Qadim va ko‘hna Buxoro – avliyolar, Islom olamiga munosib hissa qo‘shgan ulamolar maskani, butun dunyodan sayyohlar ziyorat uchun keladigan sharif shahar. Uni sharaflantirib turgan ajdodlarimiz orasida Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari alohida o‘rin tutadi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy nomini tilga olar ekanmiz, har safar: “Ust-boshingizni mehnatingiz bilan bezang”, “Ko‘ngil firog‘ini muhabbat olovi bilan yoqing” kabi go‘zal vasiyatlari qulog‘imiz ostida jaranglaydi.
1103 yili asli rumlik Shayx Abduljamil va Malatiya podshohining qizi Xonzodabegimning nikohidan “Abdulxoliq” ismli pok o‘g‘il dunyoga keldi. Baqo eshigidan kirguniga qadar faqat Alloh zikrida bo‘lgan valiy zot Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari “Xojai Jahon” nomiga musharraf bo‘lgan.
Barcha ulug‘ zotlarning ortida mushtipar ayol – taqvodor va fidoyi onalar turadi. Abdulxoliq G‘ijduvoniyning onasi Xonzodabegim ham Shayx Abduljamil bilan besh yilcha birga hayot kechirgan. Xonzodabegim yigirma bir yoshida beva qolib, umrini shu birgina farzandining ilm olishi va tarbiyasiga bag‘ishladi. Podshohning qiziman, demasdan hayotning past-balandliklarini shukr va sabr bilan yengib o‘tdi. Mehnatkashligi, qat’iyatliligi yosh Abdulxoliqning kelgusi hayotida butun umriga tatigulik darajada o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Har doim Allohga iltijo qildi. Boshqalarga borib arz qilmadi, otasining yurtiga qaytib ketmadi, yaxshi gumonda bo‘lib, buni bir xayrli taqdirga yo‘yib, chiroyli sabr qildi...
Ona farzandini o‘zidan uzib biror yerga yuborish u yoqda tursin, bir necha soatga bo‘lsa-da, boshqaga berib ketolmaydi. Balki shundan bo‘lsa kerak, Payg‘ambar alayhissalom: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deganlar (Imom Quzo’iy rivoyati). Xonzodabegim ham yo‘qotsa-da, ayollik iffatiyu or-nomusini va ma’naviyatini yo‘qotmadi. Butun umrini, ilmini, kuch-quvvatini farzandining kamoloti yo‘lida sarfladi. Olis yurti, ota-ona sog‘inchi qalbini qancha o‘rtamasin, farzandining yonida qoldi.
Ona nomini pok saqlay olgan ayollarimiz bor ekan, hayot munavvar. Buning uchun har bir muslima o‘zining asosiy burchi ilm va tarbiyani mahkam tutmog‘i lozim. Zero, qo‘liga kitob tutgan xalqni, millatni avvalo ayol tarbiyalaydi. Sizu bizning zimmamizdagi vazifalar yuki og‘ir bo‘lsa ham, sharafi yuksakdir. Shunday ekan, olimu ulamolarning merosxo‘rlari sifatida ularga munosib farzand bo‘laylik!
Norbibi MARDONOVA,
G‘ijduvon tumani bosh otinoyisi
"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Robi’a ibn Ka’b roziyallohu anhu Allohning Rasuli sollallohu alayhi va sallam bilan uchrashgan kunini bunday hikoya qiladi:
«Qalbim iymon nuri bilan charog‘on bo‘lganida yoshgina yigitcha edim. Ilk marta Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rishga musharraf bo‘lganimdayoq u zotni juda qattiq yaxshi ko‘rib qoldim, butun fikr-zikrimni Allohning Payg‘ambariga bo‘lgan muhabbat egallab oldi.
Bir kuni xayolimga bunday fikr kelib qoldi: «Ey Robi’a, Payg‘ambar alayhissalomning xizmatlariga bormaysanmi? Agar taklifingni qabul qilsalar, hamisha yonlarida yurib, suhbatlaridan bahramand bo‘larding, dunyo va oxirat yaxshiliklarini qo‘lga kiritarding». Shu zahoti umid bilan Faxri koinot huzurlariga bordim, xizmatlarini qilmoqchiligimni aytdim. U zot umidimni yo‘qqa chiqarmadilar, xodimlikka oldilar.
Shu kundan boshlab Hazrat Payg‘ambar alayhissalomdan bir qadam ham uzoqqa ketmadim, qayerga borsalar, hamroh bo‘ldim. Nigohlari tushishi bilan huzurlariga chopib boraman. Biror narsaga ehtiyojlari bo‘lsa, bajarishga shoshaman. Kun bo‘yi birga bo‘lib, xizmatlarini qilaman. Xufton namozidan so‘ng uylariga kirib ketganlarida men ham qaytmoqchi bo‘lardim, ammo bir fikr ketishdan to‘sib turardi: «Qayoqqa borasan? Mabodo tunda Rasuli akramning ishlari chiqib qolsa-chi?» deb o‘ylab, eshik yonida tong ottirar edim».
Payg‘ambarimiz alayhissalomning ajoyib odatlari bor edi: bir yaxshilik qilgan kishiga uning yaxshiligini o‘n chandon qilib qaytarar edilar. U zot mening xizmatlarimni ham taqdirlamoqchi bo‘lib, huzurlariga chorladilar. Borsam, u zot:
– Robi’a, mendan biror narsa so‘ra, – dedilar.
Men nima so‘rashni bilmay o‘ylanib qoldim:
– Yo Allohning Rasuli, menga biroz muhlat bering, oldin o‘ylab olay, keyin nima kerakligini aytaman.
U zot ma’qulladilar.
O‘shanda na oilam, na mol-dunyoim, na uy-joyim bor edi. O‘zimga o‘xshagan faqir musulmonlar qatori masjidning supasida kun kechirar edim. Odamlar bizni «Islom mehmonlari», «ahli suffa» deb atashardi. Kim Payg‘ambar alayhissalomga sadaqa-ehson olib kelsa, hammasini bizga yuborardilar, kimdan hadya olsalar, arzimagan qismini olib qolib, qolganini «Islom mehmonlari»ga tarqatar edilar.
O‘ylay-o‘ylay, «Payg‘ambar alayhissalomdan mol-dunyo so‘rasammikin, qashshoqlikdan qutulib, boshqalarga o‘xshab, hovli-joy, bola-chaqa qilardim», degan xayolga ham bordim. Ammo bu fikrimdan darrov qaytdim: «Nimalar deyapsan, Ka’bning o‘g‘li? Mol-dunyo o‘tkinchi narsa. Alloh azza va jalla rizqingni berib qo‘yibdi, xohlasang ham, xohlamasang ham kelaveradi. Rasuli akram Parvardigorimiz huzurida shunday maqomga egalarki, nima so‘rasalar, rad etilmaydi. Shundan foydalanib, Allohdan oxirat yaxshiligini so‘ramaysanmi?»
Bu fikrdan ko‘nglim ravshan tortdi. Xushnud holatda Sarvari olam janobimizning oldilariga bordim.
– Xo‘sh, nima deysan Robi’a? – dedilar u zot.
– Yo Allohning Rasuli, duo qiling, Alloh meni jannatda sizga yo‘ldosh qilsin, – dedim.
– Buni senga kim o‘rgatdi? – deb so‘radilar.
– Hech kim. Avval boylik so‘ramoqchi ham bo‘ldim, ammo o‘tkinchi yaxshilikdan abadiy ne’matni afzal bilib, siz bilan jannatda birga bo‘lishni so‘rashni Alloh dilimga soldi.
Rasuli akram uzoq vaqt sukut qilib qoldilar. Keyin:
– Balki boshqa biror narsa so‘rarsan? – dedilar.
– Yo‘q, – dedim qat’iy, – menga boshqa narsaning keragi yo‘q!
– U holda mening duoim qabul bo‘lishi, sening talabing hosil bo‘lishi uchun ko‘p sajda qilgin, – dedilar Sarvari olam.
Shundan keyin yanada ko‘proq g‘ayrat bilan ibodat qiladigan bo‘ldim. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalomga dunyoda xodim va suhbatdosh bo‘lganim kabi, oxiratda ham hamrohlikka erishish ishtiyoqida edim».
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi