Vatan tushunchasi juda ham keng tushuncha bo'lib, uni bir so'z bilan ifodalab bo'lmaydi. Vatan bu bizni o'z bag'riga olgan makon. Vatan u shunday bir maskanki, unda nafslar orom oladi. U bir bepoyon zaminki, unda dunyoga kelamiz, unda yashaymiz, oila quramiz, maqsad sari intilamiz va unda vafot etamiz va unga dafn qilinamiz. Dinimiz insonlarni vatanparvar bo'lib, yurtini sevishga, uni himoya qilib, obod etishga chaqiradi. Yurtini sevgan o'zini sevibdi. Mana shunday yurtini sevib ardoqlagan, uni sarhadlarini himoya qilish-la sharaf tuygan soha vakillaridan biri bu harbiylardir.
Hakimlar aytadilar: «Kishining vafodorligi uning o'z vatani uchun qayg'urishidan, birodarlarini sog'inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o'kinib yashashidan bilinadi».
Alixon to'ra Sog'uniy esa : «Ona Vatanini sevish har bir kishining qalbida g'ayrat va shijoat uyg'otadi», deganlar. Biz mana shunday shijoatli va yurtini sevgan har bir yurtdoshimizga kirib kelayotgan vatan “Vatan himoyachilari kuni” muborak bo'lsin, deymiz.
Vatanini sevgan inson Vatan tushunchasini ham himoya qiladi. Dinimiz ta'limotiga ko'ra, vatanni himoya qilgan insonga ajr va savoblar berlishi aytilgan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom; «Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas: biri bu – Allohdan qo'rqib yig'lagan, ikkinchisi – Alloh yo'lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini», – deb aytganlar (Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sallolohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo roziligi yo'lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari (nafl) ibodat qilib, kunduzlari nafl ro'za tutishdan afzaldir». Darhaqiqat vatanni himoya qilmoq uni sarhadlarini yovlardan asramoq ulug' jasorat va sharaf bo'lish bilan birga, yuksak ibodat hamdir.
Buyuk ajdodlarimizdan biri, tasuvvufda Kubroviya ta'limotining asoschisi Najmiddin Kubro mo'g'ullar bosqinidan xabar topgach, birinchilardan bo'lib Vatan himoyasiga otlandi. Mo'g'ul hukmdorlari Najmiddin Kubroning shijoati, xalq orasidagi obro'-e'tibori, himoyadagi harakatlarini ko'rib, o'z yaqinlari va safdoshlaridan istaganlari olib o'zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi.
Vatan ozodligini o'z hayotidan ustun ko'rgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi tug' ko'tarib jangga kiradi va lashkarni olg'a boshlab borayotgan holatda shahid bo'ladi. U zot tug'ni shunchalar jon-jahdi bilan ushlagan ediki, dushman askarlari tug'ni uning qo'llarini kesgachgina olishga muvaffaq bo'ladi.
Aziz vatan posbonlari! Barchangizni yaqinlashib kelayotgan 14-Yanvar' — “Vatan himoyachilari kuni” bilan yana bir bor muborakbod etamiz!
Alloh taolo yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlayotgan, yurtdoshlarimizning tinchlik va xotirjaligi uchun tunu-kun xizmat qilayotgan siz azizlarni o'z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, halqimiz hayotini bunda-da farovon aylasin.
«Yahyoxon To'ra»
jome' masjidi imom xatibi:
Nurulloxon Domla Jamalov
Buxoro tumanida “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Imom Buxoriy” jome masjidida boshlangan muloqotlarda viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, diniy soha xodimlari, otinoyilar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida tuzilgan ishchi guruhlar hududdagi 6 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, xayrli amallar amalga oshirildi. Jumladan, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, bemorlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, nizoli va muammoli oilalar bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida bir nechta xonadonlarda yarashuvga erishildi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida masjid hovlisiga manzarali va mevali ko‘chatlar ekilgan bo‘lsa, “G‘uncha” bolalar bog‘chasiga uyushtirilgan tashrif jajji bolajonlarga haqiqiy bayram quvonchini ulashdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Naqshband.uz