Markaziy Osiyoda tibbiyot fani ko‘hna va boy tarixga ega. Hozirgi O‘zbekiston hududida qadimdan keng ko‘lamda olib borilgan ilmiy va amaliy ishlar ko‘pgina xastaliklarni to‘g‘ri ajrata olish va ularni asosan xalq tabobati yordamida davolash imkonini bergan. Qadimda, ayniqsa, IX-XII asrlarda tibbiyot Sharqda, xususan, Markaziy Osiyoda ravnaq topdi. O‘sha davrda yunon tilidan sanskrit va qadimiy sharq tillariga o‘girilgan ko‘pgina tibbiy asarlar paydo bo‘ldi. Jumladan, Aristotel, Dioskorid va Galenning dorishunoslikka oid asarlari suryoniy va arab tiliga tarjima qilindi.
Islom hayotning boshqa sohalari qatori tib sohasini ham tartibga soldi, to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘lladi. Quyida o‘rganadigan hadisi shariflar ana o‘sha ulug‘ ishning ba’zi namunalari hisoblanadi. Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarida inson sog‘lig‘iga katta e’tibor berilgan. Agar bu ikki masdarda sog‘likni saqlash bo‘yicha kelgan ma’lumotlarni o‘rganadigan bo‘lsak, ulkan xazina topgan bo‘lamiz. Islomda sihat-salomatlik, tani sog‘lik Alloh taolo bandalariga bergan eng ulkan ne’matlardan biri hisoblanadi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ularda aldanib qolurlar. Ular sog‘lik va farog‘at”, deganlar. Ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ochiq-oydin qilib sog‘likning bandaga berilgan ne’mat ekanini aytmoqdalar.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom ibn Mojalar Abdulloh ibn Mexon al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam quyidagini aytganlar: “Kimning jasadi ofiyatda bo‘lsa, o‘z guruhida tinch-omon bo‘lsa va huzurida yegani rizqi bo‘lsa go‘yoki dunyoni qo‘lga kiritibdi”.
Inson uchun dunyoni qo‘lga kiritish yo‘lida zarur bo‘ladigan shartlardan eng avvalgisi salomatlik deb e’lon qilinishining o‘zi islomda tibbiyotga qanchalik e’tibor berilishini ko‘rsatib turibdi. Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni bandadan eng avval so‘raladigan ne’mat unga, sening jismingni sihatlik qilgan emasmidik, seni sovuq suv ila serob qilgan emasmidik deyilishidir» deganlar. Alloh taolo o‘z bandasiga bergan ne’matlar ichida eng ahamiyatlilaridan bo‘lgani uchun ham sog‘lik ne’mati haqida oxiratda birinchi bo‘lib so‘raladi. Shunday ekan, banda bu narsalarning qadriga yetmog‘i kerak. Ne’matni bergan zotga shukr qilmoq kerak. Ne’matning shukri esa uni beruvchi zotga maqtov so‘zlari aytish va ne’matni ne’mat buruvchini rozi qiladigan yo‘lda sarflash bilan bo‘ladi.
Sog‘lik-salomatlik ne’mati muhim bo‘lgani uchun ham payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam biz ummatlariga o‘sha ulug‘ ne’matni doimo Alloh taoloning o‘zidan so‘rab turishini amr etganlar. Imom Ahmad Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytilgan: “Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Hech bir kimsaga yaqiyndan keyin ofiyatchalik yaxshi narsa berilmagan”.
Yaqiynn mustahkam imondir. Demak, Alloh taolo bandalariga bergan ne’matlar ichida eng birinchi o‘rinda mustahkam imon tursa, undan keyingi ikkinchi o‘rinda sog‘lik turar ekan. Islom sog‘likni Alloh taolo bandaga bergan ulug‘ ne’mat ekanini, uning uchun banda shukr qilishi lozimligini ta’kidlash bilangina kifoyalanib qolmaydi. Islom sog‘likni saqlashning yo‘llarini ham bayon qilib beradi. Masalan, ular: tozalikka rioya qilish, sog‘likka zarar yetkazuvchi va atrofni iflos qiluvchi narsalardan qaytarish, badan tarbiya, sog‘likka zararli narsalarni harom qilish va boshqalardir.
Manbalar asosida Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi Muhammad Quddus Abdulmannon tayyorladi.
Insoniyat tarixida ayrim makonlar borki, ular faqat geografik nuqta emas, balki ruhiy tarbiya va ma’naviy uyg‘onish markazi hisoblanadi. Ana shunday muqaddas maskanlarning eng ulug‘i – Masjidul harom va uving qalbi bo‘lgan Ka’bai muazzamadir. Millionlab musulmonlar har yili turli millat, til va madaniyatdan qat’i nazar, bir maqsad – Alloh taoloning roziligiga erishish uchun ushbu muborak joyga yo‘l oladilar. Haj – Islomning beshinchi rukni bo‘lib, u oddiy sayohat yoki rasmiy marosim emas. Haj insonning qalbini poklaydigan, nafsini tarbiyalaydigan, uni yanada mas’uliyatli va taqvodor shaxsga aylantiradigan buyuk ibodatdir. Aslida, haqiqiy haj – insonning ichki dunyosini o‘zgartiruvchi hajdir.
Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi uy Bakkada (Makkada) muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lgan (Ka’ba)dir» (Oli Imron surasi, 96-oyat). Ushbu muborak oyat Ka’batullohning insoniyat tarixidagi yuksak o‘rnini ko‘rsatadi. U nafaqat musulmonlarning qiblasi, balki tavhid ramzi hamdir. Yer yuzida turli sivilizatsiyalar paydo bo‘lib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa-da, Ka’ba asrlar davomida insoniyatni yagona Robbga ibodat qilishga chaqirib kelmoqda.
Tarixiy manbalarda Ka’baning bir necha bor qayta ta’mirlangani zikr qilinadi. Odam alayhissalomdan tortib, Ibrohim va Ismoil alayhissalomlargacha, hatto Quraysh qabilasi va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular davrigacha uning qayta qurilgani haqida rivoyatlar keltirilgan. Bu holat Ka’baning insoniyat ongida nechog‘li muqaddas o‘rin tutishini anglatadi.
Ko‘pchilik hajni faqatgina farz amalini ado qilib qo‘yish deb tushunadi. Aslida esa haj – insonning axloqiy va ma’naviy kamolotini sinovdan o‘tkazadigan ulkan maktabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: «Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir» (Muttafaqun alayh). Lekin har qanday haj ham «mabrur» (qabul bo‘lgan) bo‘lavermaydi. Ulamolar mabrur hajni — xolis niyat bilan, halol moldan, gunoh, riyo va xo‘jako‘rsinlikdan uzoq holda ado etilgan ibodat deb ta’riflaydilar. Demak, hajdan maqsad faqat Ka’bani ko‘rish yoki el qatori «hoji» degan nom olish emas. Balki insonning ichki dunyosi o‘zgarishi, gunohlardan chin dildan tavba qilishi va hayotini yangi, pok bosqichdan boshlashi muhimdir.
Bilishimiz kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan biri — hajga ketishdan avval chin dunyodan tavba qilish va odamlar haqini ado etishdir. Zero, zimmasida qarzi yoki o‘zganing haqi bo‘lgan inson haj qilishdan avval ularni egalariga qaytarishi lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar: «Boy (qodir) kishining qarzini bermay paysalga solishi zulmdir» (Imom Buxoriy rivoyati). Afsuski, bugungi kunda ayrimlar hajni obro‘, tijorat yoki ijtimoiy maqom vositasiga aylantirib yubormoqda. Islom shariatida pora, tanish-bilishchilik yoki nohaq yo‘llar bilan hajga borish qattiq qoralanadi. Bunday yo‘llar ibodatning ruhiy mohiyatini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Islomda ibodatning qabul bo‘lishi uchun uning tashqi dabdabasi emas, balki ixlos, taqvo va halollik asos qilib olinadi.
Haqiqiy hoji hajdan qaytgach, uning xulqida, oilaviy va ijtimoiy hayotida ijobiy o‘zgarishlar sezilishi kerak. Ulug‘ tobein Hasan Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: «Mabrur haj — insonning hajdan dunyoga befarq (zohid), oxiratga esa rag‘batli holda qaytishidir». Agar inson tabarruk safardan qaytganidan keyin ham g‘iybat, takabburlik, manmanlik, tarozidan urish va nohaqlikni tark etmasa, u hajning haqiqiy mazmun-mohiyatini anglab yetmagan bo‘ladi. Haj musulmon kishiga sabrni, tartib-intizomni, kamtarlik va birodarlikni o‘rgatadi. Ehromga kirgan paytda boy bilan kambag‘al, rahbar bilan oddiy ishchi bir xil kiyimda, yonma-yon turadi. Bu esa insonlar o‘rtasidagi barcha sun’iy farqlarni yo‘qotib, Alloh huzuridagi haqiqiy tenglik g‘oyasini namoyon etadi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadni o‘payotib, tarixga muhrlangan ushbu so‘zlarni aytgan edilar: «Sen faqat bir toshsan, na foyda va na zarar yetkaza olasan. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam seni o‘pganlarini ko‘rmaganimda, seni aslo o‘pmas edim». Bu teran fikr Islomda ibodatlar faqatgina sof aqida va sunnatga asoslanishini ko‘rsatadi. Musulmon kishi Hajarul asvadni qandaydir sehrli kuch deb emas, balki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga bo‘lgan cheksiz muhabbat va ehtirom ramzi sifatida ziyorat qiladi.
Haj — musulmon ummatining eng buyuk ma’naviy qurultoyidir. U insonni tashqi jihatdan emas, balki ichki olamini tubdan o‘zgartirish uchun farz qilingan. Haqiqiy haj insonni kamtar, halol, mas’uliyatli va taqvodor qiladi. Bugun musulmon jamiyatimizda hajning faqat tashqi rasmiyatchiligiga emas, balki uning ma’naviy-ruhiy mohiyatiga ko‘proq e’tibor berishimiz zarur. Chunki Ka’bani shunchaki ko‘z bilan ko‘rishdan ham muhimrog‘i — qalb ko‘zini ochish va uni poklashdir. Haqiqiy mabrur haj esa insonni gunohlardan uzoqlashtirib, Yaratuvchisiga yaqinlashtiradi.
Jamol Mavlonov,
Buxoro shahridagi «Masjidi Kalon» jome masjidi imom-xatibi