Ota-ona bolaga eng ko‘p yaxshilik qilgan kishilar bo‘ladi. Odatda, odamlar o‘ziga yaxshilik qilgan har bir odamning yaxshiligiga yarasha yaxshilik qaytarishga harakat qilishadi. Iloji bo‘lsa, yaxshilikni ko‘proq qilish payidan bo‘lishadi.
Farzand ham ota-onaning yaxshiligini qaytarishga harakat qiladi. Ammo u ularning yaxshiligini to‘liq qaytarishi mumkinmi?
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَا يَجْزِي وَلَدٌ وَالِدَهُ إِلَّا أَنْ يَجِدَهُ مَمْلُوكًا فَيُعْتِقَهُ».
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Farzand otasini (to‘liq) mukofotlay olmaydi. Faqatgina uni qul holda topib, ozod qilgan bo‘lsa, bundan mustasno», dedilar».
Sharh: Bola ota-onaning haqqini ado eta olmaydi. Ularning haqqi juda ulug‘. Illo, otasi yoki onasi qul yoki cho‘ri bo‘lib, birovning qo‘lida yurgan bo‘lsa-yu, farzandi borib, ularni qullikdan ozod qilib olgan bo‘lsa, haqlarini ado etganday bo‘ladi, xolos. Ya’ni ota bilan onaning farzanddagi haqqi shunchalik ko‘p. Qul bo‘lgan odam o‘zining hurriyatini yo‘qotgan bo‘ladi, to‘laqonli odam o‘rnida bo‘lmaydi va ularni ozod qilganda haqiqiy insoniylik haq-huquqlari qaytariladi. Otani ozod qilib olsagina, «haqqini ado qildim», «xizmatini qildim», deydigan darajadagi gap bo‘lishi mumkin ekan.
عَنْ سَعِيدِ بْنِ أَبِي بُرْدَةَ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: كَانَ ابْنُ عُمَرَ يَطُوفُ بِالْبَيْتِ، فَرَأَى رَجُلًا يَطُوفُ حَامِلًا أُمَّهُ وَهُوَ يَقُولُ:
إِنِّي لَهَا بَعِيرُهَا الْمُذَلَّلْ إِنْ أُذْعِرَتْ رِكَابُهَا لَمْ أُذْعَرْ
أَحْمِلُهَا وَمَا حَمَلَتْنِي أَكْثَرْ
أَتَرَانِي يَا ابْنَ عُمَرَ جَزَيْتُهَا؟ قَالَ: لَا، وَلَا زَفْرَةً وَاحِدَةً، ثُمَّ طَافَ، ثُمَّ صَلَّى خَلْفَ الْمَقَامِ رَكْعَتَيْنِ، ثُمَّ قَالَ: أَلَا إِنَّ كُلَّ رَكْعَتَيْنِ تُكَفِّرُ مَا بَيْنَهُمَا - أَوْ قَالَ -: مَا قَبْلَهُمَا، أَوْ كَلِمَةً نَحْوَهَا.
Sa’id ibn Abu Burda otasidan rivoyat qiladi:
«Ibn Umar Baytullohni tavof qilib yurib, bir odamning onasini ko‘tarib olib tavof qildirayotganini ko‘rdi. U:
«Men onamning mingan yuvosh tuyasiman,
Ulovlari charchasa ham, charchamasman.
U meni ko‘p ko‘targan, endi men ko‘taraman», der edi.
So‘ngra u: «Ey Ibn Umar! Onamning haqqini ado qildimmi?» dedi.
«Yo‘q! Bir martalik «oh»ini ham», dedi.
Keyin u (Ibn Umar) tavof qildi. Maqomga borib, ikki rak’at namoz o‘qidi-da: «Bilib qo‘yinglar! Har ikki rak’at o‘zlarining orasidagiga kafforot bo‘ladi. Yoki o‘zlaridan oldingiga», dedi. Yoxud shunga o‘xshash kalima aytdi».
Sharh: Boshqa rivoyatlarda ta’kidlanishicha, onasini ko‘tarib tavof qildirib yurgan odam yamanlik bo‘lgan.
O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, o‘sha davrda yura olmaydigan onani Yamandan Makkaga olib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Uni ko‘tarib olib tavof qildirish ham oson emas.
Ushbu rivoyat qahramoni bo‘lmish farzand o‘zicha onasini Yamandan olib kelib, orqasida ko‘tarib, Baytullohni tavof qildirish bilan onamning haqqini ado etdim, deb o‘ylagan edi.
U o‘z fikrini katta olim, sahobiy Abdulloh ibn Umarga tasdiqlatib olish uchun u kishiga: «Ey Ibn Umar! Onamning haqqini ado qildimmi?» deb savol berdi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu gapni aylantirib o‘tirmay, lo‘ndasini aytib qo‘ya qoldi: «Yo‘q! Bir martalik «oh»ini ham», dedi.
Onaning farzand boqish jarayonidagi bir marta oh urishi shunchalar qiymatga ega bo‘lsa, boshqa barcha xizmatlarining qimmati va qadri, haqqi va hurmati qanchalar bo‘lishini har bir kishi o‘zi bilib olaversa bo‘ladi.
Onaning xizmatlari va ularning haqqi qancha bo‘lishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Demak, farzand onaning haqqini to‘liq ado etishi amrimahol. Shuning uchun xayolni turli hisoblarga burmasdan, ona roziligi uchun butun borlig‘ini ishga solsin.
Bu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Qadimdan musulmon farzandlar onalarining xizmatida jon fido qilishni yo‘lga qo‘yganlari.
2. Onaning farzanddagi haqqi ulkanligi.
3. Onaning farzanddagi haqqi emizish orqali sobit bo‘lishi.
4. O‘g‘il onasini ko‘tarib olib tavof qildirishi yaxshi ish ekani.
5. Ikki rak’at tavof namozi o‘zidan oldingi ba’zi gunohlarning yuvilishiga sabab bo‘lishi.
عَنِ الْحَسَنِ: أَنَّ ابْنَ عُمَرَ رَأَى رَجُلًا يَطُوفُ بِالْبَيْتِ، حَامِلًا أُمَّهُ، وَهُوَ يَقُولُ لَهَا: أَتَرَيْنِي جَزَيْتُكِ يَا أُمَّهْ؟ فَقَالَ ابْنُ عُمَرَ: أَيْ لُكَعُ، لَا وَاللهِ وَلَا طَلْقَةً وَاحِدَةً.
Hasandan rivoyat qilinadi:
«Ibn Umar bir odamning onasini ko‘tarib olib, Baytullohni tavof qildirib yurganini ko‘rdi. U: «Ona! Nima deysiz, sizning haqqingizni ado qildimmi?» der edi.
Shunda Ibn Umar: «Hoy, esi past! Yo‘q! Allohga qasamki, bir to‘lg‘oqning haqqini ham», dedi.
Sharh: Bu ham avvalgi rivoyatga o‘xshash rivoyat. Faqat bu rivoyatda farzand savolni onaga bermoqda va javobni Ibn Umar roziyallohu anhu bermoqdalar.
Bundan farzand har qancha urinsa ham, ota-onaning haqqini to‘liq ado eta olmasligi ma’lum bo‘ladi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaratganning borligini inkor qiladiganlar asosiy sabab qilib ko‘rmaganliklarini ko‘rsatadilar. Ular bu gapni aytishdan avval ushbu oyatni yaxshilab o‘ylab ko‘rsinlar: “O‘zingizda ham (mo‘jizalar bor), ko‘rmaysizlarmi”.
Jismimiz ruhimiz tufayligina harakat qiladi. Agar ruh chiqib ketsa harakatdan to‘xtaymiz. Ruh degan so‘zni ko‘pchilik eshitgan. Lekin uni kim ko‘rgan? Uning qayerda bo‘lishini kim biladi? U yurakda bo‘ladimi yoki miyamizdami?
Olimlarning birortasi bunga aniq javob bera olmaydilar. Ruhning vazni bor deya jar solgan olim ham buni bilmaydi. Ruhning vazni bo‘lmaydi. Vazni bor degan olimni jasaddan chiqib ketgan havo yoki yurak urishi tufayli yuzaga keladigan bosim chalg‘itgan bo‘lishi mumkin.
Demak, ruhni hech kim ko‘rmagan. Uning qayerda joylashishi, jismni qanday harkatga keltirishini birota olim bilmaydi. Insonning bir qo‘li falokat tufayli uzilib tushsa, uni harakatga keltirgan ruh qayerga ketadi? Buni ham hech kim bilmaydi. Lekin dunyo olimlari ruhning borligini inkor etmaganlar.
Ruhning borligiga ko‘pchilik ishonadi. Tanamiz harakatga kelishi, tirikligimiz belgisi ham aynan ruh bilan bog‘liqdir. Bu narsa ham Alloh taoloning mo‘jizalaridan biridir. O‘zimizdagi mo‘jizalarni inkor etmagan holda koinotdagi ilohiy mo‘jizalarni qanday inkor eta olamiz?! Bu aqli bor kishining ishi emas-ku, axir.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan