Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Fevral, 2026   |   3 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:53
Quyosh
07:11
Peshin
12:42
Asr
16:20
Shom
18:07
Xufton
19:19
Bismillah
20 Fevral, 2026, 3 Ramazon, 1447

Haj va umraga ketayotgan ayollarga tavsiyalar

23.06.2022   5040   8 min.
Haj va umraga ketayotgan ayollarga tavsiyalar

Haj Islom dinining beshinchi rukni bo'lib, haj qiluvchi nafs pokligi va ahloq sayqaliga alohida e'tiborli bo'lishi talab etiladi. Alloh taolo O'zining  baytiga haj ibodatini bajarish uchun chaqiribdimi, demak  haj qiluvchilar Allohning mehmonlaridir.   Shuning uchun haj qiluvchilar oliy darajadagi odob bilan odoblanishlari zarurdir.

“Haj ma'lum oylardir. Kimki ularda o'ziga hajni farz qilsa (ya'ni ehromga kirsa), hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo'qdir. Nima yaxshilik qilsangiz Alloh uni biladi” (Baqara surasi, 197-oyat).

Hajga otlangan inson tilini turli fahsh, g'iybat va noo'rin so'zlardan tiyishi zarur. Hajdan ko'zlangan maqsad mukammal ravishda ro'yobga chiqishi uchun bir qancha qalb amallari va odoblarni bajo keltirish lozim bo'ladi:

  • Hajga ketayotgan inson  avvalo Alloh rizoligini tilab, ibodatda bo'lishi kerak. Shuningdek, “hoji ona” nomini olish, faxrlanish va riyokorlik kabi illatlarda yiroq bo'lishi zarur.
  • Barcha gunohlardan tiyilib, Alloh taologa tavba qilsin.
  • Atrofida  keksalar, ota-onalari bo'lsa, ularning roziligi va duolarini olish yaxshi amallardan hisoblanadi.
  • Kimning dilini og'ritgan, zulm  qilgan bo'lsa, ulardan safar oldidan uzr so'rasin. O'zi ham kechirimli bo'lsin.
  • Haj safari tayyorgarligi bilan ovora bo'lib, namoz va boshqa ibodatlarga e'tiborsizlik qilmasin.
  • Kimdan qarzi bo'lsa, safarga ketguncha barcha qarzlarni to'lab qo'ysin.
  • Haj safari chog'ida har daqiqaning qadriga etib ibodat va zikrlar bilan mashg'ul bo'lish, qo'lidan kelganicha  odamlarga yaxshilik qilish payida bo'lishi kerak.
  • Safar chog'ida  g'iybat, chaqimchilik va behuda so'zlardan tilini tiysin.
  • Haj davomida hayollari tijoratdan holi bo'lgan holda,  qalbda ibodatlarini Yaratganning huzurida qabul bo'lishini  chin ixlos ila so'rasinlar.

 

Haj safariga boruvchi ayollarga xos bo'lgan masalalar:

 

  1. Ayollar ehrom holatida boshlarini yopadilar, yuzlari esa ochiq holda bo'ladi. Ko'ylaklar gulsiz, sidirg'a, ichi ko'rinmaydigan darajada bo'lishi, tor bo'lmasligi  talab etiladi.
  2. Sochlar doimo ro'mol tagida bo'lishi kerak. Sochlar ibodat chog'ida xalaqit qilmasligi uchun turmaklanadi yoki biror narsa bilan bog'lab olinadi.
  3. Ayollar talbiyani maxfiy, ya'ni past ovozda aytadilar. “Labbaykallohumma labayk, labbayka laa shariyka laka labbayk. Innal hamda val-ne'mata laka val mulk, laa shariyka lak”
  4. Mehmonxonalardagi xonalar taqsimotida tartibli bo'lish talab etiladi. Mehmonxonada oz vaqt bo'lishlikni, haj safariga nima maqsadda borishlikni doim yodda saqlagan holda ellikboshining ko'rsatmalariga qat'iy amal qilish shart.
  5. Mehmonxonalardagi xonalar ozodaligiga e'tibor berish, suvni isrof qilmaslik talab etiladi.
  6. Mehmonxonalarda ham satri avrat qoidalariga amal qilish lozim.
  7. Oshxonadagi tartib-intizomga qat'iy rioya qilish kerak. Ortiqcha eguliklarni xonalarga olib chiqmaslik, isrofgarchilikka yo'l qo'ymaslik.
  8. Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (ko'krak nishoni) va mehmonxona tashrif qog'ozi (vizitka)si doim yonida olib yurish kerak.
  9. Ibodat yoki boshqa holatlarda mehmonxonadan tashqariga chiqiladigan bo'lsa, kalitni topshirib ketish zarur.
  10. Ibodatlar uchun masjidda qolinadigan bo'lsa yoki  boshqa ishlar yuzasidan ellikboshini ogohlantirib qo'yish lozim.
  11. Ibodat vaqtlarida ayollarning hayz kunlari boshlanib qolsa, Ka'ba tavof qilinmaydi, namoz, Qur'on o'qilmaydi. Qolgan amallar to'laligicha qilinadi. Umra ziyorati hayz kunlariga to'g'ri kelib qolsa ayol shifokorlar bilan maslahatlashib  ish ko'riladi.
  12. Ayollar kamida uch kishi bo'lib yurishi, kechasi yolg'iz  yurmasliklari lozim. Masjid uzoqda bo'lsa,  shaxsiy avtomobillarga o'tirmaslik, faqat taksilardan foydalanish tavsiya etiladi.
  13. Masjidul Nabaviydagi bir rakaat namozning savobi ming rakaat namozga, Masjidul Haramdagi bir rakaat namozning savobi esa yuz ming rakaat namoz savobiga tengligini doimo esda saqlab, vaqtni g'animat bilib, doimo ibodatda bo'lish kerak.
  14. Haj va umra oxirida ayollarning sochlaridan, soch uchidan bir barmoq aylantirarlik uzunligida soch kesiladi. Soch uzun bo'lsa, sochning uchidan, soch kalta bo'lsa o'ng tomonda qaychi bilan kesiladi. Ehromga kirishdan oldin shularni hisobga olish kerak.
  15. Hajga boruvchi ayollar ibodat vaqtida ulkan ajrlar berilishini hisobga olib, birovlarning haqiga, moliga  hiyonat qilmaslik, atrofdagilar bilan janjalmaslik, o'zi va boshqalar uchun savobli amallar qilishga harakat qilishi talab qilinadi.
  16. Begonalardan audio, video tasmalar, turli kitoblar olmaslik talab etiladi.
  17. Hamxonalarda keksalar bo'lsa, qo'ldan kelganicha yordam berish tavsiya etiladi.
  18. Biz Abu Hanifa mazhabiga muvofiq ibodat qilamiz, shuning uchun ibodat vaqtida boshqa mazhabdagi ayollarning ibodatlariga e'tibor bermaslik talab etiladi.
  19. Hozirgi vaqtda tasbehlar, joynamozlar o'zimizning yurtda ham serob bo'lgani bois u erdan yuk qilib ko'tarib yurmaslik, uyda qolgan farzandlardan tasbeh,  joynamoz va boshqa narsalarni uyga olib kelib qo'yishlari tavsiya etiladi.
  20. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning masjidlarida yoki Ka'baga  matolarni turli niyatlarda surtish,  Uhud tog'i tuprog'idan olib ketish, Uhud tog'iga qarab namoz o'qishning bid'at amallardan ekanini aniq bilish zarur.
  21. Samolyotda, mehmonxonalarda, masjidlardagi tahoratxonalarda pokizalikka qat'iy e'tibor berish talab etiladi.
  22. Hajga borayotganlar nima maqsadda ketayotganligini aniq bilib olishlari lozim, shuningdek, ibodat vaqtlarida ayollarni pardozlanib yurishlari man etiladi.
  23. Ibodatlarni tugatib mehmonxonaga qaytish yo'li yoddan ko'tarilgan vaqtda sarosimaga tushmaslik, yaqin atrofdagi politsiya yoki biron kishiga beyjik va mehmonxona tashrif qog'ozi (vizitka)ni ko'rsatish maqsadga muvofiqdir.
  24. Shifokorlar doim xizmatda bo'lganligi bois o'zingizmi, hamxonangiznimi tobi qochib qolsa, darrov shifokorga murojaat qilish zarur.
  25. Mehmonxonalarda yuk yo'qolish kabi hodisalar bo'lganida, darhol ellikboshiga murojaat qilish kerak.
  26. Haj safariga ketayotganda va qaytishda aeroport ma'muriyati tomonidan talab etilgan me'yordan ortiq yuk olmaslik talab etiladi.
  27. Toshkent aeroportiga qaytib kelingandan keyin jomadon yoki yuklar yo'qolgani ma'lum bo'lsa, jomadon uchun berilgan chiptani ellikboshi bilan birgalikda aeroport ma'muriyatiga topshiriladi.
  28. Haj safaridan qaytib kelgandan keyin musulmon kishiga xos bo'lgan ishlarni mukammal bajarishda, mahalla va jamoat ishlarida, to'y va ma'rakalarni isrofgarchiliksiz o'tkazish, yoshlar tarbiyasida  ibrat bo'lishlari  tavsiya etiladi. Hayrli amallarda davomli bo'lish ikki dunyo saodatiga erishtiradi.

Haj safari davomida bajargan ibodatlaringiz Alloh taolo dargohida husni maqbul darajasida bo'lishini, mabrur haj nasib etishini tilab qolamiz.

 

 

Munira Abubakirova

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Hotin-qizlar masalalari bo'yicha bo'lim mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ramazon – ilohiy chaqiriqning nurli sadosi

19.02.2026   1658   4 min.
Ramazon – ilohiy chaqiriqning nurli sadosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Inson ba’zan dunyo tashvishlaridan uzilib, Robbiga yaqinlashishni istaydi. Ana shunday yaqinlikni baxsh etadigan ulug‘ ibodat – ro‘zadir. Ro‘za qadimdan davom etib kelayotgan ilohiy amr bo‘lib, musulmonlarga ham shu azaliy ibodatning mukammal shakli in’om qilindi.

Ramazon oyining ro‘zasini tutish Islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taolo uni har bir musulmonga farz qilgandir. Bu ulkan ibodatni Alloh taolo ikkinchi hijriy sananing Sha’bon oyida farz qilgan. Qur’oni karimning Baqara surasidagi:Ey iymon keltirganlar, sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi(Baqara surasi, 183-oyat) oyati ila farz bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarni ham tutishga undaganlar, ko‘plab hadisi shariflarida ro‘zaning farz ekanini bayon etganlar. Ramazon ro‘zasining farz ekanligiga o‘sha vaqtdan hozirgacha hamma musulmonlar ittifoq qilganlar.

Ramazon – oddiy vaqt emas. U Qur’on nozil bo‘lgan, rahmat eshiklari ochilgan, qalblar uyg‘onadigan muborak oydir. Saharlikning sokin barakasi, iftorning shukronali quvonchi, kechalardagi ibodatlarning nuri mo‘min qalbiga alohida huzur baxsh etadi. Tongdan quyosh botguncha davom etadigan ro‘za bandaga har lahzada: “Men buni Alloh uchun qilyapman”, degan sharafni eslatadi.

Ma’lumki, ro‘za avvalgi ummatlarga ham farz qilingan edi. Rivoyatlarda nasroniylarga ham Ramazon ro‘zasi buyurilgani, ammo u og‘ir tuyulgach faslini o‘zgartirib, kunlarini ko‘paytirib yuborganlari zikr qilinadi. Islom esa ro‘zaning asl hukmini saqlab qoldi. Ramazon qaysi faslga to‘g‘ri kelishidan qat’i nazar, mo‘min uni muhabbat va itoat bilan kutib oladi. Chunki ibodatning qadri qulaylikda emas, sadoqatdadir.

Ramazon kirganda ro‘zador inson befoyda, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton gap-so‘zlarga mutlaqo yaqin yo‘lamasligi, boshqa birov urish-janjal boshlasa, men ro‘zadorman, deb chetlanishi lozim. Ro‘za tutgan shaxs iloji boricha ko‘proq Allohning zikrini qilsa, Qur’on tilovat qilsa juda yaxshi bo‘ladi. Bu amallar orqali ruhlar poklanadi, qalblar yumshaydi. Bu oyda masjidlar obod bo‘ladi, Qur’on tilovati ko‘payadi, sadaqalar ziyoda bo‘ladi. Inson o‘z nafsidan ustun kelib, haqiqiy ma’naviy erkinlikni his qiladi. Har saharlik – umid, har iftor – shukr, har ibodat – ilohiy yaqinlik lahzasiga aylanadi. Eng oddiy ne’matlar ham qadrli bo‘lib qoladi. Ro‘za insonni sabrga, shukrga, mehrga o‘rgatadi. Tilni yomon so‘zlardan, qalbni gunohning g‘uborlaridan poklaydi. Bir so‘z bilan aytganda Ramazon bandaga Robbiga yaqinlashish uchun berilgan eng bebaho imkoniyatdir.

Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. iftorlik qilib boy-badavlat, kazo-kazolarni iloji boricha aytib faxrlanish, beva-bechora, miskin-faqirlarni aytmaslik esa mutlaqo Islom shariati ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan ishdir. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, iftorlik qilish deganida, albatta uyiga qozon osib, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga iftorlik taomini olib berish yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik bo‘ladi. Chunki ro‘zador va haqdor odamni riyokorliksiz iftor qildirilgan bo‘ladi. Ba’zi iftorliklarda xo‘jako‘rsinga, dabdabaga berilib ketib dinmizga zid ishlar aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash noto‘g‘ri tasavvur va ishlarga barham berish kerak.

Alloh taolo tutgan ro‘zalarimizni qabul qilsin, qalblarimizni taqvo bilan ziynatlasin, gunohlarimizni mag‘firat etsin va bizni Ramazon barakasidan to‘liq nasibador aylasin!

 

O‘TKIR G‘UZAROV,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri

Maqolalar