asosni yaratadi. U xalqaro hamjamiyatga yangi bir portretni taqdim etadi: O‘zbekiston — ming yillik intellektual an’ana egasi, Beruniy va Ibn Sinolarni yetishtirgan va bugun ana shu merosni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirayotgan mamlakat. Bu narrativ iqtisodiy ko‘rsatkichlardan ko‘ra kuchliroq ta’sir qiladi, chunki u inson hissiyotiga va madaniy qiziqishiga murojaat etadi.
Joseph Nay ta’riflagan «yumshoq kuch» (soft power) tushunchasiga ko‘ra, eng samarali ta’sir o‘tkazish vositasi pul yoki qurol emas, balki o‘ziga jalb qilish qobiliyatidir[9]. 2025-yilning o‘zida minglab xalqaro mehmonlar, prezidentlar va olimlarning tashrif buyurishi ushbu «yumshoq kuch»ning samarali ishlayotganidan dalolat beradi.
Shu ma’noda xalqaro narrativning hayotiyligini ta’minlashda O‘zbekiston musulmonlari idorasining xalqaro faoliyati — xorijiy diniy muassasalar bilan hamkorlik, xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok, chet tillarida ilmiy nashrlar — ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Markaz infratuzilma bo‘lsa, uni intellektual mazmun bilan to‘ldirish — ulamolarning sharafli vazifasidir.
2.4. Islom dunyosiga yo‘naltirilgan narrativ
Islom dunyosi — o‘ziga xos rang-baranglikka, boy teologik maktablar va madaniy an’analarga ega ulkan ma’naviy-geosiyosiy makondir. Ushbu hududning har bir bo‘lagi o‘z tarixiy tajribasi va ilmiy salohiyati bilan islom sivilizatsiyasining umumiy taraqqiyotiga hissa qo‘shib keladi. Bunday murakkab maydonda O‘zbekistonning o‘z o‘rnini namoyon etishi odatiy siyosiy-diplomatik vazifa emas, balki chuqur teologik va tarixiy poydevorni talab qiladigan jarayondir. Mazkur nutq islom dunyosiga qaratilgan narrativda aynan shu asosni mustahkamlash vazifasini bajaradi va uchta parallel yo‘nalishda rivojlanadi: tarixiy vorislikni tasdiqlash, zamonaviy islom olamida o‘ziga xos nishni egallash hamda mo‘tadillik modelini taqdim etish.
Islom olamida ma’naviy-tarixiy vakolat uch asosda shakllanadi: ilmiy meros, muqaddas maskanlarga yaqinlik va teologik izchillik. O‘zbekiston birinchi omil — ilmiy meros bo‘yicha islom dunyosida tengsiz mavqega ega. Imom Buxoriy hadis ilmining eng buyuk namoyandasi sifatida e’tirof etiladi, u zotning «Al-Jome’ as-sahih» to‘plami Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba hisoblanadi. Imom Termiziy hadis ilmining ulkan ustuni, Imom Moturidiy esa sunniy aqida maktabining asoschilaridan biridir. Bugungi kunda ham dunyo musulmonlari orasida «moturidiylik» ta’limoti keng tarqalgan bo‘lib, u o‘z hayotiyligini yo‘qotmagan. Bahouddin Naqshband esa butun islom olamida, xususan, Markaziy Osiyo va turkiy xalqlar orasida tasavvufiy tarbiyani yoygan buyuk murshiddir.
Bu nomlarning zikr etilishi musulmon olamida kuchli rezonans uyg‘otadi. Mazkur allomalar faqat O‘zbekistonning tarixiy siymolari emas, butun islom ummatining umumiy merosidir. Ularning vatanida Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi ana shu buyuk merosni qayta jonlantirish va uni jahon musulmonlari uchun ochiq, umumiy ilmiy maydonga aylantirish ramzidir. Nutqda keltirilgan xalqaro mehmonlar va diniy yetakchilarning tashrifi ushbu markazning umumislomiy hamjihatlik ko‘prigiga aylanib borayotganini amalda tasdiqlaydi.
Bugungi kunda islom dunyosida turli diniy-huquqiy va ijtimoiy yondashuvlar o‘rtasida o‘ziga xos raqobat mavjud. O‘zbekiston ushbu rang-baranglik ichida o‘zining «mo‘tadil, tarixan asoslangan va intellektual» yo‘nalishini ilgari suradi. Bu yondashuv radikal qarashlardan xoli bo‘lgan, bag‘rikenglikni ustuvor deb biladigan, ming yillik an’analarga tayanuvchi hanafiy mazhabi va moturidiylik ta’limotini zamon talablariga mos tushuntira oladi. Bu yerda islom dini cheklangan marosimlar to‘plami emas, insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yuksak sivilizatsiya sifatida taqdim etiladi. Mazkur pozitsiya O‘zbekistonga islom olamidagi turli qutblar o‘rtasida muloqot maydoni yaratish va o‘zaro birdamlikka xizmat qiluvchi ilmiy argumentlarni taklif etish imkonini beradi.
O‘zbekiston nafaqat mo‘tadillik g‘oyasini targ‘ib qiladi, balki ushbu modelning tirik namunasi ekanini ham namoyon etadi. Iftorlik marosimida turli millat va diniy konfessiya namoyandalarining ishtirok etishi — ushbu bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.
Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati islom olamidagi ilmiy-madaniy raqobatda uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlaydi. Tan olish kerak, O‘zbekiston zamonaviy tariximizda ushbu intellektual maydonga biroz kech kirib keldi. Saudiya Arabistoni o‘nlab yillar davomida ulkan moliyaviy resurslar evaziga global islom ta’limotini shakllantirishga intildi. Turkiya Respublikasining Diyonat ishlari boshqarmasi o‘z ta’sirini ko‘plab mamlakatga yoydi[10]. Ushbu jarayonda O‘zbekiston moddiy resurslar jihatidan hozircha ularga teng kela olmasligi mumkin.
Biroq intellektual va tarixiy kapital borasida mamlakatimiz mutlaq ustunlikka ega. Buxoriy va Termiziy nomlari — hech qanday «petrodollar» bilan sotib olib bo‘lmaydigan ma’naviy xazinadir. Moturidiylik maktabi esa besh yuz yillik tabiiy va tizimli rivojlanish mahsulidir. Ushbu ulkan kapitaldan samarali foydalanish uchun faqatgina mablag‘ emas, balki izchillik, sifat va strategik yondashuv talab etiladi.
III.GЕOMADANIY NARRATIV: TASHQI SIYOSIY O‘LCHAM
Geomadaniy strategiya — bu madaniy merosni tashqi siyosatning faol va ta’sirchan vositasiga aylantirish san’atidir. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab dunyo siyosatida harbiy va iqtisodiy qudrat bilan bir qatorda madaniy ta’sir o‘tkazish omili ham hal qiluvchi rol o‘ynay boshladi. Postsovet davrida «yumshoq kuch» raqobati yangi bosqichga ko‘tarildi: endilikda davlatlar armiya va iqtisodiyotdan tashqari, o‘zining madaniyati, ta’lim tizimi, tili va tarixi orqali ham xalqaro maydonda mavqeini mustahkamlashga intilmoqda.
O‘zbekiston ushbu raqobat maydoniga biroz kechikib kirgan bo‘lsa-da, o‘ziga xos va salmoqli intellektual «qurollar» bilan kirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu strategik harakatning eng ko‘zga ko‘rinadigan ifodasidir. Loyihaning mohiyatini anglash uchun avvalo uning tarixiy kontekstini, so‘ngra uchta parallel geomadaniy narrativni tahlil qilish lozim.
Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish g‘oyasi 2017-yilda, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilindi[11]. 2016-yil sentyabrida hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi yangi rahbariyat tashqi siyosatda keskin burilish yasadi: qo‘shni davlatlar bilan chegaralar ochildi, Afg‘oniston bilan munosabatlar yangi bosqichga chiqdi, g‘arb investitsiyalari va xalqaro tashkilotlar uchun eshiklar keng ochildi.
Mazkur o‘zgarishlar faqat iqtisodiy yoki diplomatik xarakterga ega emas, balki chuqur madaniy va identifikatsion asosga ham ega bo‘lishi lozim edi. Chunki endilikda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi, uning obro‘si va ittifoqchilar bilan muloqot tili yangi strategik ahamiyat kasb etadi. Islom sivilizatsiyasi markazi g‘oyasi aynan shu qidiruvlarga javob sifatida dunyoga keldi.
Loyihaning BMT minbaridan e’lon qilinishi ham tasodifiy emas. Bu — madaniy tashabbusga global legitimlik berish hamda uni xalqaro platformada muhrlashning eng samarali yo‘li edi. Shu lahzadan boshlab Markaz milliy loyiha doirasidan chiqib, xalqaro miqyosdagi majburiyatga aylandi. Diplomatik amaliyotda bu juda muhim: global darajada e’lon qilingan loyiha ichki siyosiy tebranishlarga nisbatan ancha chidamli bo‘ladi.
2017-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan sakkiz yillik qurilish davri O‘zbekiston uchun keng ko‘lamli islohotlar — iqtisodiy modernizatsiya, huquqiy o‘zgarishlar va turizmning jadal o‘sish davriga to‘g‘ri keldi. Markaz mazkur yangilanishlarning madaniy ramzi sifatida shakllandi, uning ochilishi bir ma’noda Yangi O‘zbekistonning o‘zini dunyoga qayta taqdim etishidir.
Joseph Nay 1990-yilda «yumshoq kuch» tushunchasini taklif etar ekan, uni majburlashga emas, balki jalb qilish orqali ta’sir o‘tkazish qobiliyati deb ta’riflagan edi. Ushbu kuchning uchta asosiy manbasi mavjud: madaniy meros, siyosiy qadriyatlar va xalqaro institutlar. Nayning fikricha, harbiy kuch dushmanni bo‘ysundiradi, iqtisodiy kuch manfaat uyg‘otadi, madaniy kuch esa boshqalarning o‘z xohishi bilan sizga xayrixoh bo‘lishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston yumshoq kuch borasida ulkan salohiyatga ega bo‘lsa-da, bu imkoniyat uzoq yillar davomida yetarlicha ishga solinmadi. Al-Xorazmiy, Ibn Sino va Beruniy kabi siymolar jahon miqyosida tanilgan intellektual «brendlar» hisoblanadi. Masalan, bugungi raqamli dunyoning asosi bo‘lgan «algoritm» atamasi Al-Xorazmiy nomidan kelib chiqqan, bu so‘zni dunyoning har bir burchagida dasturchilar ishlatadi. Shuningdek, algebra fani uning «Al-jabr» asari bilan bog‘liq. Ibn Sinoning «Tib qonunlari» esa Yevropada «Avitsenna» nomi ostida besh asr davomida asosiy darslik bo‘lib xizmat qilgan.
Ushbu intellektual meros — hech qanday tabiiy boylik yoki harbiy bosimsiz qo‘lga kiritilgan global e’tirofdir. Biroq e’tirof o‘z-o‘zidan siyosiy ta’sirga aylanib qolmaydi, uni institutsional tarzda «kapitallashtirish» zarur.
Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shu kapitalizatsiya instrumenti vazifasini o‘taydi. U Al-Xorazmiy nomi bilan O‘zbekiston nomini global ongda bir kontekstga bog‘laydi. Xorijiy mehmon Markazda nafaqat tarixiy eksponatlarni ko‘radi, balki O‘zbekistonning intellektual an’anasi hamda bu an’ananing zamonaviy davlat tomonidan qadrlanishini his qiladi. Natijada u o‘z mamlakatiga O‘zbekiston haqidagi yangi, ijobiy tasavvur bilan qaytadi.
Ushbu mexanizm ta’lim va akademik sohadagi xalqaro hamkorlik uchun o‘ta muhimdir. Oksford islom tadqiqotlari markazining Toshkentda ofis ochishi faqatgina diplomatikhodisa emas. Bu O‘zbekiston olimlarining global akademik tizimga kirishini osonlashtiradi, milliy tadqiqotlarimizning nufuzli nashrlarda ko‘rinishini ta’minlaydi va mamlakatimizni jahon islomshunoslik xaritasida mustahkam o‘ringa joylashtiradi.
Yumshoq kuchning uzoq muddatli samaradorligi shundaki, u davlatlararo munosabatlarni harbiy yoki iqtisodiy o‘zgarishlardan qat’i nazar saqlab qolish quvvatiga ega. O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda ham, o‘rnatilgan madaniy va intellektual rishtalar munosabatlarning butkul uzilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu strategik jihatdan o‘ta muhim ma’naviy sug‘urta hisoblanadi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega va mintaqaning barcha davlatlari bilan bevosita chegaradosh mamlakatidir. Shu bilan birga, mintaqaning o‘zi Rossiya, Xitoy va G‘arb kabi yirik geosiyosiy kuchlar o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga intilayotgan murakkab maydondir. Ushbu raqobat sharoitida O‘zbekistonning tutgan tashqi siyosiy pozitsiyasi milliy identifikatsiyaning hayotiy zaruratidir. Rossiya bilan yaqinlashuv ko‘pincha sovet merosini yodga soladi, Xitoy yo‘nalishi iqtisodiy pragmatizmni ustuvor qo‘yadi, G‘arb yo‘nalishi esa liberal-demokratik qadriyatlarni ilgari suradi.
«Uchinchi Renessans» va Islom sivilizatsiyasi markazi narrativi O‘zbekistonga mutlaqo mustaqil yo‘l ochib beradi[12]. Ushbu g‘oya yuqoridagi qutblarning hech birini inkor etmagan holda, ularning hech biriga to‘liq bog‘lanib qolmaslik imkonini yaratadi. Bu o‘ziga xos tarixiy va madaniy identifikatsiyaga asoslangan suveren pozitsiyadir. Mazkur yondashuvning diplomatik qulayligi har qanday geosiyosiy kuch bilan o‘z tilida muloqot qilish imkoniyatidadir. Rossiyaga: «Biz umumiy sovet o‘tmishiga ega bo‘lsak-da, tarixiy ildizlarimiz va sivilizatsiyaviy asoslarimiz ancha qadimiy», deb uzoq o‘tmishga ishora qilish mumkin. Xitoyga: «Buyuk Ipak yo‘li davrida biz o‘zaro madaniy va ilmiy jihatdan bir-birimizni boyitganmiz», degan tarixiy hamkorlik eslatiladi. G‘arbga: «Biz Renessans an’anasiningdavomchisimiz», deya sivilizatsiyaviy yaqinlik ko‘rsatiladi. Islom olamiga: «Biz dunyo tan olgan buyuk musulmon allomalarning vatanimiz», deb ma’naviy yetakchilik tasdiqlanadi.
Ushbu ko‘p vektorli geomadaniy pozitsiyaning amaliy natijasi nutqda sanab o‘tilgan davlatlar ro‘yxatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSH, BAA, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Italiya, Saudiya Arabistoni va Hindiston kabi davlatlarning Markaz qurilishiga o‘z mutaxassislari bilan hissa qo‘shishi — yumshoq kuch diplomatiyasining noyob g‘alabasidir. Geosiyosiy raqiblarning yagona madaniy loyiha atrofida birlashishi O‘zbekistonning neytral va konstruktiv maydon yarata olganidan dalolat beradi.
Mintaqaviy miqyosda esa Markaz O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va intellektual markazi sifatida pozitsiyalaydi. Qo‘shni davlatlar iqtisodiy qudrat yoki siyosiy izolyatsiya yo‘lidan borayotgan, ayrimlarining esa resurslari cheklangan bir paytda, O‘zbekiston «madaniy meros kartasi»ni muvaffaqiyatli o‘ynab, mintaqada yetakchilik nishini egallamoqda.
Har qanday xalqaro muloqotda eng muhim omil — umumiy tushunchalar tilini topishdir. Kim muloqot tilini va undagi ramzlarni belgilasa, o‘sha jarayon yo‘nalishini ham boshqaradi. Nutqdagi «ilm», «Renessans», «sivilizatsiyalar dialogi», «bag‘rikenglik» va «gumanizm» kabi tushunchalar zamonaviy xalqaro diplomatik leksikaning universal elementlaridir.
Xususan, «Renessans» so‘zi G‘arb auditoriyasi uchun alohida ma’noga ega. Yevropada XIV–XVI asrlardagi Uyg‘onish davri inson qadri va ilm-fanning yangi bosqichga ko‘tarilishi sifatida G‘arb sivilizatsiyasining burilish nuqtasi hisoblanadi. O‘zbekiston o‘zini «Uchinchi Renessans» vatani sifatida taqdim etar ekan, u G‘arbning madaniy xotirasiga murojaat qiladi, bu esa tinglovchida tanishlik va iliq xayrixohlik tuyg‘usini uyg‘otadi.
Shuningdek, «sivilizatsiyalar dialogi» tushunchasi Samuyel Huntingtonning «sivilizatsiyalar to‘qnashuvi»[13] nazariyasiga samarali muqobil bo‘lib, O‘zbekistonni global muloqotning ijobiy ishtirokchisi sifatida namoyon etadi.
Xalqaro muloqot tilini shakllantirish nafaqat tushunchalar tanlashda, balki nutqning umumiy arxitekturasida ham ko‘rinadi. O‘zbekiston haqidagi xabar quyidagicha shakllantirilgan: mamlakat — qadimdan sivilizatsiyalar tutashgan chorraha, xalq — ilmni muqaddas biladigan millat, zamin — jahonga buyuk allomalarni tuhfa etgan makon va bugungi avlod — ana shu ulkan merosni zamonaviy dunyoda tiklayotgan vorislardir. Ushbu hikoya har qanday madaniy va siyosiy kontekstda qabul qilinadigan universal narrativdir.
IV. XULOSA
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishidagi nutqi — Yangi O‘zbekistonning intellektual va geomadaniy manifestidir. Ushbu matn to‘rt xil auditoriyaga yo‘naltirilgan murakkab narrativlar tizimi orqali davlatning ichki va tashqi strategiyasini yaxlit bir qolipga birlashtiradi.
Tahlil natijasida quyidagi strategik xulosalarga kelish mumkin:
Birinchidan, O‘zbekiston milliy o‘zligini nafaqat etnik yoki hududiy chegaralar, balki ulkan sivilizatsiyaviy meros asosida qayta shakllantirmoqda. «Uchinchi Renessans» g‘oyasi diniy qadriyatlar va ilm-fanni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymaydi. Aksincha, ularni umumiy taraqqiyotning ikki ajralmas qanoti sifatida taqdim etadi. Bu model jamiyatdagi turli qatlamlar — dindorlar, ziyolilar va yoshlar uchun umumiy g‘oyaviy platforma vazifasini o‘taydi.
Ikkinchidan, islom dunyosiga yo‘naltirilgan narrativ O‘zbekistonning ma’naviy mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mamlakatimiz boshqa diniy markazlarning tayyor modellarini qabul qiluvchi passiv subyekt emas, balki o‘zining moturidiylik va hanafiylik an’analariga tayangan holda «mo‘tadil islom» modelini eksport qiluvchi faol markazga aylanmoqda. Bu — radikalizm va yot g‘oyalarga qarshi eng samarali intellektual immunitetdir.
Uchinchidan, xalqaro maydonda Markaz O‘zbekistonning «ko‘p vektorli geomadaniy diplomatiyasi» uchun noyob instrument bo‘lib xizmat qiladi. Geosiyosiy qutblar (AQSH, Rossiya, Xitoy, Islom dunyosi) o‘rtasidagi ziddiyatlar sharoitida madaniy meros loyihasi barcha tomonlarni birlashtiruvchi neytral muloqot maydonini yaratadi. Bu O‘zbekistonning xalqaro imidjini «yopiq davlat»dan «sivilizatsiyalar chorrahasi va ilm-fan o‘chog‘i»ga o‘zgartirish imkonini beradi.
To‘rtinchidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Markaz bilan hamnafas faoliyat yuritishi diniy muassasalarning zamonaviy ilmiy va ijtimoiy jarayonlardagi rolini oshiradi. Markaz bergan ulkan infratuzilmani jonli ilm, xalqaro hamkorlik va munosib vorislar bilan to‘ldirish — endilikda nafaqat diniy idoraning, balki butun ilmiy hamjamiyatning strategik vazifasidir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, ushbu nutq va uning ortidagi loyiha O‘zbekistonning kelajakdagi o‘rnini belgilovchi uzoq muddatli marafondir. Unda muvaffaqiyat qozonish uchun faqat tarix bilan faxrlanish emas, balki o‘sha buyuk merosga munosib zamonaviy intellektual mahsulot yaratish talab etiladi. Islom sivilizatsiyasi markazi — bu yakun emas, balki Yangi O‘zbekistonning global ma’naviy va ilmiy maydonga qaytishining rasmiy debochasidir.
Muhammadamin Ismoilov,
Mir Arab oliy madrasasi talabasi