Shu yil 18 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining boy ma’naviy merosini, tasavvuf ta’limotining asl insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etishdir.
Uchrashuvda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimiz allomalarining ilmiy merosi butun islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja domla Inoyatov ham mazkur hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, Toshkent islom institutini diniy ta’lim muassasalari orasida yetakchi dargohlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar birgalikda kitoblar nashr etish, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish, dolzarb ilmiy maqolalar tayyorlash hamda talabalarning bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ustozlik qilish kabi muhim yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qiladilar. Bu sheriklik tasavvufning sof ilmiy asoslarini keng yoyish va soxta tariqatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karim bilan muolaja qilish – bu zamonaviy tibbiyotdan voz kechish degani emas. Balki, Nabiy alayhissalomning “Allohning bandalari davolaninglar” deya ta’kidlaganlaridek, nabaviy sunnatga amal qilishlikdir. Ushbu nabaviy buyruq bizlarni kasalliklarga davo bo‘ladigan har bir yo‘ldan to‘g‘ri foydalanishga undaydi.
Ishonch bilan aytish lozimki, Qur’on tilovati mo‘minlar uchun eng yaxshi muolajadir. Darhaqiqat, undan millionlab insonlar istifoda qilganlar, yana istifoda qiladilar. Muolajada faqat tibbiyotgagina suyangan kishi Qur’onga beparvo bo‘lib, ko‘plab yaxshiliklardan bebahra qoladi. Agar siz u bilan muolaja qilsangiz hech qachon zarar ko‘rmaysiz!
Qur’oni karim bilan muolaja qilish - bu beminnat, ziyon-zahmatsiz bo‘lib, sizdan hech qanday maxsus vaqt, maxsus makon yoki holat talab qilmaydi.
Qur’oni karim bilan muolaja qilish – faqat kasalliklardan davolanish emas. Balki, uning tilovati ibodat bo‘lib, unda rahmat, saodat, tarbiya, Alloh taologa yaqin bo‘lish va sizning dunyoyu-oxiratda najot bor. U jismingiz, ruhingizni qayta quvvatlantiruvchi va mukammal hayotiy dasturdir...
Aytish lozim bo‘lgan muhim so‘z: Azizlarim! Men turli vaqtlar, holatlar, kasalliklar, musibatlar va qiyinchiliklarda Qur’oni karim bilan muolaja qilishni tajriba qilib ko‘rdim va bildimki, u har qanday kasalliklardan davolanishda eng yaxshi vositadir. Shuning uchun ham, Qur’oni karim hayotimning har bir lahzasida hamrohimdir.
Men kasallikka chalinsam yanada ko‘proq Qur’on o‘qiyman, tinglayman. Shunda Alloh taolo qanday kasallik bo‘lsa ham, menga tezda shifo sabablarini muhayyo qiladi. Kengchilik, baxt-saodatni tortiq etadi. Hech qanday xafalik, g‘am-tashvish, malollikni his qilmayman.
Yechimi juda qiyin bo‘lgan muammoga ro‘para bo‘lsam, Qur’oni karim menda ulkan sabr, mashaqqatni yengib o‘tishda quvvat, ishlarni hal etishda hikmat va xotirjamlikni ziyoda qiladi. Doimo to‘g‘ri qaror qabul qilishimga yordam beradi.
Agar bir yomonlikka yo‘liqsam, o‘zimda zaiflikni his qilsam, yoki kelajakdan qo‘rquvga tushsam, Qur’on g‘ayratimni oshiradi, qo‘rquvni ketkazadi. U har qanday holatda menga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Siz ham men bilan birga bu go‘zal muolajani tajriba qilib ko‘rasizmi?!
Insoniyat bir necha ming yillar davomida, har bir zamon va makonda o‘zi uchun shifo izlab, turli usullarni qo‘llab ko‘rgan. Ba’zilar turli but, sanamlarni yasab ularga ibodat qilgan yoki quyoshga, olovga sig‘ingan va hokazo... Lekin Nabiy alayhissalom Payg‘ambar qilib yuborilganlaridan so‘ng shifo izlashda ham barcha uchun eng to‘g‘ri yo‘lni belgilab berdilar. Alloh taolo u zotga ummatlarining ruhlari va jismlari uchun shifo o‘laroq Qur’oni karimni nozil qildi.
O‘n to‘rt asrdirki, mo‘minlar Alloh taoloning ushbu
﴿يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ﴾
"Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va’z (nasihat), ko‘ksingizdagi narsaga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi" (Yunus surasi, 57-oyat) oyatiga ishongan holda Qur’ni Karim bilan o‘zlarini muolaja qilib kelmoqdalar.
Har jabhada ilg‘or musulmonlar tibbiyot rivojida ham asosiy poydevorni qo‘yganlar. O‘rta asrlardan keyin ilm-fan, xususan, tibbiyotda rivojlanish G‘arbga ko‘chdi. Tibbiyotda kimyoviy moddalarga suyanib davolash keng yoyildi. Borliqni Yaratguvchi Zotni inkor etuvchi, moddaparast g‘arblik olimlar bu borada ko‘plab yutuqlarga erishdilar. Tibbiyot bizga qayta ular orqali kirib keldi. Natijada musulmon tabiblarning aksariyati tabobat bilan birgalikda Qur’oni karim va dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq duolar bilan davolashdan butunlay yiroqlashib ketdi. Biz quyida Qur’oni karim bilan hattoki, tuzalmas kasallik bo‘lgan saratonga ham ba’zi oyatlarni o‘qib qanday muolaja qilish mumkinligini isbotlovchi ilmiy dalillarni keltirib o‘tamiz.
Biz bu izlanishimiz orqali xavfli kasalliklarga ham Qur’oni karim bilan muolaja qilish samaralarini ilmiy asoslab barchani xususan, shifokorlarni qanoatlantirishni maqsad qilganmiz. Bunda Qur’oni karim qay tarzda jismning barcha a’zolarini xususan, immunitet tizimini oshirishi, bosh miya va yurak hujayralari faoliyatini yaxshilashini ko‘rib chiqamiz.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li