Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Andijon viloyati Izboskan tumanidagi baxtsiz hodisa ro‘y bergan “Ahmadali hoji” jome masjidini mutasaddilar ishtirokida ko‘zdan kechirdilar. Voqea tufayli ta’ziyali bo‘lgan xonadonlarga hamdardlik bildirdilar. Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, marhumlar haqiga bag‘ishlandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 31 mart kuni (https://t.me/muslimuzportal/40908) masjid tahoratxonasida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida bir necha fuqaro halok bo‘lib, 10 kishi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa natijasida tahoratxona devor va tom qismiga zarar yetgan, yong‘in sodir bo‘lmagan.
Muftiy hazratlari boshchiligidagi ulamolar vafot etganlarning janoza namozlarida, ma’raka-marosimlarida haqlariga duolar qilishdi. Marhumlarning yaqinlariga moddiy-ma’naviy tasalli berildi. Tan jarohati olib, shifoxonalarda muolaja olayotganlarga tez fursatda sog‘ayib ketishlarini tilandi.
Halok bo‘lganlarning oila a’zolariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan moddiy yordamlar berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan moddiy yordam pullari ham to‘lash nazarda tutilgan. Masjidning talafot ko‘rgan qismini qayta tiklash ishlari uchun ham belgilangan tartibda mablag‘lar ajratiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Imom Abu Homid G‘azzoliy aytadilar: "Agar Alloh seni mol-dunyodan qisganini, ustingda balo va musibatlarni ko‘paytirganini ko‘rsang, bilginki, sen Uning huzurida azizsan. Uning huzurida darajang bor, seni avliyo va asfiyolari yo‘lida yurg‘izib qo‘ygandir. U seni ko‘rib turgan.
Alloh taoloning: "Robbingning hukmiga sabr qil, albatta sen ko‘z o‘ngimizdasan. Va qoyim bo‘lgan paytingda Robbingni hamdi bilan poklagin", deganini eshitmaganmisan?"