“Abu Ali G‘assoniy aytadi: Abu Fath Nasr ibn Hasan Sakatiy Samarqandiy hijriy 464 (milodiy 1072) yili bizning huzurimizga keldi. Bir necha yillardan beri Samarqandda qurg‘oqchilik hukm surardi. Odamlar qayta-qayta istisqo qilib, Allohga duo-iltijo etsalar ham, yomg‘ir yog‘mayotgandi. Shunda taqvodorligi bilan tanilgan bir solih kishi Samarqand qozisining oldiga borib:
– Menda bir taklif bor, – dedi.
– Qanday fikr ekan? – so‘radi qozi.
– Siz boshchiligingizda Imom Muhammad Ismoil Buxoriyning qabri yoniga jamoat bilan borib, u zotni vasila qilgan holda Allohga iltijo qilsak. Shoyad, Alloh bizga yomg‘ir yog‘dirsa", dedi.
Qoziga bu taklif ma’qul bo‘lib, odamlar to‘planib, qabr sohibi Imom Buxoriyni o‘rtaga qo‘yib Allohga yig‘lab iltijo qilishdi. Va nihoyat, Alloh taolo ularga yomg‘irni yubordi. Bir hafta davomida tinimsiz yomg‘ir yog‘di. Odamlar yomg‘ir tinishini kutib bir hafta Xartangda qolib ketishdi”.
Imom Zahabiyning
“Siyari a’lom an-nubala” asaridan
Ey, menga yetgan shiddatli g‘amlar,
Keting, kelmoqda tong otar damlar.
Hashamat, dabdaba va isrof bilan yashayotganlar hayotiga havas qilmang, chunki ularning voqeliklari juda ayanchli va xursand bo‘ladigan emas. Ular maqsadlari nafslari va shahvatlari uchun isrof qilish bo‘lgan, bor kuchlarini rohatlanish uchun sarflaydigan, halol yoki haromligiga qiziqib ham o‘tirmay lazzatlanishga intiladigan insonlardir. Ular baxt-saodat ichida emas, balki g‘am-tashvish ichidalar. Chunki Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketgan va U zotga osiylik qilib yurgan insonlar hech qachon baxtni topa olmaydi.
Isrofgar va dabdabavoz insonlar baxt-saodat ichida deb aslo o‘ylamang. Ba’zi kambag‘al, oddiy hayot ichida yashayotgan insonlar qasrlarda ipak matolarga burkanib yashayotganlardan ko‘ra baxtli bo‘ladi. Chunki faqir bo‘lsada ibodatli va soliha mo‘mina ayol osiy ayoldan ko‘ra baxtliroqdir.
Shu’la: Baxt-saodat o‘zingizga bog‘liq, shuning uchun bor harakatingizni, o‘zingizni to‘g‘irlashga qarating.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan