Har haftaning chorshanbasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning quyi tizimlarida fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tadi. Murojaatlarga diniy idora rahbariyatidan tortib, har bir masjid imomigacha doimiy e’tibor qaratib, fuqarolarga imkon qadar ko‘makchi bo‘lishadi.
Ana shunday qabullardan biri bugun, 19 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lib o‘tdi.
Raisning birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarni tingladi. Murojaatchilar tomonidan aytilgan imom-xatiblar faoliyati, haj va umra, oilaviy masalalar, moddiy yordam singari 14 ta masala vakolat doirasida ijobiy hal etildi.
Samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lib, xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Tokio shahrida O‘zbekiston elchixonasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida mazkur markazning Yaponiyadagi ilk keng qamrovli taqdimoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Yaponiya ta’lim va madaniyat muassasalari, xususiy kompaniyalar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatlari, tadqiqotchilar, OAV xodimlari, shuningdek, Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va o‘zbek talabalari ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom ma’rifati, ilm-fani va madaniyatini o‘rganish hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish uchun xalqaro maydonga aylanishi qayd etildi.
Anjumanda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniyat merosi, buyuk olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiyning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Amir Temur va uning avlodlarining jahon tarixidagi o‘rni haqidagi materiallar taqdim etildi.
Markaz direktorining maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev “Ma’rifat orqali kelajakka” mavzusida ma’ruza qilib, madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash va xalqaro muloqotni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
Yaponiya Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti professori Manabu Simidzu O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans konsepsiyasining hamda turli sivilizatsiyalar, jumladan, Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini alohida ta’kidladi.
Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taqdimot filmi, O‘zbekistonning buyuk olimlari to‘g‘risidagi videomateriallar hamda yurtimizning madaniy merosi va me’moriy obidalariga bag‘ishlangan fotolar namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati