Tarixiy manbalardan ma'lum bo'lishicha, faqat Amir Temur davriga kelib, vohada qaytadan rivojlanish boshlangan. Ko'plab shahar- qishloqlar yangidan qad rostlab, obod bo'lgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, Toshkent shahridan 16 chaqirim g'arbda, Samarqandga o'tadigan qadimiy karvon yo'lida, Chirchiq daryosining o'ng sohilida, Zangiota qishlog'ining markazida qad rostlagan Zangiota majmuasi Amir Temur tomonidan qurilgan.
Ma'lumki, Zangi ota hazratlari Markaziy Osiyo mintaqasida ІH–HІІ asrlarda yuz bergan birinchi ilmiy-madaniy yuksalish, ya'ni ilk Sharq Uyg'onish davrining namoyandasi, o'z zamonida hikmat va ma'naviyat, din va tasavvuf rivojiga katta hissa qo'shgan mutasavvif va avliyo bobolarimizdandir.

Necha yuz yillardan buyon Zangi ota shaxsiga bo'lgan qiziqish susaymagan, aksincha, ortib bormoqda. Rivoyatlarga ko'ra, Oyxoja ibn Tojxojaning yoshlik yillari ІH–HІІ asrlarda Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri – Binketda (hozirgi Toshkentda) kechgan. Hozirgi Zangiota qishlog'iga aynan shu zot asos solgan. U kishi 1 258 yilgacha, ya'ni vafotiga qadar qariyb qirq yil davomida Anbar ona bilan birga shu qishloqda yashagan. Juda ko'plab odamlarga – oddiy dehqonlardan tortib turli darajadagi hukmdorlarga ham diniy-ma'naviy ustozlik qilgan. Vafotidan so'ng u zotning mozori nainki mahalliy, balki olis mintaqalardan keladigan kishilar uchun ham ziyoratgohga aylangan.
Shu tariqa Zangiota mozori ustida ziyoratgoh ko'rinishidagi dastlabki kamtarona yodgorlik paydo bo'lgan va keyinchalik nafaqat ziyoratgoh, balki u joylashgan qishloq ham Zangiota nomi bilan atalgan.

Professor Akmal Saidov tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, Zangi ota maqbarasining bunyod etilishi bilan bog'liq ibratli rivoyatlar ham, tarixiy voqealar ham birdek chuqur ramziy ma'noga ega.
Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur Yassi qo'rg'onida Ahmad Yassaviy hazratlariga maqbara qurish harakatini boshlaganida nima uchundir ish hadeganda yurishavermagan. Bu holning sababini bilolmay, hayron bo'lib yurganida bir kecha tushiga nuroniy bir zot kirib, Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangiotaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi.
Shunda Amir Temur Zangiota ruhini shod etish uchun maqbara tiklashga kirishadi. Bu muhtasham yodgorlik majmuining qurilishi 1420 yili Mirzo Ulug'bek tomonidan tugallagan. Majmua mustabid tuzum davrida omborxona, keyinchalik muzey vazifasini o'tagan.
Professorning so'zlariga ko'ra, Zangiota ziyoratgohi Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari uchun tabarruk maskan hisoblanadi. Bu tarixiy-me'moriy majmuaga har kuni besh ming nafar atrofida ziyoratchi va sayyoh kelayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ziyoratchilar turli mamlakatlardan ekani ham diqqatga molikdir. Zangiota maqbarasi dastlab ikki xonali sodda imorat – ziyoratxona va go'rxonadan iborat bo'lib, peshtoq va bezaklari bo'lmagan. Honalarning devori ravoqli chorsi asosdan burchaklardagi ravoqli bag'al gumbaz bilan bog'langan. Hosil bo'lgan sakkiz qirrali asos ustiga o'rnatilgan gumbazlarning kattaligi har xil.
Honalarga darcha va tobdonlar orqali yorug'lik tushgan. Go'rxonadagi oq marmardan ishlangan qabrtosh, ayniqsa, diqqatni tortadi. Toshga g'oyatda mohirlik bilan nafis o'yma naqsh va arabiy xatlar bitilgan. Qabr shakli va naqshlardagi uslub uning qadimiyligidan dalolat beradi.Yon tomondagi yuza qismida arab tilida quyidagi mazmundagi she'r o'yilgan: «Biz sog'lik va sayohatdan zavqlanamiz. Ammo vaqti kelib bir-birimizdan ayrilamiz. Chunki vaqt seviklilarni ayiruvchidir».
Marmar bitiktoshning bir yon qirrasiga kufiy va suls xatida Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning: «Qabr amallar sandig'idir», degan hadislari bitilgan.

Vaqtlar o'tib maqbara oldiga peshtoq va ikkita ko'ndalang xona qurilib, bezak berilgan. Peshtoq va xonalar tashqi devori, ziyoratxona va maqbara poygumbazi sayqallangan g'ishtchalar, o'ymakor rang-barang koshinlar bilan bezatilgan.
Anbar ona maqbarasi Zangiota majmuasi tarkibida bo'lib, Zangiota maqbarasining janubi-g'arbida joylashgan. U peshtoq, ziyoratxona va go'rxonadan iborat. Ziyoratxona va go'rxonaning usti qo'shqavat gumbazli, qubbali toshdan, kichik doira shaklida yasalgan. Maqbaraga oq marmardan qabrtosh qo'yilgan. Uning tevarak-sirtiga arabiy xatlar va nafis naqshlar o'yilgan. Maqbara dastlab ikki xonali bo'lgan, keyinchalik uning oldiga peshtoq qurilib, koshinlar bilan bezatilgan. Peshtoq tayanchi uncha baland emas. Bu uslub Toshkent maqbaralariga xos. Zangiota maqbarasi qatori ushbu yodgorlik ham Amir Temur zamonasi me'morchilik an'anasining yorqin namunasi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 oktyabrdagi qarori asosida Toshkent viloyatidagi Zangiota majmuasi va unga tutash hududlarda keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Bugungi kunda majmua hududida 1 000 o'rinli yangi masjid binosi, O'zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining binosi, 40 o'rinli tahoratxona, 2 ta hojatxona, eski hovuz o'rniga 2 ta favvora, 2 ta milliy uslubda loyihalashtirilgan shiypon, tegishli kommunikatsiya tarmoqlari, er osti o'tish yo'li, avtoto'xtash joyi, 50 o'rinli 3 qavatli mehmonxona, 70 o'rinli choyxona, ikki qavatli minimarket va boshqa o'ndan ortiq milliy hunarmandchilik savdo do'konlari, novvoyxona, zamon talabiga javob beradigan 50 o'rinli dehqon bozori, oshxona barpo etilgan.
Barcha ta'mirlash, tiklash va obodonlashtirish ishlari byudjet va homiylar mablag'lari hisobidan amalga oshirildi. Majmua tarixiy yodgorlk sifatida davlat muhofazasiga olindi. Qadimgi madrasa binosi to'la ta'mirdan chiqarildi. Hovlidagi eski minora olib tashlanib, yangi masjid oldida yangi, balandligi 31 metr bo'lgan minora qurildi. Zangiota va Anbarbibi maqbaralari ham butkul qayta ta'mirlandi. Majmuadagi 5 ta gumbaz qayta tiklandi.

Bugun Zangiota majmuasi ziyoratchilar bilan gavjum. Ushbu majmua mamlakatimizning turizm salohiyatiga katta hissa qo'shayotgan muhim qadamjo hisoblanadi.
Necha asrlik tarixga guvoh bu maskan o'z fayzu tarovati bilan ziyoratgohga uzoq-yaqindan kelgan yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarga katta taassurotlarni hadya etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O'zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yurtimizga Yoz oylari kirib keldi. Shukrlar bo‘lsin.
Maktablarda o‘kuv yili tamomlandi. Kecha birinchi sinfga qadam qo‘ygan bitiruvchiga ham aylandi.
Maktabgi tamomlaganlar Oliy dargohlariga talaba bulish umidida arizalar topshirish taraddudida.
Bitiruvchi o‘kuvchilardan boshqa farzandlarimiz yozgi ta’til davrida oila bag‘rida. Ammo ming afsuski, o‘kuv yili tugadi degani, ta’lim olish tarbiya olish tugamadi.
Zero, Rasulullox alayxissalom: “Beshikdan kabrgacha ilm izla!” dedilar.
E’tibor berayliga, beshikdan kabrgacha degan zamon uz ichiga yoz oylarini xam oladi.
Dono xalqimizda ajib nakl bor.
“Do‘stni g‘aflati dushmanni ganimati”
Darhaqiqat farzandlarimizni nazoratsiz qoldirsak, hoxlagan ishlariga qo‘l urishlari aniq.
Alloh taolo insonni ilm bilan sharafladi. Ilm – qalblarni yoritadigan nur, jaholat zulmatidan najot beradigan yo‘ldir. Shu sababli mo‘min banda ilm olishni ma’lum bir faslga, yoshga yoki vaqtga bog‘lab qo‘ymaydi. Chunki ilm olish ibodati umrning oxirigacha davom etadigan sharafli vazifadir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?” (Zumar surasi, 9-oyat).
Yana bir oyatda: “Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilgan zotlarni baland darajalarga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Bu oyatlar ilm ahlining Alloh huzuridagi yuksak maqomini ko‘rsatadi. Ilm egallash uchun yozning issig‘i, qishning sovug‘i, ta’til yoki boshqa bahonalar to‘siq bo‘la olmaydi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” (Ibn Moja rivoyati).
Hadisda ilm talab qilish uchun muddat yoki cheklov belgilanmagan. Demak, musulmon kishi doimo o‘rganishda, izlanishda va o‘zini kamolga yetkazishda davom etishi kerak.
Salaf ulug‘larimiz ilm yo‘lida mislsiz sabr va matonat ko‘rsatganlar. Imom Abu Hanifa rahimahulloh, Imom Buxoriy rahimahulloh, Imom Termiziy rahimahulloh kabi buyuk allomalar umrlarining so‘nggi damlarigacha ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ular uchun “dam olish” ilmni tark qilish emas, balki ilmni yanada mustahkamlash vositasi edi.
Afsuski, ba’zan ayrim kishilar ta’til kunlarini bekorchilik, foydasiz mashg‘ulotlar yoki vaqtni behuda sarflash bilan o‘tkazadilar. Holbuki, bir daqiqa ham qaytib kelmaydi. Vaqt – Allohning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Rasululloh sallollohu alahhi vasallam aytadilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ularda aldanib qoladilar: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuning uchun ta’til kunlari Qur’on tilovati, diniy va dunyoviy foydali kitoblarni mutolaa qilish, ilmiy suhbatlarda qatnashish, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish bilan bezatilishi lozim.
Ilmning eng go‘zal jihati shundaki, u insonni dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga eltadi. Mol-dunyo sarflansa kamayadi, ilm esa ulashilgan sari ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun haqiqiy muvaffaqiyat egasi – vaqtini ilm bilan qadrlagan kishidir.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimiz.
Ta’til maktabda, oliygohda yoki ish faoliyatida bo‘lishi mumkin. Ammo ilm olishda ta’til bo‘lmaydi. Mo‘min inson har kuni yangi bir foydali ma’lumot o‘rganishga, Qur’on va sunnat ilmlarini egallashga intiladi. Chunki ilm yo‘li – jannat yo‘lidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim ilm izlash yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchamizni ilmni sevuvchi, unga amal qiluvchi va uni boshqalarga yetkazuvchi bandalaridan qilsin.
Shuhratilla Isroilov,
Uchqo‘rg‘on tumani bosh imom-xatibi.