Ayni kunlarda nafaqat yurtimizning taniqli ulamolari Toshkent viloyatidagi masjidlarga tashrif buyurishib, o'zlarining go'zal mav'izalari bilan namozxonlarni yaxshilikka chaqirmoqda, shu bilan birga, mo'min-musulmonlar ham olimlarimizni hayratga solishyapti.
Hufton namoziga Zangiota tumanidagi “Imomi A'zam” jomesiga kelgan O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Ibrohimjon domla Inomov kunning so'nggi namozini jamoat bilan ado etgach, ma'ruzadan keyin yoshi ulug' bir otaxonning qilgan ajoyib ishidan hayratlanganini gapirib berdilar.
– Masjidga kirayotsam, – deydi Ibrohimjon domla, – 85 yoshlar chamasi bir otaxon hassasining uchini dastro'moli bilan artib, so'ngra Allohning uyiga qadam bosdi. Yurtimiz bo'ylab turli hududlarga boramiz, lekin bunday holatlar kam kuzatiladi. Chunki qalbi pok odam masjidni ham toza, ozoda saqlaydi. Tabarruk yoshli otaxonning bu go'zal xatti-harakati barchamizga ibrat bo'lishi kerak. Halkimizning taqvosi –- Hudodan qo'rqish fazilati eng oliy va beqiyos darajada. Bu tahsinga sazovor, albatta. Ana shunday jamoani shakllantirgan masjid imom-xatibi va xodimlariga tashakkur izhor qilaman.
Darhaqiqat, masjid Allohning uyi. Bu tabarruk maskanda avvalo surat va siyrat go'zal bo'lishi kerak. Shundagina ibodatlarimiz mukammal bo'ladi.




Hadisshunoslik ilmida ulug‘ darajaga ko‘tarilgan ajdodlarimiz merosi islom olamida hamisha qadrli sanaladi. Al-Buxoriy, Imom Muslim, Iso at-Termiziy va shu kabi boshqa ilm ahllarining ma’naviy va mantiqiy qarashlari zamonlar oshsa-da, yangi-yangi tadqiqotlarga asos bo‘lib kelmoqda. Shular ichidan “Hadis ilmida amir al-mo‘miniyn” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan Imom al-Buxoriy alohida e’tiborga molik olimdir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand viloyatining Payariq tumanida buyuk muhaddis bobomizning majmuasi u kishining islom olamida tutgan yuksak mavqei, salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. Darhaqiqat, mazkur majmua chin ma’noda nafaqat Samarqandning, balki yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qad rostladi.
– Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega, – dedi Imom Buxoriy majmuasi direktori Shahobiddin Arziqulov. – Maydoni 45 gektarni tashkil etuvchi majmuada 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. Shuningdek, to‘rt yulduzli, uch yulduzli mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari hamda avtoturargoh barpo etildi. Mazkur obyektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.
Darhaqiqat, islom tarixini, ma’rifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning nomlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
– Hadis ilmi haqida gap ketsa, avvalo zaminimizdan yetishib chiqqan ulamolar merosi yodimizga keladi, – dedi Imom Buxoriy jome masjidi imom noibi Muhammadshokir Nasriddinov. – Yoshligidan aql-idrokli, o‘tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo‘lib, turli ilm-fanlarni zo‘r qiziqish bilan egallagan Imom Buxoriy hazratlari o‘n yoshidan boshlab o‘z yurtidagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis to‘plamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan. 825 yili o‘n olti yashar al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga yo‘l oladi. Makka va Madinani ziyorat qilib, o‘z bilimini yanada oshirish maqsadida o‘sha paytda ilm-fanning yirik markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda yashaydi. Hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan ham ta’lim oladi, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi va dars ham beradi. Imom al-Buxoriy hayotining ko‘p qismi xorijiy ellarda, musofirchilikda o‘tadi.
U zotning “Sahihi Buxoriy” kitobi dunyoda tan olingan eng mo‘tabar oltita hadis kitobining biridir. Alloma bobomiz 20 dan ortiq asar yozganlar. Ular to hanuz dinu diyonatimizni mustahkamlash yo‘lida islom ummatiga xizmat qilib kelmoqda. Imom Buxoriy ma’naviy merosi e’tiqodda ulkan ma’noni aks ettiradi. Ul zotning buyuk izlanishlari, bilimi, kamoloti ziyoratchilar, jumladan, yoshlar uchun namuna bo‘lib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqub MЕLIBOYEV (video),
O‘zA