Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Shayx Muhammad Najib Sirojiddin rahimahullohni Alloh taolo ko'zi va qulog'ida ya'ni, ko'rish va eshitishda ikrom qilgan. Hatto umrining oxirigacha bu a'zolari unga butkul xizmatda bo'lgan. Yuz yilga yaqin umr ko'rgan bo'lsalar, biron marta ko'zoynak taqishga yoki eshitishda muammo bo'lib, biron qo'shimcha moslamalarga ehtiyoj sezmaganlar. Balki bemalol qiyinchiliksiz o'qib, yozar edilar.
Dars berishni esa 94 yoshga etgunlariga qadar ham to'xtatmaganlar. Bu ham qachonki tizzalarining quvvati ketib, o'ta zaiflashib qolgandan keyin to'xtagan. Shuningdek, Alloh ikrom etgan ne'matlaridan hifz, xotira quvvati, Kitob va nabaviy Sunnatning nasslari (matnlari)da zobt sifatini («Zobt» so'zi lug'atda bir narsani mahkam ushlab qolishni ifoda etadi. Ulamolar istilohida esa, «Roviy o'zi rivoyat qilgan hadisni g'oyat mahkam ushlashi lozim» deganidir. Bu esa, ikki yo'l bilan hosil bo'ladi.
Birinchisi – xohlagan vaqtda hadisni aniq va ravshan, bir xilda aytib bera olishi kerak.
Ikkinchisi – hadisni turli kamchiliklardan saqlagan bo'lishi kerak) ato etgan edi. Qur'oni Karim va hadislardan hifz qilgan, darslarini silsila tarzida davomiy yuritgan, aslo to'xtatmagan edi. Hadislarni roviylarning bayoni, taxrijlari bilan keltirar, nabaviy hadis kitoblarini o'rganishga katta e'tibor, ihtimom ko'rsatgan edi. Hadis darslarini taqrir etishda keng bayon etganidan, ularni dalil hujjat sifatida keltirish maqomiga olib chiqardi.
Alloh taolo u zotga yana ato etgan, ikrom qilgan ne'matlaridan:
U zotga Alloh rost, sodiq farosat nasib etgandi. Biron so'rovchi ilmiy masalalar yoki irfoniy savollar ila yuzlanadigan bo'lsa, u zot so'rayotgan kishidagi maqsadni anglab olar, agar savol so'rayotgan sidqi niyat bilan murojaat qilayotgan bo'lsa unga javob berib, mukammal foydalantirar edi. Undan boshqacha bo'lsa, uni rad qilar, yolg'on yoki makr qilayotganini bilib tanbeh berar edi. U zot rahimahulloh, kuchli farosatlari bois kishiga qarab uni bilib olardilar.
Alloh taolo u zotga yana ato etgan, ikrom qilgan ne'matlaridan:
Alloh u zotga dars berishda, Kitob va sunnatda dalillarni bayon etgan holda ilmiy silsilaviy bahs va izlanishlarda kifoya qilarli tafsilotlar va qamrovli izohlar jihatidan quvvat ato etgandi.
U zot rahimahulloh darslari qanchalik uzoq davom etsada charchoq va malollanishni bilmasdilar.
U zotning o'zlari buni shunday izohlagan edilar: «Men ilmiy savol-masalalarni taqrir etish, o'rganishdan, diniy darslarni o'rgatishdan aslo charchamayman».
U zotning darslari bir soatu yigirma besh daqiqa davom etardi. Ahyonda bir yarim soatdan iborat bo'lardi. Umaviy Kabir jomeasidagi darslari bo'lsa yoz kunlari ikki yarim soatdan iborat bo'lardi. Bahslarining mavzusi Alloh taoloning muhabbati, Uning sifatlari, unga muhabbat qo'ygan muhiblarning ahvollari va odoblari haqida bo'lardi.
Eslatma: Shayx Muhammad Najib rohimahulloh Shomlik ulamolardan bo'lib, alloma Muhammad Avvoma hazratlarining ustozlari shayx Abdulloh Sirojiddin hazratlarining otalaridir.
Manba: arabic.uz
Tushlik vaqtida ust-boshi kir bo‘lgan odam tamaddixonaga ovqatlanish uchun kirib, qo‘l yuvish xonasini so‘radi. Uni bu ahvolda ko‘rgan xizmat ko‘rsatuvchining yuzi burishib, qo‘l yuvish xonasini ko‘rsatib yubordi. Qo‘lini yuvib bo‘lganidan keyin qayerga o‘tirsa bo‘lishini so‘radi. Xizmat ko‘rsatuvchi unga tashqaridan joy ko‘rsatdi. Shu payt bashang kiyingan boshqa bir odam kirib keldi. Uni ko‘rgan xizmat ko‘rsatuvchi darrov oldiga borib yaxshi joy qilib, nima ovqat yeyishini so‘radi.
Qisqasi, ikki odamga ikki xil muomala-munosabat ko‘rsatildi. Biriga deyarli xizmat ko‘rsatilmadi, boshqasi tavsiya qilingan taom yoqmagani uchun haq to‘lashdan bosh tortsa ham, indalmadi. Ish boshqaruvchi taom pulini o‘zimiz to‘laymiz, deb uni kuzatib qo‘ydi.
Birinchi bo‘lib kelgan odam taom pulini to‘lash uchun ichkariga kirganida boya bashang kiyingan kishiga xizmat ko‘rsatgan xizmatchini ish boshqaruvchi urishib, taom pulini oyligidan olib qolishini aytayotgani ustidan chiqdi. Ish boshqaruvchiga salom berib, har ikkala taomning pulini o‘zi to‘lashini aytdi. Xizmatchi unga xijolatona qarar ekan, odamning tashqi ko‘rinishiga qarab muomala qilish xato ekanini angladi.
Bunga o‘xshash holatlarni hozir tez-tez uchratib turamiz. Kim yaxshi avtoulov, yaxshi kiyim kiysa, unga nisbatan o‘ta yaxshi muomila qiladigan odamlar uchraydi. Holbuki, zohirgamas, botinga, amalga, tushunchaga, muomalaga qaragan inson adashmaydi.
Akbarshoh Rasulov