O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qildi.
Mazkur jarayonda fuqarolar tomonidan oilaviy munosabatlar, xayriya ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak va boshqa masalalarda qilingan murojaatlar tinglandi. Ellik nafarga yaqin murojaatchining har biri bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Ayrim murojaatlar joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar tegishli bo‘lim va mas’ul xodimlarga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga qonunchilik va amaldagi tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Hamyurtlarimiz qabul jarayonidan minnatdorligini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Iordaniya va O‘zbekiston poytaxtlari o‘rtasida tarixda ilk bor yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda, deb xabar qiladi “Dunyo” AA.
Mazkur yo‘nalishning birinchi reysi bilan O‘zbekistonga Iordaniyadan 40 nafarga yaqin turistdan iborat uyushgan guruh tashrif buyurdi. Safar davomida mehmonlar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalar, milliy taomlar va o‘zbek xalqining qadimiy an’analari bilan tanishdi.
Iordaniyalik sayyohlar mamlakatimizdagi mehmondo‘stlik, zamonaviy turistik infratuzilma va yuqori xizmat ko‘rsatish darajasini alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, Samarqand va Buxoroning me’moriy obidalari, Toshkentning zamonaviy qiyofasi ularda katta taassurot qoldirdi.
Mutaxassislar fikricha, Ammon–Toshkent aviaqatnovining yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro turistik almashinuvni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Boy tarixiy meros, rivojlangan turistik infratuzilma, Iordaniya fuqarolari uchun vizasiz tartib hamda xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayishi O‘zbekistonning Yaqin Sharq sayyohlari orasidagi jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Ayni paytda ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, gastronomik, oilaviy va ziyorat turizmi yo‘nalishlarini qamrab olgan yangi qo‘shma turistik dasturlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati