Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Yanvar, 2026   |   8 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:17
Quyosh
07:39
Peshin
12:41
Asr
15:51
Shom
17:37
Xufton
18:52
Bismillah
27 Yanvar, 2026, 8 Sha`bon, 1447

O'zbekiston va Misr muftiylari uchrashuv o'tkazdilar

09.06.2022   4868   2 min.
O'zbekiston va Misr muftiylari uchrashuv o'tkazdilar

Bugun, 9 iyun' kuni Qohirada o'tkazilayotgan xalqaro anjuman doirasida Muftiy Nuriddin domla hazratlari Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom bilan uchrashuv o'tkazdilar. Unda O'zbekistonning Misrdagi elchisi Mansur Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiyligi vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Samimiy muloqot chog'ida Shavqiy Allom hazratlari Muftiy Nuriddin domla hazratlariga nufuzli anjumandagi faol ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirib, u kishi tomonidan xalqaro anjumanda bildirilgan muhim takliflar tahsinga loyiq ekani va ularni amaliyotga joriy etishda qo'llab-quvvatlashini izhor qildilar.

O'z navbatida Muftiy Nuriddin domla hazratlari ham Misr muftiysi Shavqiy Allom hazratlariga xalqaro anjumanga taklif etganlari va uning yuqori darajada tashkil qilgani uchun tashakkur aytdilar. 

Sermazmun uchrashuv chog'ida ikki davlat muftiylari Misr va O'zbekiston qadimdan Islom dini markazlari bo'lgani, bu diyorlardan etishib chiqqan allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Nasafiy va “Sohibi Hidoya” Burhoniddin Marg'iloniy kabi mutafakkirlarning butun dunyoda Islomning yoyilishi va rivojiga munosib hissa qo'shganlari, bu qadim an'ana bugungi kunda ham davom etayotganini ta'kidladilar.

Hususan, O'zbekiston va Misr davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari, diniy-ma'rifiy sohaga qaratayotgan alohida e'tiborlari natijasida ikki davlat diniy idoralari butun dunyo Islom olami mamlakatlari uchun bugungi kunning dolzarb mavzulariga bag'ishlangan mana shunday xalqaro anjumanlar o'tkazayotganlarini qayd etdilar.

Uchrashuvda Misrdagi Dorul Ifto va O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o'rtasida o'zaro hamkorlik qilish, xususan, mutaxassislar kasb-mahoratini oshirish, o'zaro tajriba almashish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish kabi muhim masalalarga alohida diqqat qilindi. 

Misr muftiysi al-Azharda juda ko'plab o'zbekistonlik talabalar tahsil olishi yaxshi ko'rsatkich ekanini ta'kidlab, ushbu oliygohda to'rt mazhab ta'limoti qatorida Hanafiy mazhabi puxta o'rganilishini alohida qayd etdi.

Mazmunli suhbat davomida Muftiylar O'zbekiston va Misr musulmonlari idoralari faoliyati, sohadagi o'zgarish va yangiliklar, faoliyatda qo'llanayotgan yangi ish uslublari haqida ham o'zaro fikr almashdilar.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Amallar savobini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlash mumkinmi?

26.01.2026   1107   2 min.
Amallar savobini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlash mumkinmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Ko‘p hollarda Qur’oni karim tilovatidan keyingi duolarni savobini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlaymiz, deb boshlaymiz. Ayrimlar buning hojati yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatning ustozlari bo‘lgani uchun, ummatlarining amallaridan savoblar shundoq ham yetib turadi, deyishadi. Boshqalar Rasululloh  alayhissalom ma’sum, barcha xato va gunohlardan pok, u zot bizning duolarimizga, savob bag‘ishlashimizga ehtiyojlari yo‘q, deyishadi. Aslida turli savobli amallar bajarib, savobini Rasulullohga bag‘ishlash mumkinmi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Solih amallar qilib, ularning savobini faqat gunohi bor odamga bag‘ishlanadi, degan tushunchaning o‘zi xatodir. Chunki bag‘ishlangan savob inson gunohlarining kechirilishi bilan birga oxiratdagi maqomi ham oshishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga savob bag‘ishlash masalasida ulamolarimiz bu amal joiz va bag‘ishlovchining o‘ziga ulkan manfaat bo‘ladi, deyishgan.

To‘g‘ri, u zot alayhissalom bizning duo yoki savoblar bag‘ishlashimizga muhtoj emaslar, ammo u zotga yaqin bo‘lish, shafoatlariga noil bo‘lish uchun shu amallarga biz muhtojmiz.


Qolaversa, savob bag‘ishlash hadya berish hisoblanadi. Taqdim qilingan hadyadan oluvchi xursand bo‘lganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham pokiza ruhlariga bag‘ishlangan savoblardan shubhasiz, mamnun bo‘ladilar. U zoti bobarakot alayhissalom Alloh taologa eng muqarrab payg‘ambar, duolari beshak ijobat bo‘ladigan zot bo‘lishlariga qaramay hazrati Umar roziyallohu anhu umraga ketayotgan vaqtda unga: “Ey Birodar, duolaringizda bizni unutmang”, deb duo so‘raganlar.


Holbuki, Payg‘ambarimiz alayhissalom biror kishining duolariga muhtoj emas edilar.

Masalan, kimdir birovdan yaxshilik ko‘rsa, minnatdorchilik sifatida uning haqiga duo qiladi, go‘zal tilaklar aytadi. Sarvari olamning nafaqat biz ummatlarga, balki butun insoniyatga qilgan yaxshiliklari behisobdir.


Demak, biz u zot alayhissalom haqlariga minnatdorchilik ma’nosida ham duolar qilib, salavotlar aytamiz.

Ummatning ilk muallimlaridan hamda faqih sahobiylardan biri Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin u zotning nomlaridan umra qilganlar.

Ibn Muvaffaq rahimahulloh esa u zot nomlaridan yetmishta haj qilganlar. Abu Bakr ibn Sarroj degan alloma u zot alayhissalom uchun o‘n mingdan ortiq xatmi Qur’on va shuncha adadda qurbonlik qilganlar. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar