Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Insonni qadrlash – islomiy odob

26.11.2021   3686   3 min.
Insonni qadrlash – islomiy odob

 

Alloh taolo odamzotni azizu mukarram qilib yaratgan. Uning sha'nini ulug'lab, er yuzidagi barcha narsalarni uning manfaati uchun paydo qilgan. Insonning sha'niga, moliga, joniga nohaq tajovuz qilishni harom qilgan. Qur'oni karimda bunday deyiladi:

“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik” (Isro surasi, 70-oyat).

Inson – hayot gultoji. Uning qadri, hurmati har doim e'zozga loyiq. Halqimizga xos xislatlar haqida gap ketsa, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Keksalarni ardoqlash, ko'makka muhtojlarning hurmatini joyiga qo'yish qon-qonimizga singib ketgan fazilat. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm-shafqatda va kattalarimizga hurmat va izzatda bo'lmaganlar bizdan emas”, — dedilar. (Imom Termiziy). Ushbu muborak hadisi sharif o'zbek xalqining ongu-shuuriga singib ketgan, urfu-odatiga aylanib bo'lgan. O'sib kelayotgan yosh avlodni ma'naviy muhitini sog'lomlashtira olsak, insonning qadr va sha'niga bo'lgan hurmatning asosini mustahkamlagan bo'lamiz. Islomda insonning qadr-qimmati qalbining pokligi, undagi iymon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan o'lchanadi. Islom nazarida qalbi pok, iymonli inson dunyodagi barcha go'zal suratlardan go'zaldir, mo'min insonning solih amali dunyodagi barcha molu dunyodan ustundir. Alloh taolo insonni tashqi suratiga qarab emas, qalbining pokligiga qarab baholaydi. Alloh taolo insonni molu dunyosiga qarab emas, solih amaliga qarab taqdirlaydi. Inson qadrini o'lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina insonlar o'zlarining haqiqiy qadrlarini topadilar. Ana shunda har bir inson iloji boricha qalbini poklashga, solih amal qilishga intiladigan bo'ladi. Turli o'tkinchi hoyu-xavaslar, molu dunyoga hirs qo'yishlar o'z ahamiyatini yo'qotadi. Ana o'sha ilohiy, odil o'lchov tufayli qora tanli qul Bilol Habashiy inson zoti musharraf bo'lmagan sharafga, ya'ni Ka'bai Muazzama ustiga chiqib, ilohiy madhiya − azon aytishga erishdi.

Shuning uchun ham, inson qadr-qiymatini o'lchashni shariat o'z zimmasiga olgan. Shariat o'lchovi bo'yicha inson qadr-qiymati uning molu-puliga qarab emas, mansabiyu nasabiga qarab emas, taqvosi va ahli solihligiga qarab o'lchanadi.

Bir dona taqvodor, ahli solih kambag'al Islom dini nazarida er yuzi to'la boyyu-badavlat fosiqlardan ko'ra afzal.

Inson o'z qadrini bilishi uchun ma'rifat soxibi bo'lishi kerak. Inson o'z qadriga nomunosib ishni o'zgaga xam ravo ko'rmasligi va o'z qadriga noloyiq sharoitga rozi bo'lmasligi kerak. Qadrlasang qadr topasan, qadrlanasan, - deydi xalqimiz. Bu dunyoda o'zgalarni qadrlab va qadrlanib yashash barchamizga nasib qilsin.

 

Yangiyo'l tumanidagi Imom sulton jome masjidi imom xatibi

Odiljon Narzullayev

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Namozdan keyingi zikrlar qanday aytiladi?

16.07.2025   1035   2 min.
Namozdan keyingi zikrlar qanday aytiladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.

Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:

“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyrni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Shunga ko‘ra imom domla Subhanalloh, Alhamdulillah, Allohu akbar deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.