Abdusamad domla JO'RAQULOV
Toshkent tumani "Hamd" jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sunnatni inkor etuvchi Qur’oniylar toifasi quyidagi buzuq da’volarni ilgari suradilar:
1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vazifalari Qur’onni yetkazish, xolos. U zotning payg‘ambarlik siymosi, ya’ni sunnatlari, ko‘rsatmalari yo‘q. Shuning uchun itoat faqat Qur’oni Karimga vojib, Payg‘ambar alayhissalomga payg‘ambarlik yuzasidan na sahobaga va na keyingi ummatga vojib.
2. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning irshodlari, ko‘rsatmalari sahobalarga vojib bo‘lgan, bizga vojib emas. Ya’ni Payg‘ambar alayhissalomga itoat qilish u zotning davridagi sahobalargagina vojib bo‘lgan, qolgan ummatlarga vojib bo‘lmas.
3. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, irshodlari hammaga vojib edi, barcha ummatga vojib bo‘lgan, biroq, hozirda bizgacha yetib kelgan hadislar qobili e’timod emas, hujjat bo‘lishga ishonchli emas. Sahih va ishonchli sanad bilan birorta hadis yetib kelmagan.
1 – da’voga raddiya
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vazifalari Qur’oni Karimni yetkazish bilan cheklanmaydi, balki oyatlarning asl ma’nolarini tushuntirib berish, tafsir qilish, izohlash, to‘la va mukammal, aniqrog‘i mufassal ravishda anglatish – hammasi Payg‘ambarimiz alayhissalom vazifalari bo‘lgan. Bu vazifalar esa faqatgina hadislar orqali ado topadi. Biz Alloh taoloning oyatlarini to‘la, mukammal va mufassal tushunishimiz uchun hadislarga muhtojmiz.
«(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
«Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar» (Oli Imron surasi, 164-oyat).
Oyatdagi «Kitob»dan murod Qur’oni Karimdir, «Hikmat»dan maqsad esa hadisi shariflardir.
2 – da’voga raddiya
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari faqatgina sahobalarga emas, balki butun ummat uchundir. Zero, Alloh taolo Nabiy alayhissalomni butun bashariyatga payg‘ambar etib jo‘natgan: «(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz» (Anbiyo surasi, 107-oyat).
3 – da’voga raddiya
Alloh taolo O‘zining kalomi Qur’oni Karimni saqlashga va’da bergan. Hadislar esa Qur’onning tafsiri, sharhi hisoblanadi. Xuddi shuningdek, Alloh taolo hadislarning ham to Qiyomatga qadar ummati Muhammadga yetib kelishini ta’minlagan.
Ibrohim Desai rahimahullohning
“Hadis ilmiga kirish” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.