Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Aprel, 2026   |   27 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:19
Quyosh
05:42
Peshin
12:28
Asr
17:06
Shom
19:08
Xufton
20:25
Bismillah
16 Aprel, 2026, 27 Shavvol, 1447

Amir Temur topgan hikmatlar...

31.01.2022   6622   4 min.
Amir Temur topgan hikmatlar...

Biz ko'pincha xorijdagi madaniy merosimiz, turli sabablar bilan chiqib ketgan asarlarimiz haqida qayg'uramiz. Qo'limizdagi bor manbalarni o'rganish esa hamisha ham xayolimizga kelavermaydi. Quyida bobokalonimiz Amir Temurning «Temur tuzuklari» kitobidan parchalar berib boramiz.

O'zga mamlakatlarni zabt etish, ularni idora qilish, g'anim lashkarlarini sindirish, dushmanni tuzoqqa tushirish, muxoliflarni (ko'nglini ovlab) do'stga aylantirish, do'st-dushman orasida muomala, murosayu madora qilish xususida ushbu kengash va tadbirlarni qo'lladim.

Pirim menga yozmishlarkim: «Abulmansur Temur, saltanat ishlarida to'rt narsaga amal qilgin, ya'ni:
1) (o'zing bilan) kengash; 2) (boshqalar bilan) mashvaratu maslahat ayla; 3) hushyorligu mulohazakorlik bilan qat'iy qaror chiqar; 4) ehtiyotkor bo'l. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlariyu aytgan gaplari xato bo'lgan johil kimsaga qiyoslash mumkin; uning so'zlari va qilmishlari boshga pushaymonlik ila nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, pushaymon bo'lmagaysan.
Yana shuni ham bilgilkim, saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bo'lgay, yana bir qismi esa bilib-bilmaslikka, ko'rib-ko'rmaslikka solish bilan bitur. (Hullas) tadbirlardan ogoh qilingandan keyin shuni aytish joizdirkim, qat'iylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik, shijoat va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirilgay. Vassalom».

Bu maktub menga yo'l boshlovchi yanglig' rahnamolik qildi. U menga saltanat ishlarining to'qqiz ulushi mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini anglatdi. (Donishmandlar) demishlarkim, o'z o'rnida qo'llangan tadbir bilan ko'plab lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj askarlarni engib bo'lur.
Tajribamda ko'rilgankim, azmi qat'iy, tadbirkor, hushyor, jang ko'rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali bir kishi minglab kishiga ish buyuradi.

Men yana tajribamda ko'rdimki, g'anim lashkarini engish qo'shinning ko'pligi bilan emas, mag'lub bo'lish esa sipohning kamligidan bo'lmaydi. Balki g'olib bo'lmoqlik (Tangrining) madadi va bandasining tadbiri bilandir. Chunonchi, men kengashib va tadbir yuritgan holda ikki yuz qirq uch kishi bilan Qarshi qal'asi ustiga yurdim. Amir Muso va Malik bahodir o'n ikki ming otliq askar bilan qal'a va uning atrofini qo'riqlamoqda edilar. Lekin Tangri taoloning yordami etib, o'zim qo'llagan to'g'ri tadbirlarim orqali Qarshi qal'asini egalladim.

Shundan so'ng, amir Muso va Malik bahodir o'n ikki ming otliq askar bilan ustimga bostirib kelib, meni Qarshi qal'asida qamal qildilar. Men Tangrining madadiyu inoyatiga ishonib, tadbirkorlik va ehtiyotkorlik ishlatgan holda qal'adan chiqib, qulay fursatlarda bir necha marta jangga kirdim. Pirovardida shu ikki yuz qirq uch yigitim bilan o'n ikki ming otliq g'anim lashkarini mag'lubiyatga uchratdim va ularni bir necha farsang ergacha quvib bordim.

Yana tajribamdan o'tmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi orqasida yashirin bo'lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengashu tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir. (Shuning uchun) payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam (unga Tangrining marhamatlari va salomlari bo'lsin) aytganlaridek, har bir ishni qilishga kirishar ekanman, avval obdan o'ylab, (amirlarim bilan) kengashdim.

Yana tajribamdan o'tkazdimki, kengash ahli birlik, ittifoqlik bilan so'zda sobit, ishda chidamli bo'lishlari shartdir. Qilmoqchi bo'lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasunlar. Agar biror ishni qilmaslikka so'z berar ekanlar, uning yaqiniga ham yo'lamasunlar.

Tajribamdan ma'lum bo'ldiki, kengash ikki turli bo'lur. Biri – til uchida aytilgani, ikkinchisi – dildan chiqqani. Til uchida aytilganini (shunchaki) eshitardim. Dildan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog'iga quyardim va dilimga joylardim.
Lekin biron ishni qilmoqchi bo'lsam, kengashib olgach, keyin Qur'on hukmi bilan ish qilur edim. Tug'luq Temurxon oldiga borishdan avval Qur'onni ochsam, «Surayi Yusuf» chiqdi va Qur'oni majid hukmiga amal qildim.

uza.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda imkoniyati cheklangan kishilar uchun ma’rifiy suhbat o‘tkazildi

15.04.2026   6293   1 min.
Buxoroda imkoniyati cheklangan kishilar uchun ma’rifiy suhbat o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi «Abu Bakr as-Siddiq» jome masjidida gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan fuqarolar uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda imom-xatib Orif domla To‘qsonov «Oxiratning birinchi manzili» mavzusida ta’sirli ma’ruza qilib, inson e’tiqodi va ma’naviyatiga oid muhim tushunchalarni ishtirokchilarga yetkazdi.

Malakali surdo tarjimon ko‘magida o‘tgan ushbu suhbat davomida qatnashchilar aqida, fiqh va ijtimoiy hayotga oid o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.

Jismoniy imkoniyatidan qat’i nazar, ilmga chanqoq qalblarni birlashtirgan mazkur xayrli uchrashuv yakunida yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi so‘rab duolar qilindi.

Alloh taolo ushbu ma’rifiy tashabbuslarni bardavom va manfaatli qilsin.

Naqshband.uz 

Buxoroda imkoniyati cheklangan kishilar uchun ma’rifiy suhbat o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari