Fazoga birinchi odam uchib borganiga 56 yil to‘ldi. Esingizdadir, bu voqea 1961 yilning 12 aprelida sodir bo‘lgan edi. O‘shandan boshlab bugunga qadar 500 dan ortiq odam kosmosga chiqdi.
Sho‘rolarning dahriyona tashviqotchilari fazogirlar qo‘lga kiritgan olamshumul yutuqni ham dinga qarshi qo‘yib, dinni taraqqiyotga yo‘l qo‘ymaydigan dogma sifatida talqin qildi. Biroq, musulmonlarning fazoning o‘zlashtirilishi bilan yolg‘iz Allohga bo‘lgan ishonchi o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik yo‘q.
Fazoning o‘zlashtirilishi insoniyatga Alloh taolo yaratgan olamning sirlarini va bunda insonning qanday o‘rni bor ekanini aniqlashga yordam beradi.
Insoniyatning ana shu buyuk kashfiyoti asrlar davomida ravnaq topib borgan ilm-fan va uning yordamida yaratilgan yangi texnologiyalarsiz amalga oshmas edi. Qur’oni karimda esa ilmiy bilimlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan, shuningdek, Payg‘ambar alayhissalomning ko‘plab hadisi shariflarida ham insonlar ilm o‘rganishga targ‘ib etilgan.
Fazoni teleskop vositasida kuzatgan kishi behad ulug‘vor kosmik bo‘shliqlar, sayyorlar, yulduzlar va galaktikaning hayratlanarli darajada tartib bilan harakatlanishini kuzatarkan, bu qadar xilma-xillik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaganiga iymon keltiradi.
Agar odam dunyo muammolaridan xalos bo‘lib tungi osmonga boqsa-da fazodagi bizdan millionlab yorug‘lik yili masofasidagi yulduzlar harakati jarayonini kuzatsa, uning ko‘rgan-kuzatganlari va zakovati uni iymonga chorlaydi.
Musulmon kishi har qayerda bo‘lsa ham namoz o‘qishi shart, bundan fazo ham mustasno emas.

Birinchi marta musulmon-fazogirlar uchun 2007 yilda “Xalqaro kosmik stansiyalarda musulmon an’analariga rioya qilish qo‘llanmasi” degan bayonnoma ishlab chiqildi. Risola malayziyalik 35 yoshli ortoped-vrach Shayx Muzaffar Shokirning orbitaga parvoz qilishidan oldin nashr etildi. U fazoga muqaddas Ramazon oyida ko‘tarilgan birinchi musulmon-fazogir edi.
Risolada orbitada ekan vaqtida diniy urf-odatlarni qanday bajarish, xususan, tahorat olish, ibodat uchun qiblani aniqlash, shuningdek, Ramazon oyida ro‘za tutish qonun-qoidalari ko‘rsatilgan.
Yer sayyorasi orbitasida uchib borayotgan odam Makka – qiblani qanday aniqlab olishi mumkin? degan savol tug‘iladi. Chunki havo kemasi soat o‘qi bo‘ylab harakatlanarkan, Yer yuzini bir yarim soat ichida to‘liq aylanib o‘tadi.
Bundan tashqari, musulmon kishi namozdan oldin tahorat olishi kerak. Suv esa fazoda oltindan qimmat va juda qat’iy me’yor asosida iste’mol qilinadi. Boz ustiga, vaznsizlik muammosi ham bor. Yerning tortish kuchi bo‘lmagani bois suv tanadan oqib ketmaydi. Shuning uchun ham tahorat olishning imkoni yo‘q. Ayni sababga ko‘ra g‘usl qilishning ham sira iloji yo‘q. Musulmonlarning yeguliklari ham halol mahsulotlar bo‘lmog‘i kerak.

Musulmonlarning orbitada o‘zini tutish qoidalari Malayziya milliy kosmik agentligi va Islom taraqqiyoti departamenti hamkorligida o‘tkazilgan ikki kunlik anjumanning yakuniy xulosalari natijasi o‘laroq qabul qilindi. Anjumanda 150 nafar diniy va astronavt olimlar ishtirok etdi.
Hammasi juda osonlik bilan yechimini topdi. Chunki Islom – insonlarning hayotini og‘ir sharoitlarda ham yengillashtiruvchi dindir. Masalan, yo‘lda borayotgan vaqtda namoz qisqartirib, qasr qilib o‘qiladi, bemor kishilar esa holiga qarab o‘tirib yoki yotib o‘qishi mumkin. Umuman, islomiy amallarning hammasi turli-tuman hayot sharoitlariga ajoyib tarzda mos holda joriy bo‘lgan.
Fazoda musulmonlar qulay islomiy sharoitda yashashi mumkin. Islom olimlari qaroriga muvofiq malayziyalik dasturchilar fazogirlarni navbatdagi namoz vaqti kirganidan xabardor qilib turadigan dastur yaratishdi. Shuning bilan birga maxsus navigatsiya qurilmasi Makkaning yo‘nalishini ko‘rsatib turadi.
“Kun va tun” tushunchasi bo‘lmagan fazoda namozning vaqti quyoshning chiqishi va botishga qarab harakatlanishi bo‘yicha aniqlanmaydi, balki 24 soatlik hayot me’yoriga qarab aniqlanadi. Bunda soat strelkasi uchish boshlangan mintaqa vaqti bilan hisoblanadi. Masalan, Baykonurdan ko‘tarilgan sun’iy yo‘ldosh Baykonurda uchish chog‘ida soat necha bo‘lganidan boshlab hisoblanib ketaveradi.
Bundan tashqari, musulmonlar kosmosda chog‘ida namozlarini qasr qilib va birlashtirib o‘qishi mumkin.

Vaznsizlik sharoitida namoz o‘qiyotganda, agar sajdaga borish chog‘ida yuzi bilan yiqilib tushish ehtimoli bo‘lsa, namoz bemor kishining namoziga o‘xshatib o‘tirgan holda yoki ishora bilan o‘qiladi.
Har bir kishining yuvinib-taranib olishi uchun bor-yo‘g‘i 4 litr suv olingani bois undan tahoratga orttirishning iloji yo‘q. Shu boisdan tahoratning muqobil varianti – tayammumdan foydalaniladi.
Cho‘chqa go‘shti va chirigan ozuqlarni yeyish musulmonlarga taqiqlangan. Shuning uchun musulmon-fazogirlar uchun halol mahsulotlar yerda hozirlanadi.
Fazoda Ramazon oyida ro‘za tutish juda ham oson ish. Musulmonlar tongdan shomgacha ro‘za tutadigan vaqtda aytib o‘tilganidan uchish nuqtasidan mo‘ljal olinadi. Malayziyalik fazogir Muzaffar ro‘zani shu tartibda tutgan edi.
Musulmon-fazogir tasodifan kosmosda vafot etib qolsa, uning mayiti Yerga olib kelinib dafn etiladi. Agar olib kelishning imkoni bo‘lmasa, imkoniyat darajasida yuvishga harakat qilinadi. Uning ham iloj bo‘lmasa tayammum qildiriladi va kosmosdagi bo‘shliqlar qa’riga tashlab yuboriladi. Yerda esa musulmonlar uning uchun janoza namozini o‘qiydilar.
Yunus alayhissalom baliqning oshqozonida Allohga abodat qilgan edi. Musulmon-fazogirlar esa fazoda ibodat qilmoqdalar.

Hozirga qadar 500dan ortiq kishi fazogir yoki sayyoh sifatida fazoga chiqdi, ulardan 60 nafari ayollardir.
Fazogirlar ro‘yxatida musulmonlar ham bor.
Saudiya shahzodasi Sulton ibn Salmon – 1985 yil fazoga uchgan birinchi musulmon. Discovery.
Faris Muhammad Ahmad – «Soyuz TM-3» («Soyuz TM-2») va “Mir” orbital ilmiy-tadqiqot kompleksining fazogir-tadqiqotchisi, podpolkovnik, suriyalik birinchi fazogir. 1987 yilning 22 iyulida fazoga uchgan.
Manarov Muso Xiromonovich – Dog‘iston. 1987 yilning 21 dekabridan 1988 yilning 21 dekabriga qadar «Mir» orbital kompleksining «Soyuz TM-4» kosmik kemasida bort injeneri vazifasida uchib keldi. Uchish muddati 365 kun-u 23 soat bo‘lib, bu – kosmosda ko‘p yurish bo‘yicha jahon rekordi edi. 1990 yilning 2 dekabrida yana fazoga yo‘l oladi. Bu safargir uchish vaqti 175 kun-u 2 soat edi.

Momand Abdul Ahad – Afg‘oniston. «Soyuz TM-6» va «Mir» orbital ilmiy-tadqiqot kompleksining fazogir-tadqiqotchisi. Afg‘oniston respublikasidan chiqqan birinchi va hozircha yagona bo‘lib turgan fazogir. Afg‘oniston harbiy havo kuchlari kapitani. Uchgan sanasi 1988.08.29.
Aybakirov Toktar Ongarbayevich – Qozoq millatidan chiqqan birinchi fazogir. Uchgan sanasi 1991.10.02.
Musaboyev Talgat Omonkeldiyevich – Rossiya. Uchgan sanasi 1994.07.01. Rossiya fazogirlarining 79-, dunyo fazogirlarining 309-si. Texnika fanlar doktori. RF qahramoni. Sharipov Solijan Shokirovich – Qirg‘izistonning Uzgan viloyatida o‘zbek oilasida tug‘ilib voyaga yetgan. Uchgan sanasi 1998.01.22.
Ansari Anusha – kelib chiqishi eronlik bo‘lgan amerikalik ayol. Uchgan sanasi 2006.09.18.
Shokir Shayx Muzaffar – Malayziya, Uchgan sanasi 2007.10.10.
Alloh taolo bu olamni insonning ehtiyoji uchun yaratdi. Shuningdek, U inson o‘z taqdirini o‘rgansin, ruhoniy va jismoniy quvvatini amalga joriy eta olsin deya turli jismlarni, harakatlarni yaratdi. Bizning burchimiz esa dunyoni anglab unda Robbimiz istaganidek yashamog‘imizdir.
Manbalar asosida Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
2026 yil 2 aprel kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov va bosh imom o‘rinbosari Abdulloh domla Yo‘ldoshev homiylarni jalb qilgan holda poytaxtimizdagi «Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga 80 million so‘mga yaqin kompyuter, planshet va boshqa maishiy texnika jihozlarini hadya qildilar.
https://t.me/MuslimShosh/39627