Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar, odamlarimizning to'q va farovon yashayotganliklari, yaratib berilgan imtiyoz va erkinliklar, eng asosiysi, tinch hayotimiz ana shu xalqaro terroristik va diniy ekstremistik tashkilotlar va ularning ma'naviy rahnamolariga yoqmayapti. Shu boisdan ular zo'r berib, o'z g'arazli maqsadlari – g'oyalarini yoyishga, millat birligi, yurt tinchligiga raxna solishga urinishmoqda.
Ular o'z niyatlariga erishish yo'lida hech qanday qabihlikdan qaytishmaydi. Avvalo, aholiga hanafiylik mazhabiga zid mutaassib g'oyalarni singdirish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, hukumatga tazyiq o'tkazish, aholi orasida qo'rquv, parokandalik, davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini shakllantirishga harakat qilishadi. Ularning asosiy faoliyat uslublari ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, video va audio tasmalarni tarqatish, yashirin guruhlar tuzish, mavjud ijtimoiy voqelikni keskin qoralash, davlat va diniy idora vakilliklarini obro'sizlantirish hamda shu bilan birga terroristik harakatlarni amalga oshirishdan iborat.
Diniy ekstremistik va terroristik guruhlarning peshvolari birinchi navbatda yoshlarimiz orasiga kirib olishga, ularning endi shakllanayotgan ongi, tasavvurini o'zlarining botil va yovuz yo'llariga solishga intilishadi. Bu maqsad yo'lida hech narsadan toyishmaydi. Turmushning kichik muammolarini dastak qilish, moddiy qo'llab-quvvatlash orqali o'z yo'liga tortish sinalgan usullardan biri.
Aqidaparast oqimlar birinchi navbatda kelajagimiz bo'lmish yoshlarga ko'z tikishlari bejiz emas. Bugungi yoshlar ertangi kunimizni, taraqqiyotini belgilab beruvchi kuchdir.
Dinimizda tarbiyaga alohida o'rin berilishi bejiz emas. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Hech bir ota o'z farzandiga yaxshi tarbiya va go'zal odobdan buyukroq hadya bera olmas», deb marhamat qilganlar. Farzandlarimizning faol, vatanparvar yoshlarga aylanishi ko'p jihatdan ota-onaga bog'liq. Halqimizning “Qush uyasida ko'rganini qiladi” maqoli bejiz aytilmagan. Bu borada nafaqat ota-ona balki mahalla-ko'y, o'quv dargohlari, jamoat tashkilotlari hamkorligida ish olib borishlari darkor.
Yoshlarimizni yovuz kuchlardan asrash lozim. Biz yoshlarimiz ongi va ruhiyatini zaharlashga qaratilgan g'oyalardan qat'iyat bilan himoya qilsakkina, har qanday g'arazgo'y kuchlar yurtimiz mustaqilligi va uning porloq kelajagiga raxna sola olmaydi.
“Eshonbobo” jome masjidi imom xatibi Usmonov Ibodullo
O‘zbekiston musulmonlari idorasida fuqarolar bilan muloqotni yanada mustahkamlash, aholini qiynayotgan masalalarni tinglash va ularga yechim topish maqsadida navbatdagi qabul bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratning birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qabul jarayonida yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarning oilaviy munosabatlar, xayriya va saxovat ishlarini tashkil etish, ijtimoiy ko‘mak olish, shuningdek, diniy-ma’rifiy masalalarga oid murojaatlarini tingladi.
Har bir murojaat mazmunan chuqur o‘rganilib, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga asosli va batafsil javoblar berildi. Ayrim muammolar shu joyning o‘zida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish, tahlil va muvofiqlashtirish talab etiladigan masalalar tegishli bo‘limlar va mas’ul mutaxassislarga yo‘naltirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Shu bilan birga, murojaatchilarga amaldagi qonunchilik hujjatlari, diniy-ma’rifiy me’yorlar va joriy tartiblar asosida huquqiy va amaliy tavsiyalar berildi. Bu esa fuqarolarning o‘z muammolariga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolar qabul davomida inson qadrini ulug‘lash, aholi dardiga quloq tutish borasidagi bunday muloqotlarni yuqori baholab, minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati