Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2026   |   1 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2026, 1 Zulhijja, 1447

Vatanga xizmat - oliy fazilat

14.01.2022   4493   7 min.
Vatanga xizmat - oliy  fazilat

      Tinchlik bebaho ne'mat. Uni saqlamoq, avaylamoq, kerak bo'lsa bu yo'lda jon fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Ta'kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir. Tinchlikning qadriga etib yashash kerak. Shu aziz Vatan barchamizniki ekan, uni avaylab-asrash ham barchamizning chin farzandlik burchimizdir.

   Darhaqiqat, tinchligimiz, osoyishtaligimiz, barakali mehnat qilishimiz, farzandlarimiz o'sib-ulg'ayishlari, komil inson bo'lib etishishlarida, shubhasiz Vatan himoyachilarining o'rni, shijoati va jangovar ruhi beqiyosdir. Yuragida Vatan va xalq sevgisi mustahkam joy olgan, shijoatli o'g'lonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlamoqdalar. Ularning bu bedorliklari naqadar savobli ish ekani haqida janob Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar. "Kechalari Allohdan qo'rqib yosh to'kkan ko'zni va Alloh yo'lida tunlari posbonlik qilib mijja qoqmagan ko'zni do'zax otashi kuydirmaydi".

   Vatan himoyachisi degani, eng sharafli va oliy kasb ekanligini yaxshi bilgan yigitlarimiz har tomonlama, jismoniy va ma'naviy jihatlardan loyiq bo'lishlikni yaxshi anglaydilar va shu sifat va xislatlarni egallashga harakat qiladilar, zero ular Vatan himoyasi xayot-mamot masalasi ekanini, ularning turish-turmushi, el-yurt taqdiri shu nuqtada tutashishini anglab etganlar. Ular avvalo o'z ota-onalarini, aka-ukalarini, opa-singillarini himoya qiladilar. O'zlari tug'ilgan shahar, qishloqlarni, qavmu-qarindoshlari, bir so'z bilan aytganda Ona-Vatanni qo'riqlamoqdalar.

   Tinchlikni mustahkamlash yo'lida har bir kishi o'z burchini sidqidildan, ixlos va e'tiqod ila bajarmog'i lozim. Aksincha, Vatan himoyasi yo'lida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o'ziga topshirilgan vazifani Alloh va insonlar huzuridagi ulug' mas'uliyat deb bilmog'i va harbiy qasamyodni, va'dalarini bajarishi muhimdir.

   Shuningdek, Vatan himoyasida faqat harbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fuqarolar - o'qituvchi yoki shifokor bo'ladimi, tadbirkor yoxud xizmatchi bo'ladimi, qayerda bo'lmasin o'z Vatanini himoya qilishi kerak. Himoya qilish deganda faqat qurol bilan emas, kerak bo'lsa so'z bilan g'animlarga raddiya berish bilan Vatanga tosh otuvchilar va ig'vogarlarga qarshi kurash yo'llari bilan inson o'z yurtini, millatini, xalqini himoya qilishi zarur. Bu ham iymoniy burchga kiradi.

 Ammo, Vatan himoyachisi bo'lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to'kilgan vatanni, shu mustaqil yurtni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash inson uchun go'yo o'z oilasini, sha'nini, nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilish kabidir.

 Dinimiz ta'limotlarida ona Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yo'lida jon bergan kishilarga shahidlik maqomi berilishi aytilgan Payg'ambarimiz (s.a.v.):"Molini, jonini, dinini, ahlini himoya qilish yo'lida halok bo'lgan kishi shahid maqomidadir", — deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Darhaqiqat, bunday kishiga shahidlik martabasi berilishi bejiz emas. Chunki u inson uchun eng aziz bo'lgan narsani himoya qilishga qasd qilgan. Aks holda, uning sha'ni va g'ururi toptalgan bo'lur edi.

  Halqning boshiga og'ir kun kelganda jonini saklash uchun uni tashlab qochish insoniylikka to'g'ri kelmasligi barchaga ma'lum. Halqimizda "O'zga yurtda shoh bo'lguncha o'z yurtingda gado bo'l" degan hikmatli so'z ham bor. O'z huzur halovatini o'ylab, o'zgalarni unutgan kishi hech qachon ona-Vataniga, xalqiga nisbatan sadoqatli bo'lolmaydi.

Hakimlar aytadilar: "Kishining vafodorligi uning o'z vatani uchun qayg'urishidan, birodarlarini sog'inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o'kinib yashashidan bilinadi". Insonning o'z xalqiga bo'lgan sadoqati va fidoyiligi vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo'lishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkoniyat darajada hissa qo'shishi bilan o'lchanadi.

  Ona Vatan himoyasi mavzusida so'z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug' yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo'lida qo'lida tig' ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog'ida yonib o'tgan Bobur Mirzolar ibrati beixtiyor ko'z oldimizga keladi.

  Buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temurning naqadar buyuk vatanparvar bo'lganliklarini tarix juda yaxshi biladi. Ulug'larimiz ta'kidlaganidek: "Millat g'amida yongan, uning istiqboli va istiqloli yo'lida fidokorlik ko'rsatib yashagan arbobni kelajak va tarix hech qachon unutmaydi. Amir Temur ana shunday tarixiy va unutilmas shaxsdir".

  Bizlar o'z farzandlarimizga ana shu ulug'lar yo'lini ularning ona Vatan himoyasi va manfaati yo'lida ko'rsatgan buyuk jasoratlari va sadoqatlarini anglatmog'imiz lozim. Shundagina ularning dilidan Vatanga muhabbat tuyg'ulari, yurtni tashqi kuchlar xurujidan hamisha himoya qilish hissi mustahkam o'rin oladi. Bu tuyg'ular naqadar ulug'ligi haqida xazrati Ali karramallohu vajhahu bunday degan edilar: "Ona Vatanni sevish tufayli dunyo obod bo'lur".

  Vatan himoyasi barchamizning muqaddas burchimiz! Aziz Yurtimizda istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar haqida so'zlasak, shuncha oz. Zero, mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochildi, emin-erkin toat-ibodat qilish imkoniyatiga ega bo'ldik, diniy-ma'naviy qadriyatlarimiz qaytadan xalqimizga qaytarildi. Iymon-e'tiqodimiz va ertangi kunga bo'lgan ishbyimiz mustahkamlandi. Shaharu-qishloqlarimiz ko'rkam va obod bo'ldi. Hayotimizga beqiyos ma'no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne'matlarning qadriga etish, ularga shukur qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir.

  Alloh taolo mustaqil Yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlayotgan Vatan himoyachilarini o'z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va halqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.

 

Odiljon NARZULLAYeV

Yangiyo'l tumani «Imom Sulton» jome masjidi Imom xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mazhabga ergashish zarurati

19.05.2026   1624   4 min.
Mazhabga ergashish zarurati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning davrlarida barcha musulmonlar o‘zlari bilmagan masalalarni Rasulullohdan so‘raganlar. Sahobai kiromlar davrida olim sahobalardan yosh sahobalar ta’lim olishdi. Shu zaylda, shar’iy ilmlarda ma’lum darajaga yetmagan kishilar muayyan ulamolarning yo‘llarini tutishlari an’anaga aylanib, fiqhiy mazhablar ko‘payib bordi. Chunki, Alloh taolo O‘zining kalomida bunday degan: “Bas, agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).

Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasidan to‘rt yirik mazhab: hanafiylik, molikiylik, shofeiylik va hanbaliylik ajralib chiqdi va ularning mazhablari musulmonlar ommasi tomonidan “fiqhiy mazhablar” deb e’tirof etildi.

Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Dalil sifatida quyidagi olimlarning so‘zlarini keltiramiz:

Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh o‘zlarining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida bunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlari haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi”.

Imom Badriddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida bunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor”.


Imom Samhudiy so‘zlarini davomida bunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:

“Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.


Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkada va Madinada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.

Yuqoridagi yetuk ulamolarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini ko‘plab keltirish mumkin. Bundan bizning yurtimizda faqatgina Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay amal qilib kelmoqdalar.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz o‘zlari ilmiy ko‘nikma hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar.

Mashhur ulamolarimizdan Doktor Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “Mazhabsizlik Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir” nomli kitobida hozirgi mazhabsizlarning voqeligini izohlab bunday deganlar: “Shubhasiz ular (ya’ni, mazhabsizlar)ning hammalari bevosita Qur’on va sunnatdan hukm olishni da’vo qiladilar. Ular o‘zini huddi sanad, dalillar va roviylarning bilimdoni va tadqiqotchisidek tutsada, aslida biz ana shu odamlarning orasida butunlay savodsizlarining ko‘p guvohi bo‘ldik”.

 

Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ergashishlari lozim va lobud.


Abdulatif Otajanov,
Yangiqo‘rg‘on tumani At-Termiziyjome masjidi imom-xatibi.

MAQOLA