4 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov va Kosonsoy tumanida faoliyat yuritayotgan imomlar ishtirokida diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kosonsoylik talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ilm-ma’rifatning ahamiyati, shuningdek, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bilimli avlodni tarbiyalash borasida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar xususida fikr almashildi. Talabalarga ta’limni yakunlagandan so‘ng o‘z tumanlarida masjid va mahallalarda imom-xatib, imom-noib hamda otinoyi sifatida xizmat qilishlari muhim ekani ta’kidlandi.
Abdullohxon domla yoshlarni ota-ona va ustozlar ishonchini oqlab, yurt va xalq manfaati yo‘lida fidokorona xizmat qilishga chorladi. Uchrashuv yakunida talabalarga o‘qishlarida muvaffaqiyat tilab duolar qilindi.
Shuningdek, homiylar ko‘magida 3 nafar talabaga o‘quv shartnoma uchun sertifikatlar topshirildi. Barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va hadiyalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi va unda ilgari surilgan tashabbuslarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, “Al-Watan” gazetasida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi shunchaki an’anaviy ilmiy uchrashuv emas, balki islom madaniyatining tiklanishiga xizmat qiluvchi keng ko‘lamli tarixiy loyiha sifatida keng yoritilgan. Materialda O‘zbekiston islom olamining eng muhim tarixiy beshiklaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
“UNA” axborot agentligi O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev tomonidan diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ilgari surilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Xususan, mamlakatda boy ma’naviy-madaniy merosni qayta tiklash va o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani qayd etilgan. Forum doirasida Samarqandda qabul qilingan deklaratsiya va uning asosida taklif etilgan yangi ilmiy tashabbuslar hadisshunoslik va islom g‘oyalarini asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
Saudiya OAVda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu markaz mamlakatning islom madaniyati, ilm-fani va ma’naviy merosini o‘rganish, saqlash hamda keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiluvchi zamonaviy ilmiy-ma’rifiy muassasa ekani qayd etilgan.
Markaz ekspozitsiyalarida O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan buyuk allomalarning hayoti va ilmiy merosi, nodir qo‘lyozmalar, qadimiy Qur’on nusxalari, arxeologik topilmalar, tarixiy hujjatlar, san’at asarlari hamda interaktiv multimedia namoyishlari o‘rin olgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati