Shu yilning 27 yanvar kuni Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida “Al-Azhar” majmuasi qoshidagi Imom Ash’ariy markazi tomonidan birinchi xalqaro ilmiy forum tashkil etildi.
Anjuman “Imom Ash’ariyning islomiy firqalarga oid fikriy yondashuvlari: aqidaviy ixtilofdan muloqot va mo‘tadillik sari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda islom olamining yetuk ulamolari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Forumda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti vakillari, jumladan, institut rektori Uyg‘un domla G‘afurov va “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Faxriddin domla Mamanasirov faol qatnashdi.
Tadbir ochilish marosimida Al-Azhar va Imom Ash’ariy markazi rahbarlari, Misr muftiysi hamda xalqaro ilmiy muassasalar vakillari so‘zga chiqdi.
Mazkur forum islom olamida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, ma’rifat orqali mo‘tadillikni targ‘ib etish va sof islom aqidasini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #misr #matbuot
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining sun’iy intellekt haqidagi maqolasi Misr Arab Respublikasidagi bir necha yuz minglab kuzatuvchilarga ega see.news (https://see.news/artificial-intelligence-between-technical-evolution-and-sharia-responsibility-a-contemporary-islamic-vision), darelhilal.com (https://darelhilal.com/News/3164420.aspx), aldiplomasy.com (https://www.aldiplomasy.com/en/?p=42807) va safqa.news (https://www.safqa.news/137466) kabi internet nashrlarida arab va ingliz tillarida keng yoritilib, jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Maqolada sun’iy intellekt bugungi kunda iqtisod, ta’lim, tibbiyot, xavfsizlik va davlat xizmatlarida ulkan imkoniyatlar yaratayotgani alohida ta’kidlangan. Zamonaviy texnologiyalar aqlli shaharlar qurish, xizmatlar sifatini oshirish va jamiyat rivojiga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Shu bilan birga, Muftiy hazratlari taraqqiyot bilan bir qatorda insoniy qadriyatlar va diniy me’yorlar ustuvor bo‘lishi lozimligini uqtirgan. Sun’iy intellekt inson aqlining mahsuli ekani, texnologiya insonni emas, inson texnologiyani boshqarishi kerakligiga e’tibor qaratilgan.
Maqolada sun’iy intellektni hayotga to‘g‘ri tatbiq etish, uni nazorat qilish va ayniqsa din va fatvo bilan bog‘liq nozik masalalarda ehtiyotkorlik zarurligi ta’kidlangan. Fiqhiy manbalarga ko‘ra, sun’iy intellekt ma’lumot tahlilida yordamchi bo‘lishi mumkin, ammo fatvo berish faqat malakali va mas’ul faqihlar zimmasida ekani ochiq bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati