Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, Haj va umra bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy kabi soha mas’ullari “Haj–2026” mavsumida hamyurtlarimiz istiqomat qilishi ko‘zda tutilgan mehmonxonalarni atroflicha o‘rganmoqdalar.
Sharoit va qulayliklar tahlil qilinmoqda
Mehmonxonalarni ko‘zdan kechirish jarayonida binolarning umumiy imkoniyatlari va ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar sinchiklab o‘rganildi. Jumladan:
– Foyelarning kengligi va harakatlanish qulayligi;
– Liftlar soni va kengligi;
– Xonalardagi sharoit, o‘rinlar soni va jihozlar holati;
– Oshxona sig‘imi, tibbiyot va ishchi guruhlari uchun ajratilgan xonalar — barchasiga alohida e’tibor qaratildi.
Har bir xona — ziyoratchi qulayligi uchun
O‘rganish chog‘ida har bir xonada yuklar joylashtirish va harakatlanish uchun yetarli joy mavjudligi, yuvinish xonalari, kiyim javonlari, yozuv stoli, televizor, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz va Qur’oni karim bilan ta’minlangani, shuningdek, sanitariya va gigiyena talablariga to‘liq rioya etilganiga e’tibor berildi.
Joylashuv qulayligi ham baholandi
Mehmonxonalarning Harami sharif, Mino, Arafot kabi haj arkonlari ado etiladigan muqaddas hududlarga yaqinligi hamda transport qatnovining qulayligi delegatsiya diqqat markazida bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida mutasaddilar tomonidan Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining hamkorlik talablarini inobatga olgan holda, ushbu tartib-qoidalarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlab o‘tildi.
“Haj – 2026” mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarning huzurlanib, xotirjam ibodat etishlari uchun amalga oshirilayotgan tayyorgarlik ishlari — Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri — oliy qadriyat” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilayotganining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim Muhammadsidiqov, oliy madrasa rektori Jobir domla Elov, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja Inoyatov hamda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlaridan kelgan falsafa, psixologiya, tarix va islomshunoslik sohalari olimlari, professor-o‘qituvchilar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilari islom ma’rifatining inson kamolotidagi o‘rni, yoshlarni vatanparvarlik va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash hamda jamiyatda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish kabi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qildi.
Ma’ruzalarda ajdodlarimizdan meros qolgan boy ilmiy xazinani o‘rganish va uni yosh avlod qalbiga singdirish bugungi kunning eng muhim vazifasi ekani alohida qayd etildi.
Ayniqsa, globallashuv sharoitida axborot makonidagi tahdidlarga qarshi yoshlarda mustaqil fikrlash va mafkuraviy immunitetni shakllantirishda diniy-ma’rifiy ishlarning ahamiyatiga urg‘u berildi.
Ulamolar, psixolog va faylasuf olimlar tomonidan inson ma’naviyatini yuksaltirish va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash yuzasidan ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tadbir yakunida yosh olimlarning ilmiy izlanishlari yuqori baholanib, bu kabi anjumanlar ilm-fan va ma’naviyat rivojiga, ayniqsa, navqiron avlodning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Faol ishtirok etgan ma’ruzachi va olimlarga Mir Arab oliy madrasasi rahbariyati tomonidan maxsus sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati