Imom Abu Husayn Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy an-Nisoburiy hijriy 206 yili Nisoburda dunyoga keldilar. Nisbatlari Qushayriy bo‘lib, u Nisoburga qarashli qishloqdir.
U zot hadis ilmida kitobi «Sahih» deb tan olingan 6 ta imomlarning biridirlar. Kitoblari «Sahih Muslim» Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadigan kitoblardan biridir. Imomning hadis ilmidagi tutgan o‘rinlari va oliy martabalarga yetishlariga sabab sahih kitoblarida birorta ziyodalik ham, noqislik ham bo‘lmaganligi, bundan oldin ham, bundan keyin ham buning singari tartibdagi kitobni topilmasligidir. Imom Muslim hadis jamlash davrida uning nozik joylariga juda ham e’tibor bilan qaradilar. Hatto bir harf bo‘lsa ham o‘zgartirishdan saqlandilar. Bu zot hadislarni avvalidan oxirigacha uzilish va illatdan salomat, isnodlari ishonchli bo‘lsagina sahih kitoblariga kiritdilar. Imom Muslimning «Sahih»lari Imom Buxoriyning kitoblariga qaraganda ba’zi tomonlari afzalligini ulamolar qayd qilganlar.
Imom Navaviy aytadilar: «Yerning ustida, osmonning ostida Muslimning kitoblaridan ko‘ra sahihroq kitob topilmaydi».
Imom Muslim aytadilar: «Agar hadis ahllari 200 yil hadis yozsalar ham kuchlari mana shu «sahih»ni yozishlikka yetadi, xolos». Va yana aytadi: «Har bir yozgan kitobimni Abu Zar’ata ar-Roziyga ko‘rsatdim, agar u zot, mana bu hadis illatli, desalar tark qildim, agar, sahih, desalar kitobimga kiritdim».
Imom Muslim ko‘plab kitoblarning muallifidirlar. Shulardan eng mashhurlari «Sahih Muslim» bo‘lib, mana shu kitob sababli ulug‘ martabaga va chiroyli maqtovlarga sazovor bo‘ldilar. Bundan tashqari, u zotning «Jomi’ al-Kabir alal abvob», «Kitobu musnadi al-Kabir ala asmoi rijol», «Kitobu Asmoi va kuna», «Kitobu ilal», «Kitobu tamyiz», «Kitobu hadis Amr ibn Shu’ayb», «Kitobu mashoyixi Molik», «Kitobu avhomul muhaddisiyn», «Kitobu man laysa lahu illa rovin vohid», «Kitobu tabaqati at-Tobe’iyn», «Kitobu muhozramiyn», «Kitobu mashoyixi as-Savriy» kitoblari ma’lum va mashhur.
Bundan tashqari «Sahihi Muslim»ga bir necha muxtasar va sharhlar yozilgan.
Imom Muslimning «Asmo ar rijol» nomli kitoblariga Abu Bakr Ahmad ibn Ali Isfahoniy sharh yozgan.
Imom Muslimdan ana shu davrning katta imomlari, jamoatlar hadis rivoyat qilishdi. Ular Abu Hotim ar-Roziy, Muso ibn Horun, Ahmad ibn Saloma, Abu Iso at-Termiziy, Abu Bakr Huzaymiy, Yahyo ibn Sa’id, Abu Avona va boshqalardir.
Imom Muslim (Alloh u kishini o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin) 261 hijriy sana, yakshanba kuni, 55 yoshlarida bu olamdan ko‘z yumdilar. Dushanba kuni Nisoburda dafn etildilar.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Jannatda yoshimiz 30 yoki 33 yosh bo‘ladi (Iso alayhissalom yoshi kabi) va biz qarimaymiz.
2. Jannatdagi bo‘yimiz 60 ziro’ bo‘ladi (Odam alayhissalom bo‘yi kabi. Bir ziro’ taxminan 64 sm).
3. Har juma kuni qiyofamiz yanada go‘zallashib boradi va bu go‘zallik cheksiz ravishda ortib boradi.
4. Jannat ahli Allohning roziligiga erishadi va Uning jamolini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ladi. Bu – jannatning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir!
5. Jannat ahlining jismoniy sifatlaridan: ular “jarad” (ya’ni, yuz va tanalarida ortiqcha soch bo‘lmaydi), ko‘zlari esa surma surtilgandek go‘zal bo‘ladi.
6. Jannat ahli saroylarda taxtlarda yonboshlab o‘tiradi, ostida daryolar oqib turadi. Jannatda Firdavsdan boshlanuvchi ko‘plab daryo va buloqlar mavjud.
7. Jannatda inson istagan barcha narsalar – yegulik, ichimlik, hayvonlar, turli qushlar bor. Mo‘min kishi xohlaganicha lazzat oladi.
8. Ayollar esa yoqut va marjon kabi, go‘yoki yashirin durlardek go‘zal bo‘ladi. Ularga abadiy yoshlik va hech qachon ko‘rilmagan go‘zallik beriladi. Boshlarida tojlar, kiyimlari ipakdan bo‘ladi.
9. Jannatning binolari oltin va kumushdan, tuprog‘i esa mushk va za’farondan, toshlari esa dur va yoqutdan bo‘ladi.
Alloh barchamizni jannat ahlidan qilsin
Homidjon qori ISHMATBЕKOV