Alloh taolo odamzotni azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha'nini ulug'lab, er yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Insonning sha'niga, moliga, joniga nohaq tajovuz qilishni harom qilgan. Qur'oni karimda bunday deyiladi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik” (Isro surasi, 70-oyat).
Inson – hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e'zozga loyiq. Halqimizga xos xislatlar haqida gap ketsa, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Keksalarni ardoqlash, ko'makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo'yish qon-qonimizga singib ketgan fazilat. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm-shafqatda va kattalarimizga hurmat va izzatda bo'lmaganlar bizdan emas”, — dedilar. (Imom Termiziy). Ushbu muborak hadisi sharif o'zbek xalqining ongu-shuuriga singib ketgan, urfu-odatiga aylanib bo'lgan. O'sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy muhitini sog'lomlashtira olsak, insonning qadr va sha'niga bo'lgan hurmatning asosini mustahkamlagan bo'lamiz. Islomda insonning qadr-qimmati qalbining pokligi, undagi iymon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan o'lchanadi. Islom nazarida qalbi pok, iymonli inson dunyodagi barcha go'zal suratlardan go'zaldir, mo'min insonning solih amali dunyodagi barcha molu dunyodan ustundir. Alloh taolo insonni tashqi suratiga qarab emas, qalbining pokligiga qarab baholaydi. Alloh taolo insonni molu dunyosiga qarab emas, solih amaliga qarab taqdirlaydi. Inson qadrini o'lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina insonlar o'zlarining haqiqiy qadrlarini topadilar. Ana shunda har bir inson iloji boricha qalbini poklashga, solih amal qilishga intiladigan bo'ladi. Turli o'tkinchi hoyu-xavaslar, molu dunyoga hirs qo'yishlar o'z ahamiyatini yo'qotadi. Ana o'sha ilohiy, odil o'lchov tufayli qora tanli qul Bilol Habashiy inson zoti musharraf bo'lmagan sharafga, ya'ni Ka'bai Muazzama ustiga chiqib, ilohiy madhiya − azon aytishga erishdi.
Shuning uchun ham, inson qadr-qiymatini o'lchashni shariat o'z zimmasiga olgan. Shariat o'lchovi bo'yicha inson qadr-qiymati uning molu-puliga qarab emas, mansabiyu nasabiga qarab emas, taqvosi va ahli solihligiga qarab o'lchanadi.
Bir dona taqvodor, ahli solih kambag'al Islom dini nazarida er yuzi to'la boyyu-badavlat fosiqlardan ko'ra afzal.
Inson o'z qadrini bilishi uchun ma'rifat soxibi bo'lishi kerak. Inson o'z qadriga nomunosib ishni o'zgaga xam ravo ko'rmasligi va o'z qadriga noloyiq sharoitga rozi bo'lmasligi kerak. Qadrlasang qadr topasan, qadrlanasan, - deydi xalqimiz. Bu dunyoda o'zgalarni qadrlab va qadrlanib yashash barchamizga nasib qilsin.
Yangiyo'l tumanidagi Imom sulton jome masjidi imom xatibi
Odiljon Narzullayev
Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA